HANAFIY MAZHABIDA FUQAHOLARNING TABAQALARI

0
49

Abdulhay Laknaviy rahimahulloh “Umdatur rioya” kitobining muqaddimasida hanafiy fuqaholarni yetti tabaqaga taqsimlagan. Ular quyidagilar:

Birinchi tabaqa: Mutloq ijtihod sohiblari.

Ular Qur’on, sunnat va boshqa shar’iy dalillardan bevosita hukm chiqaradilar. Ijdihodlarida boshqa birovning fikriga ergashmaydilar ya’ni aslda ham, far’da ham mutloq mujtahiddirlar. Bu tabaqaga misol to’rtta mazhab sohiblaridir.

 Ikkinchi tabaqa: Mazhab ichidagi mujtahidlar.

Ular mazhab sohibi tarafidan asos solingan usuliy qoidalarga muvofiq tarzda hukmlarni istinbot qiladilar. Bu tabaqaga Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad, Imom Zufar va Imom Hasan ibn Ziyod rahimahullohlar misol bо‘la oladilar.

Uchinchi tabaqa: Fiqhiy masalalardagi mujtahidlar. Ularning vazifasi shundan iboratki, agar mazhab sohibi tarafidan biror masalada rivoyat kelmagan bо‘lsa, mazhabboshi asos solgan usuliy qoidalardan chetlashmagan holda ahkomlarni istinbot qiladilar. Ya’ni ular usul va furu’da о‘z mazhabboshilariga muxolif bо‘lishga qodir emaslar. Lekin ikkinchi tabaqa mujtahidlar о‘z imomlariga muxolif chiqishga qodir sanaladilar. Bu tabaqaga Imom Jassos, Imom Karxiy, Imom Tahoviy, Imom Saraxsiy, Imom Pazdaviy rahimahulloh va boshqalar misol bо‘ladi.

Tо‘rtinchi tabaqa: Taxrij egalari. Agar biror masala borasida mazhab imomidan mujmal tarzdagi qavl rivoyat qilingan bо‘lsa, uni tafsil qiladigan yoki muhtamal (extimolli) qavl rivoyat qilingan suratda uni tayin qilib beradigan zotlar «taxrij egalari» deyiladi. Lekin ular ijtihod qilishga qodir bо‘lmaydilar. Masalan, Imom Roziy rahimahulloh kabi.

Beshinchi tabaqa: Tarjix egalari. Ular mazhab imomidan naql qilingan ikki rivoyatdan birini boshqasiga tarjix qilish ya’ni ustun qo’yish salohiyatiga ega bо‘lgan kishilardir. Masalan, Imom Kuduriy, Imom Marg‘inoniy kabi ulamolar.

Oltinchi tabaqa: Ajratishga qodir bо‘lgan zotlar. Bu tabaqa vakillari qaviy (kuchli) bilan zaifni, rojih va marjux о‘rtasini ajratishga qodir bо‘lgan kishilardir. Masalan mo’tabar matn egalarini keltirish mumkin.

Yettinchi tabaqa: Yuqoridagilarning birortasiga qodir bo’lmagan muqallidlar tabaqasi. Bular ijtihodga ham, yaxshi-yomon о‘rtasini ajratishga ham qodir bо‘lmagan kishilar tabaqasi bо‘lib, ular har qanday ahkomlar borasida fuqaholarga ergashishga majburlar. Shuning uchun ham “Ushbu tabaqa vakillariga ergashganlarning holiga voy” deyilgan.

Manba’alar asosida bilim yurti mudarrisi Nodirjon Jamolov tayyorladi.

Load More In МАҚОЛАЛАР