Musulmonlar sayyidi (2-qismm))

0
338

Ubay ibn Ka‘b

Islomni hijratdan avval, ikkinchi aqaba bay’atida yetmish nafar madinalik qatori qabul qildi. Hijratdan keyin asharai mubashsharadan bo‘lgan Said ibn Zayd bilan qiyomatli do‘st tutindi. Johiliyada yozish va o‘qishni biladigan kam sonli insonlardan biri; bitiklarining tagiga falonchi yozdi, deb imzo qo‘ygan ilk musulmon edi.
Madina davrida Ubay Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga kotiblik qildi. Jabroil (a.s.) vahiy keltirgach, yozgani hamono yodlab olar va Rasululloh (s.a.v.)ga o‘qib berardi.

Ubay ibn Ka’b shirali ovozga ega bo‘lib, Qur’oni karimni eng chiroyli qiroat qiladigan sahobalardan biri edi va Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning: “Ummatning eng yaxshi qorisi Ubaydir!” degan e’tiroflariga sazovor bo‘lgandi. Keyinchalik Sayyidul qurro, ya’ni, qorilar yetakchisi degan laqab orttirgan. Anas ibn Molik aytadi: “Rasululloh (s.a.v.) hayotlik chog‘larida Qur’onni to‘rt kishi to‘la yod olgandi. Bular: Ubay ibn Ka’b, Muoz ibn Jabal, Abu Zayd va Zayd ibn Sobit” (Imom Buxoriy, Imom Termiziy).
Abdulloh ibn Amr ibn Os aytadi: «Rasululloh (s.a.v.)ning bunday deganlarini eshitdim: “Qur’onni to‘rt kishidan o‘rganinglar: Abdulloh ibn Mas’uddan, Abu Huzayfaning quli Solimdan, Muoz ibn Jabaldan va Ubay ibn Ka’bdan» (Imom Buxoriy).
Ubay Qur’on qiroatini shaxsan Rasululloh (s.a.v.)dan o‘rgandi. Qur’onga bo‘lgan rag‘bat va muhabbati tufayli fazilati ortib, Payg‘ambarimiz (a.s.) olqishlari, sahobalar hurmatiga sazovor bo‘ldi.
“…Bir kuni asr namozidan keyin Sarvari anbiyo (s.a.v.) ashobga o‘girildilar, Mavlo huzurida nurlangan yuzlarini nurlanish istagan ko‘zlarga qaratdilar. Hamisha go‘zal edilar. Ammo ba’zan vahiy ketidan yoki namozdan so‘ng shunday holga tushardilarki, ko‘zlar bu go‘zallik va haybatga bardosh berolmay, yerga qarardi. Hozir ham shunday holat ro‘y berdi. Nigohlari masjid ichida sayr etib, bir chetda jim o‘tirgan odamda to‘xtadi. Kulimsirab:
– Ey Ubay! — deya ovoz berdilar.
Ubay ibn Ka’b darhol oyoqqa turdi.
– Labbay, yo Nabiyulloh! – dedi. Odob va hurmat bilan qoshlariga kelib o‘tirdi.
– Alloh taolo senga Bayyina surasini o‘qishimni buyurdi, – dedilar Rasululloh (s.a.v.).
Bu so‘zlar Ubayning quloqlarini qizdirdi. Ko‘zlari hayajondan yondi.
– Mening ismimni aytib, shuni buyurdimi, yo Nabiyulloh?!
– Ha!
Ubay quyilib kelgan yoshlarni to‘xtatishga urinmadi ham. Zotan, yig‘layotgan faqat u emasdi. Bunday xushxabarni eshitganlar orasida ham ko‘zyoshlarini artganlar bo‘ldi.
– Qulog‘im sizda, yo Rasululloh, Rabbimning amri boshim ustiga.
Payg‘ambarlar imomi (s.a.v.) bu xos amrni joyiga keltirish uchun “Bismilloh…”ni aytdilar va o‘qiy boshladilar…
O‘sha kecha Ubay sevinch ko‘zyoshlarini to‘kdi. Payg‘ambariga bu bandasining otini bildirib o‘qishini buyurgan Rabbiga hamdu sanolar aytdi. Ruhida mavj urgan tuyg‘ularni tilda ifodalash imkonsiz edi. O‘sha kuni his qilgan baxtga hayoti davomida erishmagandi. Ha, Qur’onni Rasululloh (s.a.v.)ning taqdirlariga loyiq darajada chiroyli o‘qiydigan Ubayning Qur’onga bo‘lgan xizmati mukofoti edi bu!” (“Saodat asri qissalari”).
Ubay Rasululloh (s.a.v.) hayotlik chog‘larida fatvo bera olgan ozchilikdan birib bo‘lgan. Sahl ibn Muhammad rivoyat qiladi: “Rasululloh (s.a.v.) davrlarida fatvo bergan uch muhojir va uch ansor bor edi. Muhojirlar Umar, Usmon, Ali, ansorlar esa, Ubay ibn Ka’b, Muoz ibn Jabal va Zayd ibn Sobitdir”.
Ubay ibn Ka’b Abu Bakr xalifaligi vaqtida muhim vazifalarni bajardi. Hazrat Abu Bakr biror ahamiyatli masalaga duch kelib, yechimini Qur’on va sunnatdan topa olmasa, olim sahobalarni to‘plab kengashardi. Ubay ibn Ka’b esa ana shu kengashning doimiy a’zosi edi. Shuningdek, o‘sha paytda fatvo berish bilan nom qozongandi.
Ubay ikkinchi xalifa hazrat Umar nazariga tushgandi. Uni qattiq hurmat qilar, Sayyidul muslimin (musulmonlar ulug‘i) deya e’zozlardi. Umar kunlarning birida xalqqa yuzlanib dedi: “Qur’on haqida savoli borlar Ubayga, faroiz (meros ilmi)dan savoli borlar Muozga, mol-mulk keraklar menga murojaat qilsin. Chunki Alloh meni xazinabon va tarqatuvchi qilib qo‘ydi”.
Ubay ibn Ka’b taroveh namozini ilk bor jamoat bilan o‘qigan insondir. Rasululloh (s.a.v.), u kishining vafotlaridan keyin Abu Bakr, keyinroq Umar ibn Xattob davrlarida taroveh, ayrim holatlardan tashqari, jamoat bilan emas, yakka holda ado etilardi. Kunlarning birida hazrat Umar masjidga kelib tarovehni har kim o‘zicha o‘qiyotganini ko‘rdi. Kimdir o‘zi, kimdir kichik jamoat bilan o‘qirdi. Hazrat Umar jamoatni bitta imom ortiga jamlashga qaror qildi va ertasiga Ubay ibn Ka’bni taroveh namoziga imom qildi. Shundan keyin taroveh jamoat bilan o‘qiladigan bo‘ldi.

Ubay ibn Ka’b rivoyat qilgan hadislardan biri quyidagicha: “Odamning bir vodiy to‘la moli bo‘lsa, ikkinchisini istaydi. Ikkita vodiy to‘la moli bo‘lsa, uchinchisini xohlaydi. Odamning ichini tuproqdan boshqa narsa to‘ldirolmaydi. Alloh esa, tavba qilganning tavbasini qabul qiladi”.
Ubay ibn Ka’bning vafoti haqida turli fikrlar bor. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, hazrat Umar davrida vafot etgan.
Alloh taolo u zotdan rozi bo‘lsin!

Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi: Muhammadyusuf domla Abdurahmonov tayyorladi.

Load More In МАҚОЛАЛАР