МАҚОЛАЛАР KARANTINGA AMAL QILAYLIK! 9 июля, 2020 0 252 Ayni vaqtga kelib koronavirus ofati haqida eshitmagan va bilmagan inson deyarli qolmadi. E’tibor bering, ushbu ofatning ilk xuruji vaqtidanoq hukumatimiz barcha chora-tadbirlarni ishga solgan va uni bartaraf etish yo’lida eng to’g’ri va samarali himoyalanish mexanizimini ishga tushurgan. Yurtimiz rahbari va ushbu soha mutaxassislari bu ofatning oqibatini yaxshi tushunib, zudlik bilan xalqimizga kerakli ko’rsatmalarni berdilar. Bunday vaqtda bizning vazifamiz og’ishmay itoat etish va ko’rsatmalarga so’zsiz rioya qilishdir. Bu ayni muqaddas islom dinimiz talabi hamdir. Qur’oni karimda «… O’z qo’llaringiz bilan o’zlaringizni xalokatga tashlamanglar», deb ogohlantirilgan. Islom dini inson sog’ligining ketishiga yoki uning halokatiga sabab bo’luvchi har qanday ziyonli narsalardan chetlanishga buyuradi. Suyukli Rasulimiz sallollohu alayhi vasallam «Islom dinida o’ziga ham o’zgalarga ham zarar keltirish yo’q», deb talim berganlar. Demak musulmon inson bilishi, anglashi va tafakkur qilishi kerakki, bugungi kunda hech kimga sir bo’lmagan bu virus balosi katta-kichik, boy-kambag’al demay ommatan insoniyat boshiga kelganini bir lahza ham unutib qo’yishga haqqimiz yo’q. Sababsiz ko’cha guzoroni qilib yuriladigan vaqt emas, aksincha o’zimizni mudom ehtiyot qilishimiz bilan atrofdagilarga, yaqinlarimiz salomatligiga rahna solmagan bo’lamiz. Aqlli inson o’ziga va jamiyatga ziyon yetkazadigan baloni aritish harakatida bo’ladi. Aqlsiz, o’zi va jamiyati taqdiriga beparvo bo’lgan inson bir baloni ikkitaga orttiradi. Shifokor va shu soha mutaxassislari — niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, zaruratsiz uydan chiqmaslik kabi talab va ko’rsatmalari ayni islom talabi ham ekanini e’tiborga olsak har qanday insondan jiddiylikni talab qiladi. Xususan, musulmon kishi yuqumli kasallik tarqalgan vaqtda o’z uyida, oila ahli salomatligini himoya qilgan holda o’tirishi lozimligi aytilgan. Hazrati Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilarki: «Men Rosululloh sallollohu alayhi vasallamdan to’un (vabo) haqida so’radim. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam javob berdilar: «U Alloh taoloning bandalariga yuborgan bir azobi bo’lib, xohlagan bandasiga yuborar edi. Lekin, mo’min — musulmonlarga Allohning rahmatidir. Kimki, mana shu vabo tarqalganida o’z shahrida yoki o’z uyida sabr qilib, savob umid qilgan holda o’tirsa, unga shahidning ajri barobarida ajr beriladi» , dedilar». Ushbu hadisi sharif bunday vaziyatda qanday yo’l tutmog’imizni ta’lim bermoqda. Shifokorlar ko’rsatmalariga ixlos ila amal qilib, go’zal sabr etgan insonlarga ulkan savoblar ham va’da qilinmoqda. Bu kabi ajrlarga erishish yo’li hadisda ochiq aytilmoqda. Bu narsa karantin talablariga beparvolik qilmay, rioya qilishlik bilan bo’lar ekan. Qaysi joyda itoat, tartib-intizom bo’lsa, u yerda tinchlik va baraka hukm suradi. Qaysi yerda boshboshdoqlik, o’zbilarmonlik bo’lsa na hotirjamlik, na baraka bo’ladi. Shu boisdan har bir o’zi va jamiyatining tinchligini o’ylagan inson so’zsiz — shifokorlarga, rahbarlarga, muhtaram ulamolarimiz pand-u nasihatlariga amal qilmog’i lozimdir. Ayni vaqtda bizdan so’ralayotgan narsa birgina karantin talablariga roiya qilishimiz ekan, bu talabga chin qalbdan rozi bo’lgan holimizda, bugungi kunimizdan rozi bo’lib yashashimiz bu ofatning, sinovning boshimizdan tezroq ko’tarlinishiga sabab bo’lishini ulamolarimiz takror va takror aytmoqdalar. Bu kunlar, albatta, o’tib ketadi, ammo shunday sinovli kunda kimning kimligi bilinadi, ma’naviyatimiz, odobimiz, vatanimizni qanchalik yaxshi ko’rishimiz bilinadi. Muruvvatimiz, saxovatimiz, sabrimiz sinalmoqda. Shunday sinovlardan hamjihatlik ila o’tib, albatta, bu ofatni yengib chiqamiz. Keling, yurtdoshim! Jonajon vatanimizga kelgan ofatni birgalashib yengaylik. Keling, aziz qadrdonlarim, vatanimizni yaxshi ko’rishimizni amalda sadoqat va itoatimiz bilan isbotlaylik. Sabr va shukr, tartib-intizom bilan hayot kchirsak, misli ko’rilmagan mukofotlar, inshaalloh, keladi. Bunga yurtimiz bosib o’tkan ulkan tariximiz ham shohiddir! Abdulhamid Aliyev “Sayyid Muhyiddin maxdum” o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi