Imon Dorimiyning hayoti va ijodi (2-qism)

0
27

Ilm yo‘lida uzoq yillar olib borgan tinimsiz sa’y-harakatlari va izlanishlari natijasida Imom Dorimiy hadis, tafsir va fiqh ilmlarining allomasi darajasiga ko‘tarildi va yirik hadisshunos sifatida katta shuhrat qozondi. U haqida yozilgan manbalarda aksariyat mualliflar “Imom Dorimiyning Samarqandda hadis va osor ilmlarining ravnaq topishida ulkan hissasi bor”, deb yakdillik bilan ta’kidlaganlar. O‘z davrining ilm ahllari o‘rtasida obro‘ e’tiborga ega bo‘lgan Imom Dorimiy bir qancha muddat Samarqandda Shayxul-islom lavozimida ham faoliyat ko‘rsatgan. Shuningdek, an-Nasafiyning ta’kidlashicha, “… u tabiatan vazmin, adolatparvar va haqiqatgo‘y, insof va diyonati barkamol, har qanday vaziyatda aqlidrok, chuqur tafakkur va mulohaza bilan ish yuritgani bois hokim tomonidan Samarqandning Bosh qozisi lavozimiga taklif qilinadi. Alloma avvaliga rad javobini bersa ham, lekin hokim o‘z fikrida kat’iy turib olgach, rozi bo‘ladi. Biroq qozixonada atigi bitta ish ko‘rilgach, u o‘zini ushbu lavozimdan ozod etishlarini iltimos kiladi. Uning iltimosi qondirilib, iste’foga chiqarilgan bo‘lsada, xalifa al-Mu’tazz Billohdan qozilik yorlig‘ini (“Kitob ul-Qazo”كتاب قضالء ) olgan?”. Xalifa al-Mu’tazz Billoh 866-869 yillar xukmronlik qilgani ma’lum 2. Shunday ekan, Imom Dorimiyning bosh qozi lavozimiga taklif qilinishi va unga yuborilgan yorliq umrining oxirgi yillarida ro‘y berganligi ayon bo‘ladi.

Al-Xatib al-Bag‘dodiy o‘z asarida Imom Dorimiyning vafoti haqida ikki xil ma’lumotni keltiradi. U dastlab Ahmad ibn Ibrohim as-Samarqandiyning Imom Dorimiy hijriy 250 yilda vafot etganligi haqidagi ma’lumotini keltirib, uni noto‘g‘ri deb ko‘rsatadi. So‘ngra Muhammad ibn Sayyorning: “ u 255 yili 75 yoshida Tarviya kuni asrdan so‘ng vafot etib, arafa [juma] kuni dafn etilgan” mazmundagi ma’lumotni berib, uni to‘g‘ri deb aytadi. Al-Xatib al-Bag‘dodiyning oxirgi ma’lumoti boshqa manbalardagilar bilan mos keladi. Jumladan, Najmidin Umar an-Nasafiy ham Imom Dorimiy 75 yil yashagan, hijriy 255 yili asr namozidan keyin Tarviya kuni vafot etgan va Arafa (juma) kuni Chokardiza qabristoniga dafn qilingan va unga Samarqand amiri Ahmad ibn Yahyo ibn Asad janoza o‘qigan”, deb zikr etadi. Ushbu sana milodiy hisobda 869 yil 18 noyabr kuniga to‘g‘ri keladi.

