МАҚОЛАЛАР Diniy bag’rikenglikning jamiyatda tutgan o’rni. 16 ноября, 2019 0 1,219 Jahon dinlari ichida eng yoshi hisoblanmish Islom dinida tinchlik va osoyishtalikka e’tibor kuchli, shuningdek, bag’rikenglik uning negizi hisoblanadi. Islom dini – hayot falsafasi. U jamiyat a’zolarini yuksak insoniy fazilatlar sohibi qilib tarbiyalaydi. Insonparvarlik, xalqparvarlik, adolat, halollik, boshqa dinlarga ehtirom, oliyjanob axloqni targ’ib etadi. Islom dini kibrni qoralaydi, qabilachilik va xurofotlarga keskin qarshi chiqadi, irsiy birodarlik o’rniga insoniy birodarlik jamoasi bo’lmish “ummat” tushunchasining kiritilishi ham aynan Islom dinining insoniyatga sharaf tojini kiydirganidan dalolatdir. Islom dini haqiqiy bag’rikenglik va mehr-muhabbat dinidir. U o’zining ilk davridayoq tinchlikparvarlik dini sifatida namoyon bo’lib, o’zidan oldingi dinlarga hech qanday tazyiq o’tkazmadi. Islom birinchi kunlardanoq barcha samoviy dinlar bir manba, bir buloqdan suv ichishini ta’kidlab keladi.Uning ta’limotiga binoan barcha payg’ambarlar birodardirlar, ilohiy diyonatlarning barcha ibodatxonalari himoya va mudofaa qilinishi kerak, dinlardagi ixtiloflar qotillik va adovatlarga sabab bo’lmasligi, yaxshilik va silayi rahmdan to’smasligi lozim. Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) shunday deydilar: “Kimki ahli zimmaga biror zaxmat yetkazsa, Qiyomat kuni meni o’zining dushmani sifatida ko’radi”. Bag’rikenglik bu – o’zaro bir-birini tushunish va hurmat qilish, tushunmovchilik holatida yumshoq muomalada bo’lishdir, tajovuzga to’g’ridan-to’g’ri yo’l ochib berish emas. Bag’rikenglik deyarli barcha tillarda bir xil yoki bir-birini to’ldiruvchi mazmunga ega. Bunda, jumladan, insonlarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, barcha kishilar va alohida shaxslarga bir xil muomala va teng imkoniyatlarni ta’minlaydigan adolatli qonunchilik chora-tadbirlarini ishlab chiqilishi nazarda tutiladi. O’rta asr jamiyatida keskin ijtimoiy tabaqalanishning paydo bo’lishi, qashshoqlikning kuchayishi, nochorlar, yordamga muhtoj kishilar soni o’sib borishi keskinlik va toqatsizlik qarashlarining kuchayishiga olib keldi. Umuman olganda, ijtimoiy tengsizlik, o’zaro qatlam va guruh vakillariga nisbatan bepisandlik va past nazar bilan qarash salbiy muammolarga olib keldi. Ayni shunday vaziyatda o’rta osiyolik, xususan, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkirlarning bag’rikenglik va millatlararo totuvlik borasdagi xizmatlari beqiyos bo’lgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi hadis olimlari, Shamsul-aimma Saraxsiy, Abu Bakr Kosoniy kabi fiqh olimlari, Abu Nasr Farobiy, Abu Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug’bek kabi yirik allomalar ilmiy ishlarida o’z ijodlari, bag’rikenglik, tinch-totuv hayot g’oyalarini ilgari surganlar, insonlarning tabaqalashga bo’linib, bir-biriga bepisand nazar bilan qarashlarini qoralaganlar, ushbu mavzuda ijtimoiy-falsafiy fikr-qarashlarini namoyon qilganlar. Islom dini asrlar davomida bag’rikenglik va tinchlikni targ’ib etib, boshqa millat va e’tiqod vakillari bilan yaxshi munosabatda bo’lishga chaqirib kelmoqda. Islom dinining aqidaviy masalalari bo’yicha yurtimizdan chiqqan buyuk olim Abu Mansur al-Moturidiy o’z davridagi ekstremistik ruhdagi kishilar yo’liga mutaassibona yopishib olgan firqa va guruhlarga sof islomiy aqida bilan juda ham go’zal tarzda raddiyalar bergan. Adashgan yo’lini haq deb turib olib, boshqa xalqlar urf-odatlarini, an’ana va qadriyatlarini poymol qilishgacha boradiganlarga Islom dini qarshi ekanligini isbotlagan. Chunki dinimizda bunga yetarli asoslar bor. Bunga Qur’oni karimdagi bir necha oyatlar misol bo’la oladi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Agar sizdan chetlansalar va siz bilan urushmasdan, tinchlikni taklif qilsalar, Alloh sizlarga ularning ziddiga yo’l bermas” (Niso surasi, 90-oyat). “Robbingning yo’liga hikmat va yaxshi mav’iza ila da’vat qil. Va ular ila go’zal uslubda mujodala et. Albatta, Robbing O’z yo’lidan adashganlarni o’ta bilguvchi va hidoyat topguvchilarni ham o’ta bilguvchidir” (Nahl surasi, 125-oyat). “Ey iymon keltirganlar! Sabr qiling. Sabr ila g’olib keling. Kurashga bel bog’lab turing. Allohga taqvo qiling. Shoyadki yutuqqa erishsangiz” (Oli-Imron surasi, 200-oyat). Umuman olganda, Qur’oni karimdagi yuzlab oyatlarda musulmonlar mo’min-qobillik, tinchlikparvarlik va boshqa e’tiqod vakillariga nisbatan bag’rikenglikka da’vat etilganlar. Andijon “Sayyid Muhyiddin maxdum” o’rta maxsus islom bilim yurti 4-kurs talabasi A.Jalolxonov