ISLOM TARIXIDAGI ILK VABO

0
425

Hijriy 18-yilda “Amvos” vabosining chiqishi musulmonlar uchun katta fojea bo’ldi. Bu vabo Falastindagi Amvos qishlog’ida paydo bo’lib, keyinchalik Shomning barcha hududlarini egalladi. Amvos vabosi islom tarixidagi ilk vabo hisoblanadi.

            Imom Buxoriy “Al-Jomi’ as-sahih” kitobida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan quyidagicha  rivoyat qiladilar: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Shomga safarga chiqdilar. Sarg‘ degan joyga yetganlarida u zotni Shomdagi islom lashkari qo’mondoni Abu Ubayda ibn Jarroh hamrohlari bilan qarshi olib, Shomda vabo tarqalganini xabar qildilar. Shunda Hazrati Umar: “Menga avval muhojirlarni huzurlariga chaqirib kelmoqni amr qildilar. Ular to‘plangach, Shomda vabo chiqqanini aytib, maslahatlashdilar. Muhojirlar turli-tuman fikrlar bildirdilar, ba’zilari: «Muhim vazifa bilan yo‘lga chiqqanmiz, orqaga qaytmaymiz», desalar, ayrimlari: «Odamlarning (lashkarlarning) va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining bir qismi siz bilan qoladi, ularni vaboga ro‘para qilmog‘ingizning hojati yo‘q», deyishdi.

Hazrati Umar bu gapni eshitib: «Sizlarga ruxsat», dedilar, so‘ng menga ansorlarni chaqirmoqni buyurdilar. Men chaqirib keldim. Ammo ular ham muhojirlar aytgan fikrlarni bildirishdi. Hazrati Umar ularga ham ruxsat berib yubordilar. Keyin menga: «Qurayshning shu yerdagi fath muhojirlaridan bo‘lgan oqsoqollarini chaqirib kel!» dedilar. Men chaqirib keldim. Ular Hazrati Umarga mutlaqo e’tiroz bildirmay, bir og‘izdan: «Bizning fikrimiz shuki, odamlarni olib, ortga qaytsangiz, ularni bu mash’um vaboga giriftor qilmagaymiz!» deyishdi. Hazrat Umar odamlarga xitob qilib: «Men erta bilan ortga qaytaman, sizlar ham qaytinglar!»  dedilar. Abu Ubayda ibn Jarroh: «Alloh taoloning qazoyu taqdiridan qochyapsizmi?» degan edi, Hazrati Umar: «Bu so‘zni sendan boshqa odam aytsa edi… Ey Abu Ubayda! Ha, Alloh taoloning taqdiridan Alloh taoloning taqdiriga qochyapmiz! Agar sening bir tuyang yo‘qolsa, u bir yog‘i yam-yashil o‘tloq va bir yog‘i qovjiragan vodiyda turgan bo‘lsa, tuyangning ulardan qaysi birida o‘tlashini Alloh taoloning irodasiga bog‘liq deb bilmaysanmi?» dedilar.

Shu vaqt Abdurahmon ibn Avf kelib qoldi. U bir yumush bilan band bo‘lgani uchun bu yerda emas edi. U: «Bu haqda men ham ba’zi bir narsalarni bilaman. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Vabo chiqqan yerga kirmangiz va siz turgan joyda vabo bo‘lsa, u yerni tark etmangiz!» deganlarini eshitganman», deb aytdi. Shundan so‘ng Hazrati Umar Alloh taologa hamdu sanolar aytib, ortlariga qaytib ketdilar».

Hozirgi kunda hanuzgacha davosi topilmagan COVID-19 virusi dunyo miqyosida eng dolzarb muammoga aylandi. Dunyo mamlakatlari qatorida mamlakatimizda ham virus yuqishining oldini olish maqsadida bir qator choralar ko’rilmoqda. Shu jumladan, maxsus kommisiya tomonidan shu yilning 10-iyulidan 1-avgustiga qadar mamlakatimizning barcha hududlarida qattiq tartibdagi karantin joriy qilindi. Bunday vaziyatda mo’min-musulmonlar uchun muhim eslatmalardan ba’zilarini keltirmoqchiman:

  • Barcha kasalliklarni va ularning davolarini Alloh taolodan deb bilish. Shuaro surasining 80-oyatida Alloh taolo Ibrohim alayhissalomdan hikoya qilib shunday deb marhamat qiladi: ”Bemor bo’lganimda menga shifo beradigan ham uning O’zi”;
  • Alloh taologa tavakkal qilgan holda barcha sabablarni mahkam ushlash, ya’ni ehtiyot choralarini ko’rish;
  • Karantin tartib-qoidalariga qati’y amal qilish;
  • Har qanday o’zaro munosabatlarni vaqtincha to’xtatish. Amr ibn Oss roziyallohu anhu Shomga amir etib tayinlangach, xaloyiqni tog’larga, tepaliklarga chiqarib yubordilar. Shu tariqa Shom diyorida amvos vabosi barham topdi;
  • Alloh taolodan barcha insoniyat ushbu sinovli

kunlardan eson-omon chiqib olishini, tez kunlarda bu kasallikni boshimizdan aritishini so’rab duo qilish.

Ya, Robbi! Bu musibatlarni boshimizdan ko’targin!

 

 Abdulaziz Ahmadjonov,

Andijon “Sayyid Muhyiddin maxdum”

o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Load More In МАҚОЛАЛАР