HALOLNI TALAB QILISH VA TAQVONING DARAJALARI(2-qism)

0
22

Taomning halol bo’lishi qalbni poklash, uni nurafshon qilish va ma’rifat nurlarini qabul qilish uchun hozirlashda katta fazilatdir. Lekin taqvoning to’rt darajasi bo’lib, inson uni yaxshilab tushunib, anglab olmog’i lozim bo’ladi.

Birinchisi, fuqaholar harom deb fatvo bergan narsalardan saqalanish. Inson bu yo’lda ehtiyotkor bo’lmasa, fosiq bo’ladi va adolat unda yuz o’giradi.

Ikkinchisi, solih insonlarning taqvolari. Bunda inson harom aralashib qolishi ehtimollari bo’lgan narsalardan, agarchi muftiy zohiriga qarab “halol” deb fatvo bergan bo’lsada saqlanadi. Bu borada Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: “Seni shubhalantiradigan narsani shubhalantirmaydigani(yo‘li)da  tark qilgin”, deganlar. (Ahmad, Nasoiy, Ibn Hibbon va Termiziylar rivoyat qilganlar).

Uchinchisi, muttaqiylarning taqvolari. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Banda zarar beradigan narsalardan saqlanib zarar bermaydiganlarning ortiqchasini tark qilmaguncha muttaqiylar darajasiga yeta olmaydi”. (Termiziy, Hokim va Ibn Hibbonlar rivoyati). Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Haromga aralashib qolishdan qo’rqib, halol bo’lgan o’n narsadan to’qqiztasini tark qilar edik”. Shunga ko’ra ba’zi muttaqiy bandalar yuz tangaga haqli bo’lsalar, to’qson to’qqiztasiga kifoyalanib, birini moli ziyoda bo’lishidan qo’rqib, o’zi bilan do’zaxning o’rtasiga parda qilar edilar.

Ba’zilari o’zlarining haqlarini birgina boshoqqa bo’lsa ham kamaytirib olar va berayotganda esa birgina boshoqqa bo’lsa ham ko’paytirib berardilar. Shuning uchun Umar ibn Abdulaziz rohmatullohi alayh oldida tortilayotgan baytul molni hushbo’yligini hidlashdan hazar qilib, burunlarini ushlab olardilar va aytardilarki: “Uning hididan boshqasi foyda berarmidi?”.

Inson ziynatdan va nafs uni yengib, man qilingan narsalarga olib borishidan qo’rqib, istagan narsasini tanovul qilishdan saqlanishi ham shular jumlasidandir. Alloh taolo: “Siz (kofirlardan ayrim) toifalarni sinashimiz uchun bahramand qilgan dunyo hayoti go’zalliklaridan iborat narsalarga ko’zlaringizni termultirmang! Robbingizning rizqi yaxshiroq va boqiyroqdir” deb marhamat qildi. (Toha surasi, 131 oyat). Shu sababdan Iso ibn Maryam alayhissalom aytdilarki:  “Dunyo ahli mollariga qaramanglar. Chunki, ularning mollarini chaqnab turishi iymonlaringizni halovatini ketkazib qo’yadi”.  Salaflardan birlari: “Kimni kiyimi yupqalashsa, dini ham noziklashibdi”, deb aytganlar.

Halol narsalarning barchasi insonni shunga o’xshagan narsalardan yiroq qiladi va unda hech qanday shubha va qo’rqinch qoldirmaydi.

To‘rtinchisi, siddiqlarning taqvosi. Inson taom tanovul qilish bilan Alloh taoloning ibodatiga kuch bo’lishini iroda qilmagan barcha narsadan yoki taomlanish ila gunoh sodir bo’lishi ehtimoli bo’lgan narsalardan hazar qilishidir. Hikoya qilinadiki, Zunnuni Misriy rohmatullohi alayh och holatda mahbus edilar. Bir kuni bir ayol o’zining halol molidan taom pishirib, zindon nazoratchisidan unga berib yubordi. Zunnuni Misriy esa undan yemadilar: “Menga taom zolim bo’lgan nazoratchining qo‘lida keldi”, deb uzr aytdilar.

Shuningdek, Bishr Hofiy rohmatullohi alayh sultonlar qazigan anhorlardan suv ichmas edilar. Siddiqlarning ba’zilari xizmatkorlari zolimning uyidan yoqib kelgan chiroqlarni o’chirib qo’yar edilar. Ba’zilari esa dori ichgandan so’ng ayollari harakat qilishga undasalar: “Bu harakatni hech qanday manfaati yo’q. Chunki men hamma harakatlarimda o’zimni hisob kitob qilaman” deb aytar edilar.

Bu Alloh taoloning: “Ayting: “Odamlar uchun nur va hidoyat sifatida Muso keltirgan, sizlar uni sahifa-sahifa qilib olgan (bir qismini) oshkora, ko’pini esa maxfiy tutgan va (unda) o’zlaringiz va ota-bobolaringiz bilmagan (ilm)lar bildirilgan Kitob (Tavrot)ni kim nozil qilgan edi?” (Yana o’zingiz:) “Alloh (nozil qilgan edi)”, deb ayting! So’ngra ularni o’z hollariga qo’yib bering – o’ynab (adashib) yuraversinlar” (Anom surasi 91 oyat) deb aytgan so’ziga amal qilgan qavmlarning martabasidir. Ular Alloh taolo uchun bo’lmaydigan barcha narsalarni harom deb hisoblaydilar.  Bu esa siz va sizga nasihat qiluvchining martabasi emas. Shuning uchun fuqaholar fatvo bergan narsalarni tark qilish taqvosi ila bo’lishga harakat qiling.

 

Imom G’azzoliyning

“Arbain fi usulid-din”

asaridan bilim yurti mudarrisi

Aliyev Abdulhamid tarjimasi

 

  • ЧУМОЛИДАН ИБРАТ ОЛСАК БЎЛМАЙДИМИ? (1-қисм)

      حَتَّى إِذَا أَتَوْا عَلَى وَادِي النَّمْلِ قَالَتْ نَمْلَةٌ يَا أَيُّهَا النَّمْلُ…
  • САЛИМ ҚАЛБ

    Бугунги кунимизда энг ноёб нарсалардан бири Қуръони Каримда келган салим қалбдир. Инсоннин…
  • ИЛМ ТАҚВОДОРЛАРГА БEРИЛАДИ.

    “Илм” – луғатда «идрок қилиш» маъносини билдиради. Истилоҳда эса нарсаларни воқеликда қанд…
Load More In МАҚОЛАЛАР