HAMMA YAXSHILIKLAR SABRDAN KEYIN KELADI

0
624

Sabr – lug’atda “o’zini tiyish, tutish” ma’nolarini bildiradi. Sabrning istilohiy ma’nosi haqida ulamolarimiz bir-birini to’ldiruvchi ta’riflar berganlar. Mazkur ta’riflarning birida sabrga: “Sabr – nafsni qayg’u va achchiqlanishdan, tilni shikoyatdan va a’zolarni tashvishdan tutib turishdir”, — deya izoh berilgan. Sabr to’g’risida uning maqtalgan fazilat ekanini anglashimizga Qur’oni karimda sabr to’qsonga yaqin o’rinda eslab o’tilishi, bu fazilatga qanchalik e’tibor berishimiz lozimligini bildiribgina qolmay, unga qanchalik muhtoj ekanimizni ham anglatadi. Chunki, Alloh taologa toat-ibodat qilishda ham, gunohdan saqlanishda ham, hayot sinovlarini yengish uchun ham sabr kerak bo’ladi.

Jaloliddin Rumiy hazratlari: “Oyning kechaga sabr qilishi , uni oydinlatur. gulning tikonga sabr qilishi , gulga yoqimli hid berur”, — deganlar.

Ha, zulmatning injiqligiga sabr qilgan hilol – yangi oy badrga – to’lin oyga aylandi. Gulning tikonga sabri esa, xushbo’y hidining bo’y taratishiga olib keldi.

Abu Hurayra(r.a.)dan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam : “Musulmonga qay bir musibat: horg’inlikmi , bemorlikmi, tashvishmi, mahzunlikmi, ozormi, g’am-g’ussami, hattoki, tikon kirishimi yetadigan bo’lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kechiradi”, — dedilar.

Shu kabi hadislarning mag’zini chaqqan, foydasini ko’rishiga ishonchi komil bo’lganligidan Hazrati Ali roziyallohu anhu : “Sabr qilaman, toki sabr sabrimdan charchamagunicha”, — deb o’zlariga ahd bergan ekanlar.

Aslida ham musulmon inson- hayoti davomida har qanday sharoitda ham sabr va qanoat bilan yashashi go’zal fazilatdir.

Chunki , sabr — nafsning eng go’zal amallaridan biri ekan.

Sabr – Qur’on va sunnat ahkomlarida sobit turish ekan.

Sabr — balo yetganda go’zal odob ila taqdiridan rozi bo’lib yashashda davom etmoqlik ekan.

Sabr — bu chinakam baxtiyor insonning – o’z hayotidan minnatdor bo’lishi ekan.

Sabr — iymonning yarmiga teng ekan.

  • Ey, iymon g’amida yurgan inson!
  • Ey, jamiki yaxshiliklar xaridori bo’lgan inson! Sabr — barcha yaxshiliklarning asosi, fazilatlarning gultoji ekan.
  • Ey, Allohning muhabbatiga oshiq qalb sohibi! Sabr — Allohning muhabbatiga erishtiradigan, har kimda bor bo’lgan ne’mat ekan.

Shuning uchun ham olimlar sabrga: “SABR — INSONNI MAQSADIGA ENG TEZ OLIB BORADIGAN YO’L KO’RSATUVCHIDIR”, deb ta’rif bergan ekanlar.

 

Nuriddin Xamraqulov

Bilim yurti 2-bosqich

74-guruh talabasi

Load More In МАҚОЛАЛАР