МАҚОЛАЛАР Ilmdan yuz o‘girish oqibatlari 20 марта, 2024 0 222 Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam: «Ilm talab qilish har bir muslim uchun farzdir», deganlar. Nima uchun? Chunki iymon keltirish uchun ham ilm kerak. Musulmon bo‘lish uchun ham ilm kerak. Niyat qilish uchun ham ilm kerak. Ixlos qilish uchun ham ilm kerak. Ibodat qilish uchun ham ilm kerak. Allohning roziligini topish uchun ham albatta, ilm kerak. Qolaversa, do‘zaxdan qutulib, jannati bo‘lish uchun ham ilm kerak. Xuddi oila qurish uchun ham ilm kerak bo‘lgani kabi bu dunyo saodatini topish uchun ham ilm kerak, oxirat saodatini topish uchun ham ilm kerak. Shunday ekan, ilm degani nima o‘zi? «Ilm» so‘zi lug‘atda bir narsani voqelikdagidek idrok etishni bildiradi. Shar’iy istilohda esa, ma’naviy ishlarda narsalarni teskarisi yo‘q darajada aniq bilish sifatiga «ilm» deyiladi. Islom dinichalik ilmni ulug‘lagan din, tuzum yoki falsafa yo‘q. Har bir shaxsga ilm talab etishni farz qilish faqat Islomda bor, xolos. Qur’oni karimda ilm va ulamolar eng oliy maqomga qo‘yilgan. Hadisi sharifda ham ilm, uni talab qilish, ulamolar haqida ko‘plab ma’lumotlar kelgan. Bularning hammasini jamlab, Islomning ilmga bo‘lgan munosabati haqida tasavvur va shunga yarasha ahkomlar chiqarilgan. Musulmonlar o‘z hayotlarida Qur’on va Sunnat ta’limotlariga amal qilib yashagan paytlarida ilm nurini butun olamga tarqatganlar. Yoshu qari, erkagu ayol beshikdan to qabrgacha ilm talab qilish o‘zi uchun farz ekanini to‘la his qilgan holda umr bo‘yi o‘zini tolibi ilm hisoblab yashagan. Ana o‘sha davrni yaxshilab o‘rgangan g‘arblik insofli sharqshunoslardan biri Islom ummatini butunicha madrasaga qatnaydigan ummat, deb vasf qilgan. Bu juda ham to‘g‘ri vasfdir. O‘sha hamma butunicha islom shariati bo‘yicha hayot kechirgan vaqtda Islom nuridan bahramand bo‘lgan har bir o‘lkada ilm-fan, ma’rifat va madaniyat gullab-yashnagan. Ilmning har bir sohasida olamshumul kashfiyotlar qilingan, ulkan ulamolar yetishib chiqqan. Ayrim din dushmanlari ayyuhannos solayotganidek, Islom hech qachon ilmga qarshi bo‘lmagan, balki jaholatga qarshi bo‘lgan. Agar ba’zi bir kavniy va tabiiy ilm ulamolari tazyiqqa uchragan, azoblangan va o‘ldirilgan bo‘lsa, boshqa din vakillari tomonidan qilingan. Islomning bunga hech qanday aloqasi yo‘q. Ovrupodagi olimlarni kanisa g‘azabiga duchor bo‘lishlarining asosiy sababi ham ularning musulmonlardan ilm o‘rganganlari bo‘lgan. Hozirgi Ispaniya, Portugaliya va ularga qo‘shni davlatlarning ba’zi hududlarida sakkiz yuz yilga yaqin davr maboynida Andalusiya nomli Islom davlati hukm surgan. Bu davlatda ilm-fan, madaniyat gullab-yashnagan. Musulmonlarning turli ilmiy o‘quv yurtlarida boshqa dinlarga mansub kishilar ham bemalol ta’lim olishgan, ilmiy tajribalarda ishtirok etishgan. Aslida hozirgi ilmiy taraqqiyotning har bir sohasi avvalida musulmon olimlari turishgan. Bu haligacha odamlardan yashirib kelinadi. Islom-ilm dini ekanini faqat johillargina inkor qilishlari mumkin. Shunday ekan, ilmga rag‘batsizlik, undan yuz o‘girishning oqibati ham yomon bo‘ladi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda odamlar bilan o‘ltirgan edilar. Birdan uch kishi kirib keldi. Ulardan ikkitasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Bittasi qaytdi. Haligi ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalariga kelib to‘xtadilar. Ulardan biri halqadan bo‘sh joy topib, o‘sha yerga o‘tirdi. Ikkinchisi orqaga o‘tirdi. Uchinchisi esa, ortga burilib chiqib ketdi. Haligi ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalariga kelib to‘xtadilar. Ulardan biri halqadan bo‘sh joy topib, o‘sha yerga o‘tirdi. Ikkinchisi orqaga o‘tirdi. Uchinchisi esa, ortga burilib chiqib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam forig‘ bo‘lganlaridan keyin Sizlarga haligi uch nafarning xabarini beraymi? Ulardan biri Allohdan boshpana so‘radi. Alloh unga boshpana berdi. Boshqasi esa hayo qildi. Bas, Alloh ham undan hayo qildi. Yana boshqa biri yuz o‘girdi. Alloh ham undan yuz o‘girdi”. Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar bilan ilmiy suhbat qurib o‘ltirgan masjidga uch kishi kirib keldi. «Ulardan ikkitasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Bittasi qaytdi». O‘sha uch kishidan ikkitasining ilmga rag‘bati bor ekan, ilmiy suhbatdan foydalanmoqchi bo‘lib, ilm manbasi bo‘lmish zot Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam tomon yurdi. Uchinchi kishining ilmga rag‘bati yo‘q ekan, ilmiy suhbat bo‘layotganini ko‘rib, ortga qaytdi. «Haligi ikkovlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tepalariga kelib to‘xtadilar. Ulardan biri halqadan bo‘sh joy topib, o‘sha yerga o‘tirdi. Ikkinchisi orqaga o‘tirdi. Uchinchisi esa, ortga burilib chiqib ketdi». Ya’ni, haligi uch kishidan ilmga qiziqqan ikkitasi borib, Rasulullohning tepalariga to‘xtadi. Ilmiy suhbatga quloq osishga joy axtardi. Ulardan biri ilmiy suhbat uchun halqa qurib o‘tirgan sahobalar orasidan bo‘sh joyni topib o‘tirdi. Ikkinchisi unchalik ilmga o‘ch emas ekan, halqadagilarning orqasiga kelib joylashdi. Uchinchi ilmga umuman qiziqmaydigan odam esa, burilib masjiddan chiqib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa ilmiy suhbatni davom ettiraverdilar. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam forig‘ bo‘lganlaridan keyin», Ya’ni, ilmiy suhbatni tugatganlaridan so‘ng: «Sizlarga haligi uch nafarning xabarini beraymi?» dedilar. Ya’ni, ilmiy suhbat bo‘lib turganda masjidga kirib, o‘zlarini uch xil tutgan kishilarning xabarini beraymi, dedilar. Va ular haqida xabar berishni boshladilar. «Ulardan biri Allohdan boshpana so‘radi. Alloh unga boshpana berdi». Bu halqadan bo‘sh joy topib o‘tirgan odam. Odatda zulmga, tazyiqqa uchragan, xavf-xatarda qolgan odam boshpana so‘raydi. Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ilm halqasiga kelib o‘tirgan odamni Allohdan boshpana so‘radi, deb aytishlari ulkan ma’no kasb etmoqda. Ilm halqasiga o‘ltirgan odam jaholat, ongsizlik zulmidan, tazyiqidan va ulardan keladigan xavf-xatardan Allohning panohiga qochganini anglatmoqda. Bunday balo-ofatdan qutulib qolishning birdan-bir yo‘li ilm yo‘li ekani, ilm orqaligina Alloh taoloning boshpanasiga sazovor bo‘lish mumkinligi ma’lum bo‘lmoqda. Ilm talab qilishga bunchalik targ‘ib hech qaerda yo‘q. «Boshqasi esa hayo qildi. Bas, Alloh ham undan hayo qildi». Bu halqaning orqasiga borib o‘tirgan odam. U o‘zini odamlar orasiga urishdan hayo qildi. Shuning uchun Alloh taolo ham uni savobsiz qoldirishdan hayo qildi. Unga o‘ziga yarasha muomala qildi. «Yana boshqa biri yuz o‘girdi. Alloh ham undan yuz o‘girdi». Bu ilmiy majlisdan yuz o‘girib chiqib ketgan odam. Hadisda uning ilmdan yuz o‘girishi Allohdan yuz o‘girishga tenglashtirilmoqda. Shuning uchun ham undan Alloh yuz o‘girgani bayon qilinmoqda. Ushbu hadisi sharifda ilmiy majlisda ixlos bilan ishtirok etgan odam Alloh taoloning boshpanasiga sazovor bo‘lishi, ilmdan qochishdan hayo qilgan odamni iqob qilishga Alloh taoloning ham hayo qilishi, ilmdan yuz o‘girgan odamdan Alloh ham yuz o‘girishi; Endi hadisi sharif hikmatidan hayotimizda qanchalik foyda olayotganimizni o‘ylaylik. Bugun ilmu ma’rifat qadrlimi, molu dunyo, mansab va shunga o‘xshash o‘tkinchi narsalarmi? Hozirgi hayotimizda ilm halqasiga o‘zini urgan qadrlimi yoki so‘mu dollarlar «halqa»siga o‘zini urgan qadrlimi? Ilmdan yuz o‘girgan odamni Allohdan yuz o‘girgan odamdek qoralay olamizmi? Bu va bunga o‘xshash savollarga ushbu hadisi sharif ruhida ijobiy javob berishimiz juda mushkul. Chunki, hayotda necha necha tolibi ilmlar Alloh ularni o‘z marhamati ila yo‘llab qo‘ygan ilm dargoxlaridan, ilm maskanlaridan yuz o‘girib ketadilar. Dunyoning arzimas matosi, o‘tkinchi tashvishlari ila o‘qishni tashlamoqchi bo‘ladilar. Hadisi sharifda inson yo ilm beruvchi yo ilm o‘rganuvchi yo ularga muhabbatli bo‘lishi zikr qilingan. Bundan boshqa toifa bo‘lishdan qaytarilgan. Xulosa qilish mumkinki, inson qay makonda, qay manzilda, qay soxada bo‘lmasin, ilm o‘rganishi, kitob mutolaa qilishi, agar vaqti yetmasa ahli ilmlarga aralashib yurishi, va’z nasihatlarga amal qilib borishi kerak. Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Bilimjon domla Razzoqov tayyorladi