Hidoyat imomi-Imom Moturidiy

0
293

 

Imom Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy hijriy 240 yil atrofida Samarqandda tug‘ilganlar. 333 hijriyda vafot etganlar.

Imom Moturidiyga Islom ulamolari turli xil ilmiy unvonlarni berganlar. Masalan, “Imomul hudaa” (hidoyatga boshlovchi imom), “Alamul hudaa” (hidoyat mayog‘i), “Musahhihu aqoidil muslimiyn” (musulmonlarning aqidalarini har xil bid’at va xurofotlardan tozalovchi kishi), “Raisu Ahlis sunnah” (Ahli sunna val jamoa raisi) va boshqalar.

Bu sifatlar va unvonlar u kishining o‘z izdoshlari qalbidan chuqur joy olganini, sunnatga yordam berish va himoya qilish yo‘lida salmoqli natijalarga erishganini ko‘rsatadi.

Imom Moturidiy Ahli sunna val jamoa aqidasini sharhlash va yoritib berishda muhim rol o‘ynagan atoqli islomiy shaxsiyatlardan biri hisoblanadi.

Imom Moturidiy rahmatullohi alayh tafsir, aqida va fiqh fanlariga oid bir qancha kitoblar yozib, ulkan ilmiy meros qoldirganlar. Masalan, Qur’oni karim tafsiriga doir “Ta’vilotu ahlis-sunna” kitobini yozganlar. Hijriy yetti yuz yetmish beshinchi yilda vafot etgan imom Abdul Qodir Qurashiy bu kitobga: “U tafsir bobida hech qanday asar unga teng kelolmaydigan bir kitobdir. Hatto bu fan sohasida undan oldingilar yozib ketgan asarlar ham unga yaqin kelolmaydi”, deb ta’rif bergan.

Imom Kafaviy Imom Moturidiyning tarjimai holida shunday deydi: “Mutakallimlarning imomi, musulmonlarning aqidalarini har xil bid’at va xurofotlardan tozalovchisi bo‘lgan bu kishiga Alloh taolo to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilib qo‘yish bilan madad bergan edi. Shuning uchun ham u to‘g‘ri dinni himoya qilishga bel bog‘lab ulkan asarlar bitdi. Botil aqidalar sohiblarining so‘zlariga raddiyalar berdi”.

Imom Mahmud Zohid Kavsariy aytadilar:

«فالأشعري والماتريدي هما إماما أهل السنة والجماعة في مشارق الأرض ومغاربها، لهم كتب لا تحصى

ya’ni: “Imom Ash’ariy va Imom Moturidiylar mashriqu va mag‘ribda Ahli sunnat va jamoat imomlaridir. Ularning ko‘p sonli kitoblari bor”.

Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh turli botil aqidaviy firqalar ko‘payganda u kishi sahobalar, tobe’inlar va zamondoshlari: taba tobe’inlarning sog‘lom aqidalarini jamlab, sharhladilar va Ahli sunna aqidasini himoya qildilar.

Keyinchalik u zotga ergashganlar moturidiya aqidaviy yo‘nalishi deb atala boshladi. Ba’zi johil toifalar da’vo qilgani kabi U zot yangi din yoki yangi aqida olib kelmaganlar. Balki, turli firqalar tomonidan Ahli sunna val jamoa aqidasini buzib talqin qilish boshlanganda, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh tomonidan Payg‘ambarimiz va sahobai kiromlar tutgan yo‘l qaysi ekani sharhlab bildirilgan. Bu ishda Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning qoldirgan ilmlari va ijtihodlaridan ko‘p foydalanganlar. Sababi, Imom Moturidiy rahmatullohi alayh ustozlarining ustozi orqali Imom Abu Hanifaning shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadga yetib boradilar. Ya’ni, ikki ustoz vositasida Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad silsilasiga bog‘lanadi.

Demak, Islom ummati e’tirof qilgan va bir ovozdan qabul qilgan mujtahid olimlarga Imom Moturidiy rahmatullohi alayh qanchalik yaqin bo‘lganliklari va o‘sha davrdagi sof islom bilim buloqlaridan suv ichganliklari ma’lum bo‘lmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ayrim adashgan toifalar Imom Moturidiy va Imom Ash’ariyga nisbatan nohaq ta’nalar va ayblovlar bilan chiqmoqdalar. Musulmonlarning 14 asrdan beri amal qilib kelayotgan aqidalariga shubha uyg‘otib, o‘rniga o‘zlarining yanglish aqidalarini tiqishtirishga harakat qilmoqdalar. Vaholanki, ularning paydo bo‘lganiga ko‘p muddat bo‘lgani yo‘q.

Ularning da’vosi bo‘yicha, Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy adashgan bo‘lsa, o‘zlari kabi johillar paydo bo‘lguncha Ahli sunna val jamoa, Payg‘ambarimiz alayhissalom zikr qilgan haq yo‘ldagi katta jamoa kim bo‘lgan? Ulardan avval to‘g‘ri yo‘lda yurganlar bo‘lmaganmi? 13-14 hijriyda yoki undan keyin chiqqanlar, hali sahobayu tobe’inlarning “iz”lari o‘chmagan 3-4 hijriyda yashagan olimlarni mutlaqo adashgan deyishi sog‘lom aqlga to‘g‘ri keladimi? Ilmda, zuhdu, taqvoda o‘tgan ulug‘larimizga kechagina paydo bo‘lgan firqa vakillari teng bo‘la olarmidi!?

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, moturidiylik yo‘nalishi asosida e’tiqod qilib kelgan va kelayotgan mo‘min-musulmonlar butun Islom ummati tarafidan yakdillik bilan olqishlangan va e’tirof etilgan buyuk imom – Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhning izdoshlaridir. Xususan, biz O‘zbekistonlik mo‘min-musulmonlar o‘zlarining ulug‘ Imomi, Qur’on, sunnat va avval o‘tgan solihlar yo‘liga ko‘ra musulmonlar aqidasini jamlagan, firqalanishga qarshi turgan bobokaloni Imom Moturidiy rahimahullohning ilmiy merosini o‘rganishimiz hamda uni keng musulmonlar ommasiga targ‘ib etishimiz lozim.

Ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo’yicha mudir o’rinbosari N. Jamolov

Load More In RADDIYA