МАҚОЛАЛАР KEKSALARNI HAR DAMDA E’ZOZLAYLIK 12 октября, 2022 0 163 Alloh taolo O’zining oxirgi va mukammal dini – Islomni barcha sohada mukammal va go’zal tarzda yuborgandir. Ushbu narsa kattalarni ehtirom qilish va keksalarni e’zozlash bobida ham yaqqol namoyon bo’ladi. Darhaqiqat, Islom dinida katta yoshdagi insonlarni hurmat qilish va e’zozlash yuksak odob namunasi hisoblanadi. Qadimdan ota-bobolarimiz dinimiz ta’limotlariga amal qilish jarayonida bu boradagi ko’rsatmalarni go’zal tarzda amalga oshirganlar. Bu ishni, avvalo, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’z sunnatlarida joriy qilganlar va barchamizga o’rnak bo’lganlar. Buning yorqin misoli qilib quyidagi hadisni keltiramiz: “Yoshi ulug’ bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan ko’rishishni iroda qilib keldi. Qavm unga yo’l ochishda kechikib qoldi. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichiklarimizga rahm qilmagan, kattalarimizni ulug’lamagan bizdan emas”, dedilar”. ( Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan). Demak, biz ushbu hadis orqali keksalarni e’zozlash keng ma’no ekanligini, bunga izzat-ikromning barcha turlari kirishini bilib oldik. Shunday ekan yosh, baquvvat chog’ida el-yurtga xizmat qilgan kishilarga qarigan chog’larida yaxshilik qilib, qilgan yaxshiliklariga javoban ularni har damda e’zozlashimiz va ularga moddiy bo’lsin yo jismoniy bo’lsin o’z yordamlarimizni berishimiz darkor. Zero, qarilik inson hayotining ojizlik va zaiflik bosqichi emasmi? Bugungi kunda biz yoshlar ham ulug’ bobokalonlarimiz va momolarimizga munosib bo’lishimiz, barcha go’zal odoblarga amal qilib, keksalarni e’zozlash, ularga izzat-ikrom ko’rsatish ishlarini qoyilmaqom tarzda yo’lga qo’yib borishimiz lozim. “Sayyid Muhyiddin maxdum” o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Muhammadali XAITBOYEV