OTA-ONANGIZNING DUOSINI OLING!”

0
457

Abu Hurayra (r.a.) aytdilar: “Rasululloh (s.a.v.): “Xor bo’lsin, xor bo’lsin, xor bo’lsin!” — deb o’n marotaba takror qildilar. Shunda sahobiylar: “Yo, Rasululloh, kimni aytayapsiz?” — deb so’rashdi. Rasululloh (s.a.v.): “Ota-onasining ikkalasi yoxud bittalari keksayib qolgan vaqtida(ularni rozi qilmay) o’zini do’zaxga tushishga mubtalo qilgan kishini”, — dedilar.

Darhaqiqat, atrofimizga nazar solsak mazkur hadisning hayotiy isbotlariga guvoh bo’lamiz. Ota-onasini ehtirom qilib, ularni e’zozlab, ularning haqlarini to’la-to’kis ado qilib, natijada ota-onasining duolarini hamda roziliklarini olgan farzandlar qanday baxtli ekanliklari kunday ravshan.

Aksincha, bu ulug’ zotlarni o’ksitib, tahqirlab, natijada noroziliklariga sabab bo’lib, ularning yaxshi duolarini olish o’rniga qarg’ishlariga qolgan insonlar, afsuski, oz emas.

Bu mavzuda so’z yuritilganda sahobiylar hayotiga nazar tashlamay ilojimimz yo’q. Ularning axloqlari, qilgan ishlari go’zal namuna bo’lib qolaveradi. Abu Hurayra (r.a.) shunday sahobiylardan edilar. U zot butun hayotlari davomida insonlarni ota-onalarini hurmat qilishga chaqirdilar. Nafaqat chaqirdilar, balki bunga o’zlari ham amal qilib hayot kechirganlar.

Bu haqda u zotning zamondoshlari guvohlik berib aytishadi: “Abu Hurayra butun umri davomida onasiga katta mehr ko’rsatdi. Har safar uydan chiqar ekan onalariga shunday der edilar: “Sizga omonlik, Allohning rahmati va mag’firati bo’lsin!” Onalari ham bunga javoban: “Senga ham Allohning rahmati va mag’firati bo’lsin!” – der edilar.

Shunda u zot: “Menga kichikligimda rahm qilganingiz kabi Alloh sizni O’z rahmatiga olsin!” – desalar, onalari “Qariganimda mendan rahmatingni ayamaganing uchun Alloh seni O’z rahmatiga olsin!” – deb xayrlashar edilar. Uyga qaytganlarida ham shunday qilar edilar”.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, Payg’ambarimiz(s.a.v.) ko’rsatgan to’g’ri yo’ldan yurib, sahobalarning tutgan yo’llarini o’zlariga dasturulamal qilib olgan, ota-onasini rozi qilib ularning oq fotihalarini olgan insonlar shubhasiz ikki dunyo saodatiga erishgay, inshaalloh.

 

Abdulloh Abduvohidov,

«Sayyid Muhyiddin maxdum»

islom o’rta maxsus bilim yurti

mudarrisi

Load More In МАҚОЛАЛАР