RADDIYA Nabiy sollallohu alayhi va sallam dafn qilingan maqom darchasini o‘pish bid’atmi? 27 ноября, 2025 0 95 Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rohimahulloh Madinai munavvarada Nabiy sollallohu alayhi va sallamning qabirlarini ziyorat qilishga kirib, maqomning darchasini o‘pmoqchi bo‘ldi. Shu payt u yerdagi qo‘riqchi u kishini to‘xtatib: «Bu bid’at ishini qilmang. Xossatan sizdayin diniy ilm va ma’rifat sohibi bunday qilmasligi lozim», dedi. Shayx Sha’roviy: «Nima sababli?» – deya so‘radi. Qo‘riqchi bo‘lsa: «Bu bir tosh-ku, uni o‘pishdan nima foyda?» – deb javob berdi. Shayx Sha’roviy: «Menga yaxshi tanbeh berdingiz, rahmat sizga. Men buni o‘pib, go‘yoki Nabiy sollallohu alayhi va sallamni o‘pgandek bo‘lar edim. Endi esa oddiy bir toshni o‘payotganimni bildim. Allohga qasamki, sizdayin birodarim boshini o‘pmaguncha ketmayman», dedi. Holigi qo‘riqchi shayxning bu so‘zlaridan taraddudga tushdi, ammo shayx qattiq turib olganidan noiloj rozi bo‘ldi. Shayx Sha’roviy qo‘riqchining bosh kiyimi ustidan o‘pdi. So‘ngra esa kulib yubordi. Qo‘riqchi: «Ey shayx, nimaga kulayapsiz?» – deya so‘radi. Shayx Sha’roviy: «Ey bechora, siz meni boshingizdan o‘pdi deb o‘ylayapsizmi, men boshingizni o‘pganim yo‘q», dedi. Qo‘riqchi esa bu so‘zdan taajjublanib: «Laa havla va laa quvvata illaa billaah, sizdayin ulug‘ shayx Madina haramida bir ishni qilib, so‘ngra buni inkor etadimi?» dedi. Shayx Sha’roviy unga bunday dedi: «Men sizning boshingizni emas, bosh kiyimingizni o‘pdim». Qo‘riqchi: «Ie, buning nima farqi bor? Bosh kiyimim boshim ustida-ku», dedi. Shayx kulib yubordi-da, so‘ngra: «Men o‘payotgan maqom darchasi ham habibimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning maqomi ustida emasmi?!» dedi. Ya’ni, men aslida bu darchani emas, Nabiy sollallohu alayhi va sallamni o‘payapman degan maqsadni iroda qildim. Qo‘riqchi bu so‘zlarni eshitgach o‘ylanib qoldi, keyin ko‘zlaridan jiqqa yosh oqdi va o‘zi ham maqom darchasini o‘pdi. So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi va sallamning maqomi oldida rost turdi. Alloh taolo Shayx Sha’roviyni rahmatiga bursin. O‘ta daqiq tarzda javob bergan ekan! Ahli sunna val-jamoa ulamolari nazdida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning biron kiyimlari yoki maqomlari darchasini o‘pish savobli amal hisoblanadi. Bundayin tabarruk etish esa sahobiylar, tobe’inlar va taba’a tobe’inlardan rivoyat qilingan! Talim muassasasi Matbuot kotibi Zuxrobiddin domla Olimov tayyorladi