Johiliyat davrida saroy she’riyati: An-Nabig‘a ijodi.

0
59

 

VI asrning ikkinchi yarmidagi saroy she’riyatining eng yirik vakili An-Nabig’a az-Zubiyaniy (taxm. 535–604) edi. U arab she’riyatidagi birinchi shoir hisoblanadi. An-Nabig’a Najdning shimoli-sharqiy qismida ko‘chib yurgan Zubiyan qabilasining taniqli urug‘laridan bo‘lgan. Shoirning hayoti haqida juda uzuq-yuluq ma’lumotlarga egamiz. An-Nabig’a hayotining katta qismini Xira hukmdori Amr ibn Hind (vafoti 569) va uning vorislari, xususan an-Nu’man ibn al-Munzir (580–602) saroyida o‘tkazgani ma’lum.

Obro‘sini mustahkamlashga intilgan an-Nu’man, o‘z ajdodlari singari, ko‘plab taniqli shoirlar (Labid, al-A’sha, Hasan ibn Sobit – Muhammad payg‘ambarning bo‘lg‘usi shoiri) va ular qatori An-Nabig’ani saroyga yaqinlashtirgan.

Shimoliy Arabistonda VI asr oxirida siyosiy vaziyat beqaror bo‘lgan. Doimiy ravishda bo‘lib turgan qabilalararo to‘qnashuvlar qabilalarni kuchli homiylar izlashga majbur qilgan. An-Nabig’a o‘z qabilasining manfaatlarini himoya qilishga hamda Xira va Hasaniylar hukmdorlarini o‘z tomoniga tortishga urinib, doimo «yuksak» homiylarning tilini topishga majbur bo‘lgan. Masalan, taxminan 587 yilda u an-Nu’manni tark etgan va Hasaniylar saroyiga ko‘chgan. Keyinchalik u yana Xiraga qaytgan, hayotining so‘nggi yillarini esa o‘z qabilasida o‘tkazgan. An-Nabig’a Xira va Hasaniylar hukmdorlariga ko‘plab madhiyalar bag‘ishlagan va bu bilan saroy madhiya she’riyati janriga asos solgan. Shu kundan boshlab shoir o‘z qabilasining sha’nini kuylashga qaraganda ko‘proq mukofot evaziga o‘zining qudratli homiylarini ulug‘lagan.

Arablar An-Nabig’ani siyosiy lirikaning asoschilaridan biri deb ham hisoblaydilar. Chunki shoir o‘z qabilasining ishlarida faol ishtirok etish va uning manfaatlarini saroyda himoya qilish orqali qabiladoshlari va ularning ittifoqchilari uchun o‘ziga xos siyosiy ko‘rsatmalarga ega bo‘lgan bir qator qasidalar yaratgan. Ularda shoir abs va zubiyan qabilalarini kelishmovchiliklarga chek qo‘yish, ittifoqdoshlikka sodiqlikni saqlash va ittifoqqa boshqa qabilalarni jalb etish, bu bilan dahshatli dushman – Hasaniylar davlati oldida kuchli bo‘lishga chorlagan. Arablar An-Nabig’aning an-Nu’manga bag‘ishlangan va muallaqalarga kiritilgan madhiyasini uning badiiy jihatdan eng yaxshi qasidasi deb, hisoblaganlar.

Madhiyada shoir an’anaviy muqaddimadan so‘ng tezyurar tuyada yurishini tavsiflaydi, tuyani kiyikka o‘xshatadi va asta-sekin ov haqidagi hikoyaga o‘tadi. Kutilmaganda shoir Xira hukumdorining qudrati, saxiyligi va donoligini maqtashga o‘tadi, uni goh podsho Sulaymon, goh toshqin vaqtidagi keng va ayqirgan Frot daryosiga qiyoslaydi. U, shuningdek, qushlar galasi sonini chamalab aniqlay oladigan ayol haqidagi rivoyatni keltiradi. Bu bilan an-Nu’man ham ana shunday ziyrak, adolatli va shoirga nisbatan rahmdil bo‘lishga ishora qiladi.

Qabila sha’nini himoya qiluvchi badaviy shoirlarning madhiyalaridagi soddalikka qarama-qarshi o‘laroq, An-Nabig’a madhiyalari balandparvoz, maqtalayotgan shaxsga qaratilgan maqtovlar esa me’yoridan ortiqdir.

An-Nabig’a nihoyatda mohir tavsiflovchi bo‘lgan. Vasf har bir qasidasining majburiy elementini tashkil etadi. An-Nabig’aning tavsiflari go‘zal bo‘lib, jonli tafsilotlarga to‘lib-toshgan. An-Nabig’a yovvoyi buqa yoki tuyani tasvirlaydimi, o‘z mahbubasi yoki qushlar galasini tasvirlaydimi, uning ta’rifu-tavsifi, garchi asosiy mavzuga bevosita aloqasi bo‘lmasa ham, uzviy bo‘lib qasidaning asosiy g‘oyasini yorqinroq ifoda etishga xizmat qiladi. Masalan, qasidalarining birida Hasaniylar hukmdori Amrni va uning yengilmas jangchilarini maqtab, shoir shu joydayoq jang guvohi bo‘lgan qushlar galasini ifodalaydi.

An-Nabig’a o‘zining tashvish va qayg‘u holatini tabiatni tasvirlash orqali mahorat bilan ifodalaydi.

An-Nabig’a, islomgacha bo‘lgan boshqa shoirlar kabi, qiyoslashga ayniqsa ko‘p murojaat etgan va qiyoslash sifatida qasidaga katta manzaralar, butun boshli rivoyatlar va shu kabilarni kiritgan.

An-Nabig’aning tili doimo tasvirlanayotgan voqealarga mos keladi. Shoir bunga so‘zlarni (leksikani) puxta tanlash orqali erishgan. Masalan, ovni tasvirlashda An-Nabig’a ishlatgan hijo nafis, hukmdorga qaratilgan maqtovlar doimo balandparvoz ifodalar bilan berilgan, tabiat manzaralari oddiy tilda tasvirlangan. Bu esa ushbu manzaralarni jonli va joizibador qiladi. Mahbubasi haqidagi she’rlarda shoir «nozik jaranglovchi» so‘zlardan foydalanadi, jasoratni kuylovchi baytlarni «zarbli» ohanglar yangraydi va h.k.

«Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudarrisi Haydarali domla Normirzayev

Load More In АДАБИЁТ