BAYRAM QILISHIMIZ SABABINI BILASIZMI?

0
315

Alloh taolo bandalarga dunyoda uchta bayram ato qilgan. Ulardan biri har haftada nishonlanadigan juma kuni bo’lsa, qolgan ikkitasi yilda bir marotabadan nishonlanadigan ramazon va qurbon hayiti kunlaridir.

Bu kunlarni bayram tariqasida belgilanishidagi hikmatni ulamolar quydagicha bayon qiladilar:

Juma kuni – banda hafta ichidagi namozlarni mukammal ado etgani uchun xursandchilik tariqasida juma kuni bayram qilindi.

Iydi ramazon – musulmonlar islomning to’rtinchi rukni bo’lgan ramazon oyi ro’zasini to’la-to’kis ado qilib, bu oyda Robbilaridan gunohlarini kechirishini, jahannamdan ozod qilishini so’raydilar. Ularning duolari ijobat bo’ladi. Chunki bu ramazonning natijasidir. Shu sabab Alloh taolo ramazondan keyinoq bayram joriy qilib, bu kunda  iyd namozi va fitr sadaqasini tayin etdi. Shu kunda ro’zadorlar ajrlarini to’lig’icha oladilar, Robbilaridan mag’firat umid qiladilar.

Iydul-uzho – bu yuqoridagi bayramlardan ulug’ va afzaldir. Sababi, zulhijjaning to’qqizinchi kuni musulmonlar islomning beshinchi rukni bo’lgan haj ibodatini mukammal ado qiladilar. Chunki Arafotda turish hajning eng asosiy ruknidir. Arafa kuni jahannamdan ozod etiladigan kun bo’lib, Alloh taolo shu kunda Arafotda turgan hojilar bilan birga turli shaharlardagi musulmonlarni jahannamdan ozod qiladi. Shuning uchun Alloh taolo keyingi kunni barcha musulmonlarga – Arafotda hozir bo’lgan va bo’lmaganlarning hammasiga, jahannamdan ozod bo’lish va mag’firatda sherik bo’lganlari uchun bayram qilib belgiladi. Bunday ulug’ ne’matga shukronalik qilish uchun bayram kunida iyd namozini o’qish va jonliq so’yishga buyurdi. Xuddi Rosululloh(s.a.v.)ga Kavsarni ato qilgani uchun namoz o’qish va qurbonlikka buyurgani kabi.

Demak, bu kunlarning hammasi bandalar ulug’ Robbilari buyurgan toatlarini chiroyli ado qilgan hamda Mavlolari tomonidan bu itoat barobariga ulkan ajr va savoblar berilgan payt bayram qilib nishonlanadi.

 

«Fathul mulhim» kitobidan

Bilim yurti mudarrisi
Nodirbek Jamolov tarjimasi

Load More In МАҚОЛАЛАР