МАҚОЛАЛАР DUNYOVIY ILMLAR QANDAY QILIB SIZNI ALLOH TOMON YETAKLASHI MUMKIN? 26 февраля, 2021 0 2,176 Barchamizga ayonki, Islom dinida ilm olishga katta e’tibor qaratiladi va bu ulkan sharafdir! Ammo, ba’zida, ayniqsa, dunyoviy muhitda yashab turgan holimizda, ilm olishimiz haqiqatdan ham ibodatning bir shakli ekanligini his eta olishimiz juda ham qiyin kechadi. Ho’sh, dunyoviy ilmlar bizni Xoliq tomon yetaklashi uchun, ularga qanday munosabatda bo’lishimiz kerak? Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kim ilm izlab yo’lga chiqsa, Alloh unga Jannat yo’lini oson qilib qo’yadi”,- deya marhamat qildilar. (Imom Muslim). O’sha paytlarda ilm izlash haqiqattan ham uzoq va qiyin yo’l bo’lib, ko’pincha odamlarni o’z vatanini tark etishga majbur etardi. Hozirgi kunga kelib, biz ilm yo’lidagi “qiyinchiliklar”ni boshqa turini boshdan kechiryapmiz. Dunyoviy bilimlarning bari, ko’pincha bizni Allohga yaqinlashtira olmayotgandek, aksincha “diniy” va “dunyoviy” bilimlar atamalari kundan-kunga ajralib chiqayotgandek ko’rinadi va bu bizni go’yoki boshi berk ko’chaga olib kirib qo’yadi-da tanlov borasida ikkilanib qolamiz. Bunday hollarda, qanday qilib ilm olish, hattoki dunyoviy ilmlar orqali ham Alloh taologa muqarrab bo’lish mumkinligini bilishimiz, har ikki ilmlarni ham birdek olib ketishimiz mumkin bo’ladi? Avvalo “Dunyoviy” ilmlarni o’rganish, hanuz Alloh azza va jalla bilan bog’liq ekanini unutmang! Bizlarda ilm- “islomiy” va “dunyoviy” bo’ladi degan tushuncha shakllanib qolgan. Alloh taoloning o’zi osmonlar-u yerni biz uchun yaratgan bo’lsa-yu, endi biz bularni o’rganib, ular orqali Yaratguvchining sifatlarini yaqindan tanishga urinsak, maxluqotlarining ajoyibotlari borasida tafakkur qilsak, mana shularning o’zi ham Xoliq bilan aloqador emasmi? Masalan, inson tabiatshunoslik fanlarni o’rganish orqali, Alloh taoloning yaratilmishlar borasidagi nozil qilgan oyat-mo’jizalari haqida bilimga ega bo’lish uchun Qur’on ko’rsatmasiga amal qiladi va shu bilan Allohning cheksiz ulug’vorligi va qudratiga qoyil qoladi va ehtirom bilan bu oyatlar uning qalbiga chuqurroq singib ketadi. Huquq yoki biznesni o’rganish ummatga va umuman olganda, barcha odamlarga katta foyda keltirishga, shu bilan birga Allohning yaratilmishlar uchun samimiy xizmat qilishga ham xizmat qiladi. Shunday qilib, inson hatto dunyoviy ilmlari ham ummat uchun katta manfaat keltirib, Robbning roziligi tomon yetaklashi mumkin ekanligini bilishi lozim. Niyatingizni yangilang. Allohning roziligini istab ilm olishga qat’iy qaror qiling. Islom dini nuqtai nazaridan ilm olishning qanchalik ulug’ martaba ekanligini his eting va hadislarda ilm izlashning fazllariga ishora qiluvchi mo’tabar manbalarga bir nazar soling. Niyatingizni har bir ish oldidan yangilab oling. Doimiy ravishda, duo qiling. Bu sizga olayotgan ilmlaringiz o’zingiz uchun ham, ummat uchun ham manfaatli bo’lishiga hizmat qiladi. Shunday duo qiling: “ Ya Alloh, menga o’rgatgan narsalaringni men uchun manfaatli qil va menga naf beradigan ilmlarni o’rgat”. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy alayhissalom: “Allohdan manfaatli ilm so’rang va foydasiz ilmdan Allohdan panoh tilang”,- dedilar. Bundan tashqari, Ummu Salama(r.a) dan rivoyat qilinadiki, har qachoniki Rasululloh sallollohu alayhi vasallam namozdan forig’ bo’lib, salom bergach shunday der edilar: “Ey Allohim, Sendan manfaatli ilm, pokiza rizq va qabul qilinadigan amal so’rayman”. (Sunani ibn Moja). Sizga tom ma’noda ibrat bo’la oladigan tarixga nazar soling. O’zingiz uchun eng yaxshi o’rnak bo’la oladigan islom ulamolarining hayotiga ko’z yugurtiring. Butun dunyo jaholat botqog’i uzra suzib yurgan paytlarda, aynan islom o’zining zabardast ulamolari bilan dunyoni jaholat botqog’idan olib chiqdi, ularga falsafa, tib, riyoziyot, axloq, poklik va boshqa sohalarda ham chuqur ta’lim berdi. Aynan ular, dunyoning birinchi kashfiyotchilaridan bo’lishdi. Zamonaviy tibbiyotning otasi bo’lgan Ibn Sino, birinchi nazariy-fizik al-Xaysam yoki algebra fanining asoschisi al-Xorazmiy kabi olimlar haqida o’qing. Ularning Allohga bo’lgan muhabbbati, ularni ilm olishga undagani haqidagi o’ylar sizni tafakkur