Fitnadan ehtiyot bo’laylik

0
145

Barchalarimiz Alloh taolo bergan behisob ne’matlariga shukr qilgan holda bir-birlarimizga o‘zaro nasihat qilish, ilm va dinda taqvosi bilan mashhur ulamolarimiz aytgan pandu-nasihatlariga amal qilib borishimiz lozim bo‘ladi. O‘rtalarimizda amri ma’ruf, nahiy munkar, musibatlarga sabr qilish, ahli sunna va jamoa bilan bir safda bo‘lish, bir-birimizga mehr-shafqat, ruhida yashamog‘imiz darkor. Dunyo va dindagi fitna, aldov, yolg‘on, tuhmat, hasad kabi illat va gunohlardan  hamisha saqlanishimiz zarurdir. Alloh taboraka va taolo biz musulmonlarga xitob qilib bunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Allohdan chinakam qo‘rquv bilan qo‘rqingiz va musulmon bo‘lmay dunyodan o‘tmangiz! Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onni) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. (Oli Imron surasi 102-oyat)

Har bir musulmon turli fitna, fasod ishlardan, buzg‘unchilik, dinda fitnaga tushish, xususan bir jamiyatda yashovchi insonlar o‘rtasiga tafriqa solish, buzg‘unchi fikr va botil g‘oyalarni tarqatish kabi noshar’iy amallardan ehtiyot bo‘lishi zarur. Mamlakatimizning hududida yashovchi barcha xalqlar bilan tinch-totuv yashashga intilishimiz, oila, farzand tarbiyasida muhim bo‘lgan odob-axloqqa rioya etishimiz kerak. Shuning uchun ham Alloh taolo barchalarimizni turli fitnalardan va fitnachilardan doimo ehtiyot bo‘lishimizga chorlab o‘zining Kalomida bunday amr etadi: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir”. (Anfal surasi 25-oyat)

Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Alloh taoloning nomi bilan ummatlarini fitna va ularning yomonligidan, gumrohlikdan panoh tilashga yo‘llaganlar. Shu boisdan ham ba’zi o‘tgan solih ulamolarimiz shunday duo qilishar ekan:

“Ey Alloh! Dindan qaytishlik yoki fitnaga mubtalo bo‘lib qolishimizda sendan  panoh tilaymiz”( Imom Buxoriy) .

Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam ummatlarini zamonlar o‘tishi bilan boshlariga keladigan fitnalardan ogohlantirib, nimaga amal qilishlari haqida xabar berganlar: “Uxlab yotgan fitnani uyg‘otgan va qo‘zg‘otgan kishini Alloh la’natlasin!”

Yuqoridagilardan xulosa chiqarib aytamizki yoshlarimizga, farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berganda, nasihat qilib, o‘rgatganda Vatanga muhabbat ota-ona, oilasiga, milliy qadriyatlarga, ular yugurib o‘sgan tuproq, otasi ekkan va u bilan birga ulg‘aygan daraxt, onasi tebratgan beshikka bo‘lgan muhabbat ekanligini uqtirishimiz zarur. Alloh taolo barchalarimizni o’z hidoyatida bardavom qilsin.

 

Andijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi: Muhammad Yahyo domla Maxmudov tayyorladi.

Load More In МАҚОЛАЛАР