Imom Dorimiyning dafn etilgan joylari haqida hozirda turli xil fikrlar mavjud. Zikr etilganidek, Najmiddin Umar anNasafiy Imom Dorimiy Chokardiza qabristoniga dafn qilingani borasida ma’lumot bergan bo‘lsa, Shamsiddin az-Zahabiy “Islom tarixi” asarida olimning ukasi Ibrohim ibn Abdurahmon Dorimiy (vaf. 880 y.)ning Samarqandda vafot etganligi hamda akasining yoniga dafn qilinganligini qayd etadi. Abu Tohirxojaning «Samariya» kitobida esa Imom Dorimiyning qabri Shavdor tumanidagi Ispaniy (hozirgi Ispandiy) qishlog‘ida, Samarqand shahri bilan mazorning orasi 11 chaqirimcha yo‘l, deb keltiriladi. Shu bilan birga, ayrim turk va arab tadqiqotchilarining kitoblarida   muhaddis

Xurosonning Marv shahrida dafn qilinganligi ta’kidlanadi. Bu fikrni shuningdek, Sh.Boboxonov ham qo‘llaydi va Imom Dorimiyni Marvda vafot etib, o‘sha yerga dafn qilinganligi haqida ma’lumot beradi. Ehtirom yuzasidan Imom Dorimiyning janozasini Samarqand amirining shaxsan o‘zi o‘qiganligi hamda ukasining dafn etilgan joyi haqidagi ma’lumotlar olimning qabri Samarqand yaqinida ekanligiga dalolat qiladi. Shu bois 2000-yilda Samarqand viloyati, Toyloq tumani, Ispandiy qishlog‘ida Imom Dorimiy maqbarasi va Jome“ masjid ta’mirlanib obod qilindi.

Imom Dorimiyning hayot yo‘li va ilmiy faoliyatiga oid ma’lumotlarni o‘zbek olimlaridan birinchilardan bo‘lib, Sh.Boboxonov va U.Uvatovlar o‘z risolalarida yoritganlar. Islomshunos olim Sh. Boboxonov Imom Dorimiyni “Sihoh sitta”dagi oltinchi o‘rinni Ibn Moja bilan bo‘lishib turgan buyuk muhaddis sifatida ta’riflab, Imom Ahmad ibn Hanbal va uning o‘g‘li Abdulloh o‘rtasidagi bo‘lgan o‘zaro suhbatni keltiradi. Unda Imom Dorimiy xurosonlik eng mashhur 4 ta muhaddislarning biri sifatida tavsiflanib, uni hadis roviylarining bilish bo‘yicha eng mohir muhaddis ekanligi ta’kidlanadi.

U.Uvatovning “Imom Dorimiy” nomli maqolasida muhaddisning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosiga oid, xususan, Abdullox Dorimiy hamda Imom al-Buxoriy o‘rtasidagi samimiy munosabat haqida ham ma’lumot beriladi. Unda Imom al-Buxoriy Imom Dorimiyning vafoti haqidagi xabarni eshitib, og‘ir qayg‘uga botganligi, ikki muhaddisning bir-biriga ehtiromi cheksiz bo‘lganligi haqida so‘z boradi. O‘z navbatida Imom Dorimiy ham Imom al-Buxoriyni buyuk muhaddis olim sifatida ulug‘lab: “Men Makka, Madina, Hijoz, Shom, Iroqdagi ulamolarni ko‘rdim, lekin ular orasida Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydan ko‘ra ko‘proq hadis jamlagan  kishini  ko‘rmadim”  deb aytgan. Imom al-Buxoriy “at-Tarix al-kabir” asarida Imom Dorimiydan hadis rivoyat qilgan hamda ba’zi o‘rinlarda roviylarning tarixiga oid ma’lumotlarni berishda unga tayangan”.

Davomi bor

 

Manbalar asosida:

Andijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Yo’lchiboyev Muslimbek tayyorladi

  • KUN HADISI

    #kun_hadisi KUN HADISI «Sayyid Muhyiddin maxdum » o’rta maxsus islom bilim…
  • Бемазҳаблар ҳақида

    “Ихтилоф қилманглар, яна қалбларингиз ихтилофли бўлиб қолмасин”, деб севикли Пайғамбаримиз…
  • Фитнанинг 11та хатар ва зарарлари

    Фитна энг кўп қон тўкилишининг энг катта сабабларидан бўлиб, фитна натижасида жамиятда тал…
Load More In МАҚОЛАЛАР