Masjidi Nabaviy va Payg‘ambarimiz ﷺ Qabrlarini ziyorat qilishning ahmiyati

0
59

Islom dinida Madina shahridagi Masjidi Nabaviy va unda joylashgan Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ qabrlarini ziyorat qilish katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu amal musulmonlar orasida Payg‘ambarimiz ﷺga bo‘lgan muhabbat va hurmatning namoyishi hisoblanadi. Payg‘ambarimiz ﷺ o‘zlarining muborak masjidlari haqida shunday deganlar: “Mening masjidimdagi bir namoz boshqa joylarda o‘qilgan ellik ming namozga teng.” Bu hadis musulmonlar uchun Madinani, ayniqsa Masjidi Nabaviy va unda joylashgan Payg‘ambarimizning muborak qabrlarini ziyorat qilishga rag‘bat uyg‘otuvchi asosiy dalildir.

Islomiy manbalarda ba’zida ziyorat qilishning makruhligi haqida ayrim tushunmovchiliklar mavjud. Bu masalada ba’zi manbalar Imom Molik rohimahullohning “Rasululloh ﷺ qabrini ziyorat qildim,” deb aytish makruh degan so‘zlariga tayanadilar. Bu so‘zning ma’nosi zohiran anglashilgandek emas. Hakim ul-Umma deb tanilgan buyuk olimlar bu masalani sharhlab, shunday deydilar: “Agar bu gap to‘g‘ri bo‘lsa ham, bu Rasululloh ﷺning ziyoratlarini inkor qilishni bildirmaydi. Bu fikrning ma’nosi shuki, Payg‘ambarimiz ﷺ tirik bo‘lganlaridek, qabrlarida ham tirik ekanliklariga hurmat bilan munosabat qilish zarur. Shu sababli, bu ziyoratni “Rasululloh ﷺning qabrlarini ziyorat qildim” deb emas, balki “Rasululloh ﷺni ziyorat qildim” deb ifoda qilish tavsiya etiladi. Bu, ul zotning maqomlariga hurmat bildirishga qaratilgan o‘ziga xos ehtiromdir.

Islom olimlari musulmonlar uchun Payg‘ambarimiz ﷺ qabrlarini ziyorat qilishning joiz ekanini ta’kidlaydilar va qabr ziyoratiga doir umumiy shartlar va odoblar doirasida amalga oshirilishini tavsiya qiladilar. Zamonaviy davrda bu ziyoratni noto‘g‘ri amallar yoki Islomga zid e’tiqodlar bilan ado etishdan tiyilish juda muhimdir. Buyuk olim Hakim ul-Umma  Bahishti Zevar kitobida shunday yozganlar: “Solih kishilarning qabrlarini ziyorat qilish uchun safar qilish joizdir, lekin zamonamizda keng tarqalgan bid’at va xato ishlardan saqlanish kerak.” Bu bilan ulamolar bid’at va xurofotlardan xoli, sof e’tiqod asosidagi ziyorat qilishni tavsiya etadilar.

Islom olimlari va mashhur ulamolar Rasululloh ﷺning qabrini ziyorat qilish musulmonlar uchun ruhiy poklanish, dinga bo‘lgan e’tiqodni mustahkamlash va qalbni tinchlantirish omili ekanini ta’kidlaydilar. Ziyorat Payg‘ambarimiz ﷺga bo‘lgan muhabbat va hurmatni oshirish bilan birga, musulmonning qalbida Allohga yaqinlashish tuyg‘usini kuchaytiradi. Ziyoratning mohiyati shundaki, bu amal musulmonlar orasida Payg‘ambarimiz ﷺni sevish va ularga bo’lgan soģinchni bir muncha qondirishni anglatadi.

Alloh taolo hammamizga ushbu muborak ziyoratni amalga oshirishni nasib qilsin va bizni Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺning haqiqiy izdoshlari bo’lishni taqdir etsin!
«Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudarrisi Muhammadali domla Xayitboyev.

Load More In RADDIYA