MAQOLALAR Xiyori shart (tanlash sharti). 18 мая, 2023 0 115 Savdo vaqtida sotuvchi yoki xaridor «falon kungacha menga tanlash huquqini berasiz, shundan keyin savdoni tugatamiz» deb shart qo’ysa masalan, sotuvchi: «bu narsani hohlasam, falon kungacha savdoni buzaverishim sharti bilan sotaman», desa yoki haridor: «bu narsani o’n besh kun ichida hohlasam qaytarib berish sharti bilan sotib olaman», desa joiz. Buni “xiyori shart”, ya’ni “tanlash sharti” deyiladi. Sotuvchi va xaridor tanlash huquqini o’zlari hohlagan muddatgacha tayin qilishlari mumkin va muddat tayin qilinishi shart. Agar savdo vaqtida tanslash sharti qo’yilmasa, o’sha majlisdan so’ng tanlash huquqi berilmaydi. Agar savdoda tanlash huquqini haridor qo’ysa, bu «xiyori mushtari», ya’ni «xaridorning tanlash huquqi» deyiladi. Agar tanlash shartini sotuvchi qo’ysa «xiyori bay», yani «sotuvchining tanlash huquqi» deyiladi. Ikki tarafning bunday tanlash huquqlari quyidagi suratlarda nihoyasiga yetadi. 1. Til bilan ochiqchasiga tanlab bo’lganlarini aytsalar, ya’ni savdolariga tillari bilan roziliklarini bildirsalar, tanlash huquqlari nihoyasiga yetadi. 2. Xaridor tanlash imkonini olsa va tanlash imkoni bo’la turib, sotib olgan narsasini ishlatib yuborsa, uning tanlash huquqi nihoyasiga yetadi. 3. Tanlash huquqiga belgilangan muddat to’liq bo’lganda ham tanlash huquqi nihoyasiga yetadi. Sotuvchi yoki xaridor o’zi uchun belgilangan tanlash imkonidan foydalanib, savdoni bekor qilmoqchi bo’lsa, sherigini xabardor qilishi lozim. Sherigini xabardor qilmasa, savdolari bekor bo’lmaydi. Agar tanlash huquqi sotuvchida bo’lsa, sotilayotgan narsa o’sha vaqtgacha uning mulkidan chiqmaydi. Ammo tanlash huquqi xaridorda bo’lsa, uning sotilayotgan narsaga egaligi mavquf bo’lib, to’xtab turadi. «Muhtasar ul-viqoya» kitobi asosida tayyorlandi. Bilim yurti 4-kursi talabasi Rahimberdiyev Nurulloh.