МАҚОЛАЛАР Abu Mahzura Jumahiy 4 марта, 2024 0 481 Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladi: «Bir kishi kelib: “Yo Nabiyalloh, eng birinchi jannatga kim kiradi?” deb so‘radi. “Nabiylar”, deb javob qildilar. Haligi odam so‘rashda davom etdi: “Keyin kim?” “Shahidlar”, dedilar. “Keyin kim?” deb yana so‘radi. “Keyin Makkaning muazzinlari”, deb javob berdilar. “Keyin kim, yo Nabiyalloh?” deb so‘radi. “Baytul Maqdis muazzinlari”, deb aytdilar. “Keyin kim?” deb yana murojaat etdi. “Mana shu masjid muazzinlari”, deb javob qildilar. “Keyin kim?” deb so‘ragan edi: “So‘ngra amallariga ko‘ra boshqa muazzinlar”, deb marhamat qildilar» (“Tabaqotul kubro”). Hunayn g‘azoti mo‘minlarni larzaga soldi. Chunki Qur’oni karimda ularga itob kelgandi: “Alloh sizlarni ko‘p joylarda va (xususan) Hunayn kunida g‘olib etdi. O‘shanda (son jihatdan) ko‘pligingiz sizlarni mag‘rurlantirgan edi, ammo (bu) sizlardan biror narsani daf qila olmadi va o‘zining (shuncha) kengligi bilan yer (sizlarga) tanglik qilib qoldi. So‘ngra ortingizga chekindingiz” (Tavba surasi, 25-oyat). Nabiy alayhissalom Bilol ibn Raboh roziyallohu anhuga azon aytishni buyurdilar. Bilolning azoni barcha yerga eshitilardi. U larzaga tushgan ko‘ngillarga malham berdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va sahobalar namozga hozirlik ko‘rish uchun o‘rnidan turishdi. Mana shu yerda ajoyib hodisa ro‘y berdi. Daraxtlar ortidan Bilol roziyallohu anhuning aytayotgan azonini masxaralayotgan ovoz eshitila boshladi. Bu ovoz shundoq ham dillari vayron sahobalarning g‘amini yanada ko‘paytirdi. Hatto ba’zi sahobalar mana shu ahmoqning ta’zirini berishmoqchi bo‘lishdi. Ammo buyuk muallim – Muhammad sollallohu alayhi va sallam boshqacha fikrda edilar. U zot alayhissalomning yuzlarida tabassum balqdi. Bu holat esa ahmoqning ta’zirini bermoqchi bo‘lganlarni to‘xtatib qoldi. Masxaralayotgan ovozning yoqimliligi Nabiy alayhissalomni ajablantirardi. . Bu iste’dod sohibi daraxtlar orasidan ko‘rinmas edi. U shu topda musulmonlar va Islom shiori ustidan kulayotganini bilmasdi. Lekin Oliy va Qudratli Zot uni yuzaga olib chiqdi. Keling, ushbu voqeani batafsil so‘zlab berish uchun Abu Mahzurani tinglaymiz: «O‘shanda men bir necha do‘stlarim bilan Makka ko‘chalarida o‘ynab yurardik. Bir payt Nabiy alayhissalom Hunayn g‘azotidan qaytayoganlarini eshitib, ular keladigan tarafga bordik. Yaqinlashib qolishganda, dam olish uchun bir yerda to‘xtashdi. Birozdan so‘ng Bilol ibn Raboh roziyallohu anhu azon ayta boshladi. U vaqtlarda men Nabiy alayhissalomni xushlamasdim. Do‘stlarim bilan azonni masxaralab, bor ovozim bilan Bilol aytayotgan so‘zlarni qaytara boshladim. Payg‘ambarimiz alayhissalom bizni eshitib: “Azon chaqirayotganlarning orasidan juda go‘zal ovozni eshitdim”, dedilar. Keyin huzurlariga borishimiz uchun odam jo‘natdilar. Kelganimizda men va do‘stlarim qo‘rquvdan titrab turardik. U zot nurli chehralari ila