KOMIL MO’MINLIK SARI

0
59

Shayx Abdulqodir Jiyloniy quddisa sirruh majlislarining birida shunday dedi:  “Sen oqil bo’l, yolg’on gapirma. Allohdan qo’rqaman, deb aytasan-u, lekin undan boshqadan qo’rqasan. Sen jin, inson, farishtalar, hayvonlardan yoki dunyo azobidan qo’rqma, balki (haqiqiy) azoblovchining azobidan qo’rq. Oqil kishi Alloh taoloning himoyasida bo’lib, malomatchining malomatidan qo’rqmaydi. U Allohning so’zidan boshqa so’zni eshitmaydi. Insonlarning barchasi Alloh huzurida ojiz, bemor va faqirdir. Buning tafsiloti shuki, ilmlari foyda beradiganlar ulamolardir. Shariat va islom ahkomlari bilan foyda beruvchi olimlar sindirilgan dinni tuzatuvchi tabiblardir. Ey, dini singan kishi, ulamolarga yaqinlash, singan diningni tuzatib qo’yadilar. Alloh oldin shifosini yaratib, so’ng kasallikni paydo qilgan. U boshqalardan ko’ra isloh qilishda tanilgan zotdir. Sen Robbingning fe’lidan ayb qidirma. Avvalo nafsingni aybla va malomat qil. Unga ayt: “Itoat etgan kishiga sovg’a berish kerak, osiy kishiga esa, o’ziga yarasha javob qilish lozim. Agar Alloh taolo bir bandaga yaxshilikni xohlasa, uni musibatga duchor qiladi. Agar sabr qilsa, darajasini ko’tarib, holatini yaxshilaydi. Va unga ko’p ne’matlar ato qiladi.

Ey Allohim, Sendan balosiz, ofatsiz yaqinlikni so’raymiz. O’z hukming va qadaringda bizlarga lutf  ayla. Yomonlarning yomonligi va fojirlarning hiylasiga o’zing kifoya qilgin. Bizni o’zing xohlaganingdek himoya qil. Sendan din, dunyo, oxiratda ofiyat va afvingni so’raymiz. Barcha amallarimizda ixlos va solih amallar uchun tavfiq berishingni tilaymiz. Omin!”

Bir kishi Abu Yazid Bastomiy huzuriga kirib o’tirdi va o’ngga-chapga qaray boshladi. Abu Yazid u kishiga: “Senga nima bo’ldi?” — dedi. U kishi: “Men namoz o’qish uchun pok o’rin istayapman”, — dedi. “Sen qalbingni poklab, xohlagan yeringda namoz o’qiyver”, — dedilar. Ixlos qiluvchi kishilar riyoni yaxshi taniydilar va unga duch kelsalar, xalos bo’lishga harakat qiladilar. Riyo yo’lda uchraydigan uqubat bo’lib, undan ehtiyot bo’lmoq lozim. Riyo, ujb va nifoq shaytonning qalbga otadigan o’qlaridandir. Sizlar mashoyixlarga yuzlaninglar va ulardan Alloh taologa olib boruvchi yo’lda yurishni o’rganinglar. Chunki ularning yo’llari haq yo’ldir. Ulardan nafs, hoy-u havasga tobe bo’lish ofatidan qutulish yo’lini so’ranglar.

Sen shaytonning og’zingga puflashidan ehtiyot bo’l. Nafsing yo’lida mag’lub bo’lma. Chunki u senga o’z yo’lida qudrati yetguncha o’q otadi. Senga kuchi yetmagan jin shaytoni ins bilan keladi. Ular nafs va yomon do’stlardir. Alloh azza va jalladan madad so’rasang, albatta, Alloh bu dushmanlarning ustidan (g’alaba qilishingda) yordam beradi. Agar Alloh huzuridagi ne’matni ko’rib, u bilan nasibalansang , barcha insonlarga: “Huzurimga kelinglar”, — deb ayt.

Yusuf alayhissalom podshoh va mulki bilan zafar topgan vaqtlarida o’z ahllariga quyidagicha nido qilganlar: “Menga hammangiz ahlingiz bilan kelinglar”. (Yusuf surasi, 39-oyat)

Mahrum kishi dunyo va oxiratda Allohdan uzoqlashgan kishidir. Alloh taolo aytadi: “Ey, odam bolasi! Agar Men seni unutsam(yo’qotsam) hamma narsa seni unutadi(yo’qotadi)”. Ey, birodar, Allohdan va solih bandalardan yuz o’girasan, ularga so’zing, fe’ling bilan botinda va zohirda aziyat berasan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Mo’minga aziyat berish Alloh nazdida Ka’bani va Baytul-ma’murni o’n besh marta buzmoqdan yomondir”. Allohning mo’min, solih, orif, tavakkul qiluvchi bandalari uning fuqarolaridir. Ularga aziyat bersang, senga vayl bo’lsin. Yaqinda uyingdan o’liging chiqadi. Faxrlanadigan, foyda ham, zarar ham bermaydigan moling sendan tortib olinadi.

Ey, farzand, qalbingda dunyoga muhabbat bor ekan, solihlarning sifatlaridan biror narsani anglamaysan. Modomiki sen insonlarga sherik bo’lib aldasang, qalbing ko’zi ochilmaydi. Insonlar va dunyodan zuhd qilmaguningcha sen haqingda yaxshi so’z yo’q. Jidd-u jahd qil, shunda o’zingda boshqalar ko’rmagan narsani ko’rasan. Agar hisobingdagi narsani kechsang, hisobingdan tashqaridagi narsa senga keladi. Allohga suyansang, unga yolg’izlik va jamoatda bir xil ishonsang, o’ylamagan joyingdan rizq beradi. Senga berilgan narsani tark qilib, qiziqtirilgan narsadan yuz o’gir. Dunyoda tark qilish, oxiratda esa olish kerak. Ishning boshida qalbga bo’lgan taklif dunyo va shahvatlarni tark qilish bilan bo’ladi. Oxiratda undan tanovul qilinadi. U kunda avval taqvodorlarga, Alloh taoloning toatida bardavom bo’lganlarga taklif qilinadi”.

Abdulqodir Jiyloniyning “al-Fath ar-robbaniy val-fayz ar-rohmaniy” asari asosida “Sayyid Muhyiddin maxdum” o’rta maxsus islom bilim yurti bitiruvchisi G’ulomov Elmurod tayyorladi.

Load More In МАҚОЛАЛАР