etishga chorlasin. Siz musulmon sifatida shuni biling-ki, qachonki siz ularning izidan yurib, ularning yo’lini davom ettirar ekansiz Islom yana bir bor ilm-ma’rifatning “ota”si sifatida dunyo taraqqiyotida yetakchi bo’lib turadi. Nabiy alayhissalom ilmni “hammaga ham birdek berilavermaydigan ulug’ ne’mat”, deya ataganlar. Sizni ilmni yetkazuvchisi qilib qo’ygan Allohning bu ne’matini, Uning sizga buyuk iltifoti va keng in’omi deya qarang. Sizga ozchilikkagina beriladigan ulug’ martabani taqdim etdi. Ilmlarni dunyoviy va diniyga ajratib ummat uchun manfaatli bo’lgan ilm yo’lini to’sib qo’ymang. Axir, Nabiy alayhissalom: “ Ilmni Chinda(Xitoyda) bo’lsa ham o’rganinglar”, deya bejizga aytmaganlar. Axir Chindan diniy ilmni o’rganmaymizku, demak hadisda dunyoviy ilmlarni ham o’rganishga targ’ib qilingan. Yoki boshqa rivoyatda kelgan: “Hikmat mo’minning yo’qotgan narsasi, qayerda topsa, olib ketaveradi” hadisi ham bejizga aytilgan deb o’ylaymizmi? Yoki hikmat izlashda ham diniy va dunyoviy deya ajratib, ummat foydasi uchun xizmat qiladigan ko’p manfaatli ilmlardan bebahra qolamizmi? Yo’q, aslo unday emas! Ilm qanchalik ko’paygan sari shunchalik xokisorlik va Allohga shukronalik lozim bo’ladi. Ko’pincha bilimlarning ko’payib borishi, faqat inson mehnatining samarasi deya qaraladi. Aslidachi? Ilm-fan va texnologiyalarning barcha sohalarida odamlar “…Uning ilmidan hech narsani ihota qila olmaslar, magar O’zi xohlaganini, xolos” (Baqara surasi, 255-oyat). Faqatgina Allohning o’zigina ilm olish qobiliyatini beradi va insoniyat o’ziga ma’lum bo’lgan barcha narsani faqat Xoliq irodasi bilangina biladi. Shunday ekan, sizga ilm olish imkoniyatini bergani uchun xokisor bo’ling va Allohga hamd ayting. Insonning imkoniyatlari nihoyatda cheklangan ekanligi, Allohning iznisiz biror narsaga ega bo’la olmasligi borasida aql yuriting, chunki Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ey odamlar, Bir masal aytilmish, bas, unga quloq soling! Albatta, sizlar Allohni qo’yib, topinayotgan narsalaringiz, agar barchalari birlashsalar ham, bitta pashsha yarata olmaslar. Va agar pashsha ulardan biron narsani tortib olsa, undan o’shani qutqarib olmaslar. Talab qiluvchi ham, talab qilingan ham ojiz bo’ldi”. (Hajj surasi, 73-oyat). Ushbu oyat, bizning nazdimizda katta ko’ringan ilmlarimiz, Allohning cheksiz ilmi oldida dengizdan bir tomchi ham emas ekanligiga go’zal na’munadir. Biz hatto Ul Zotning ilmi chegarasini ham tasavvur eta olmaymiz. Chunki U Zot barcha narsaning Yaratuvchisi, osmonlar-u yerning ular orasidagi jamiki maxluqotlarning Xoliqidir. Uning ilmi barcha narsani qamrab olgan, Uning ilmida sarhad bo’lmagan podsholar-podshohi Al-Aliym bo’lgan Zotdir. Shu narsalarni doim yodingizda tuting va o’rganayotgan ilmlaringiz sizda faqat xokisorlikni paydo qilsin va Alloh taologa bo’lgan ehtiromingizni ziyoda qilsin. Chunki U Zotning ilmi chegara bilmas darajada buyukdir. Ilmingizdan yaxshilik yo’lida foydalaning va o’zgalar uchun doim yordam qo’lini cho’zing, bilim-tajribalaringizni boshqalar bilan baham ko’ring: saboq bering, kitob yozing, toingki sizdan keyin o’zingiz uchun bu sadaqai joriya bo’lib qolsin. Qo’lingizdan kelganicha insonlarning manfaati yo’lida Alloh taoloning roziligini ko’zlab mustaqim turing. Biz u yoki bu ilmlarni faqat Allohning rahmati va irodasi bilan olishimiz mumkin ekanini doim yodingizda saqlang. Shunday ekan, Uning fazlini ilm talab qilishdan izlang va boshqalarga ham uni ko’rishga yordam bering. Mana shu, Alloh sizga topshirgan vazifangizdir. Yaratilmishga xizmat qilish, unga yordam berish Yaratmishga itoat etish va Uning roziligini istash demakdir. Shuningdek, hayotingiz davomida doimiy tahorat bilan yurish va ilm tahsili yo’lida niyat pokligini saqlashga e’tibor qaratishni yodingizdan chiqarmang. Alloh taolo o’qishlarimizga muvaffaqqiyatlar ato etsin va ularni O’ziga yaqinlashtirish vositasi etsin. Alloh taoloning yerdagi o’rinbosari o’laroq O‘zining roziligiga muvofiq, ummat uchun manfaatli va davomiy amallarga muvaffaq qilsin! Productive Muslim manbasi asosida “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti 2-bosqich talabasi Husayn Yodgorov tayyorladi.