yuzlandilar va: “Biroz avval qaysi biringizning ovozingiz azondan ham baland bo‘ldi?” deb so‘radilar. Do‘stlarimning barchasi menga ishora qilishdi. U zot alayhissalom: “Barchangiz ketishingiz mumkin. Faqat Abu Mahzura qolsin”, dedilar. Qattiq qo‘rqqanimdan yuragim qinidan chiqib ketayozdi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam menga tabassum qildilar, so‘ngra qo‘llari bilan peshonamni va ko‘ksimni siladilar. Mana shundan keyin mendagi qo‘rquv ketdi. Abu Mahzura so‘zida davom etadi: Nabiy alayhissalom: “Baytul Haramga borib azon ayt”, dedilar. Shaxsan o‘zlari menga azon lafzlarini aytib turdilar: “Allohu akbar, Allohu akbar, Ashhadu al laa ilaha illalloh. Ashhadu anna Muhammadar rasululloh.” Azonni tugatishim bilan u zot meni yana yonlariga chaqirdilar. Bir xaltacha kumush berdilar. Shu payt u zotga bo‘lgan nafratim o‘z-o‘zidan yo‘qolib, o‘rniga muhabbat paydo bo‘ldi. Bu voqeadan keyin men Makkada azon aytishga ruxsat so‘radim. Menga izn berdilar. Atob ibn Usaydning huzuriga bordim, u bilan Makkada galma-gal azon aytadigan bo‘ldim». Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Abu Mahzuraning boshini silaganlaridan keyin u sochini umuman olmadi. U: “Nabiy alayhissalomning muborak qo‘llari tekkan va baraka tilagan sochimni aslo olmasman”, derdi (“Usdul g‘oba”). Abu Mahzura yana bunday rivoyat qiladi: «Men: “Yo Rasululloh, azonning sunnatini o‘rgatsangiz”, deb murojaat qildim. Ular peshonamni silab, bunday dedilar: “Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar” – bu yerda ovozingni balandlatasan – keyin: “Ashhadu alla ilaha illalloh, Ashhadu alla ilaha illalloh, Ashhadu anna Muhammadar rosululloh, Ashhadu anna Muhammadar rosululloh”, buni ovozingni pastlatib aytasan. So‘ngra ovozingni shahodat bilan balandlatasan, “Hayya ‘ala solah, hayya ‘ala solah, hayya ‘alal falaah, hayya ‘alal falaah”dan keyin agar bomdod namozi bo‘lsa: “Assolatu xoyrum minan navm, Assolatu xoyrum minan navm, Allohu akbar, Allohu akbar, Laa ilaaha illalloh”, deb aytasan, deya ta’lim berdilar» (Imom Abu Dovud rivoyati). Shu-shu Abu Mahzura muazzinlik vazifasida qoldi. Hatto Payg‘ambarimiz alayhissalom vafotlaridan keyin ham o‘z ishini davom ettirdi. Kunlarning birida Umar roziyallohu anhu Dorun Nadvaga keldi. So‘ngra Abu Mahzura azon aytdi. Shunda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu kelib: “Ovozing qanday ham yaxshi va baland. Lekin ovozingni balandlatganingda qovug‘ing yorilib ketishidan qo‘rqmaysanmi?” dedi. Abu Mahzura: “Ey mo‘minlar amiri, ovozimni eshitishingizni xohladim”, dedi. U zot roziyallohu anhu: “Ey Abu Mahzura, sen issiq o‘lkadasan. Namozni sovitgin (ya’ni: “Kunning qoq o‘rtasida emas, balki kun sal og‘ganda o‘qigin”. (Bu – peshin namozi haqida)), so‘ngra azon ayt va meni huzuringda topasan”, dedi» (“Siyarul a’lamin nubalo”). . Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi: Sayyidafzalxon domla Zikriyayev tayyorladi.