Qarindoshlar bilan aloqani uzish yohud Jahannam sari bosilgan daxshatli odimlar!

0
298

Alloh taolo aytadi: «Oralaringizdagi savol-javoblarda o‘rtaga nomi solinadigan Allohdan qo‘rqingiz va qarindosh urug‘laringiz (bilan ajralib ketishdan saqlaningiz)!» (Niso surasi, 1).

 “Eslang, (Biz) Isroil avlodidan: “Faqat Allohgagina sig‘inasiz, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso‘z bo‘ling, namozni barkamol o‘qing, zakot bering”, – deb ahd  olgan edik. Keyin (siz, ey, Isroil avlodi,) ozchilik qismingizdan  boshqangiz ushbu ahddan yuz o‘girdingiz” (Baqara surasi, 83-oyat).

«Agar (iymondan) yuz o‘girsangizlar, yaqinki, sizlar yerda buzg‘unchilik qilursizlar va qarindosh-urug‘laringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzursizlar! Unday kimsalarni esa Alloh la’natlagandir, bas, ularning (quloqlarini pand-nasihat etishidan) kar, ko‘zlarni esa (to‘g‘ri yo‘lni ko‘ra olmaydigan) ko‘r qilib qo‘ygandir» (Muhammad surasi, 22-23).

Qurtubiy rahimahulloh aytadilar: «Alloh taolo bu ishni qilgan kimsa la’natga duchor bo‘lishini, ko‘zi va qulog‘idan haqiqiy suratda foydalanishdan mahrum etilishini, natijada ko‘rsa ham, yaxshi eshitsa ham, haqqa ergashmasligini va uni aql yuritmaydigan hayvon kabi qilib qo‘yishini xabar berdi».

Biror inson kishilar jamiyatidan ayrilib, o‘zicha yashay olmaydi. Inson zoti borki, boshqa odamlar bilan o‘zaro munosabat o‘rnatishga, boshqalar bilan ahil, totuv yashashga majbur. Bu esa, kishilik jamiyatining ajralmas qonunidir. Insonni jamiyat bilan uzviy bog‘laydigan rishtalar juda ko‘p va turlichadir. Bularning ichida eng muhimi, eng kuchlisi qon va nasab qarindoshligidir. Yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi aloqa ham mana shu rishtalardan hisoblanadi. Inson bu rishtaga suyanadi, undan kuch va quvvat oladi. Hayot muammolarini yechishda unga tayanadi va shu narsa orqali inson hayoti tinch va osoyishta kechadi. Alloh taolo bu borada bunday marhamat etadi:

“Sizdan (ey, Muhammad!) qanday ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: “Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir” (Baqara surasi 215-oyat).

Alloh taolo biz bandalariga shu qadar mehribonki, O‘zining roziligini yaxshi amallar ichiga berkitgan. Bandalar Robbisining roziligini shaxsiy va ijtimoiy ibodatlarni xolis ado etib, ularni birgalikda olib borishi bilan hosil qiladi. Mo‘min kishi namoz o‘qib, kishilar o‘rtasida chiroyli muomila qilmas ekan, ibodatlari bilan robbisini rozi qilolmaydi. Yoki buning aksi ham xuddi shuningdek. Kishilar o‘rtasidagi chiroyli muomilalardan biri — Silayi rahmdir. Qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash esa Islomda “silai rahm” deyiladi va dinimiz musulmonlarni doimiy ravishda silai rahmga buyurgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bu borada shunday nasihat qilganlar: «Kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ekan, qarindoshlari bilan aloqani bog‘lasin», dedilar» (Muttafaqun alayh).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitganman: “Kim rizqi mo‘l-ko‘l qilinishini va umri uzaytirilishini istasa, silai rahm (qarindoshlari bilan aloqa) qilsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taolo qarindoshlik aloqalarini mustahkamlashni O‘zi buyurgani, ammo shunga qaramay ayrimlar bu aloqalarni kesib, yer yuzida buzg‘unchilik qilishlarini qoralab, bunday deydi:

“Bundaylar Alloh ahdini mahkam qilganidan keyin buzishadi, Alloh ulanishga buyurgan qarindoshlik rishtalarini kesishadi va yer yuzida buzg‘unchilik qilishadi, ana shular ziyonkorlardir”.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ummatlarini doimiy ravishda silai rahmga chaqirganlar va qarindoshlik aloqalarini uzganlarni oxiratda og‘ir azob-qiynoqlar kutayotgani haqida ogohlantirganlar, jumladan shunday deganlar:

-«Meni haq (din) bilan yuborgan Zotga qasamki, silai rahmga (xayr-ehsonga) muhtoj qarindoshlari bo‘laturib, boshqalarga ehson qiladigan kishining sadaqasini Alloh qabul qilmaydi. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, unday kimsaga qiyomat kuni Alloh qaramaydi»(Tabaroniy rivoyati).

— «Qaysi bir inson qarindoshining oldiga borib, Alloh unga ato etgan fazl-boyligidan so‘rasa-yu, u baxillik qilsa, Alloh unga jahannamdan «shujo’» deb nomlangan ilon chiqaradi. Ilon uni chaqib, bo‘yniga o‘ralib oladi»(Tabaroniy rivoyati).

— «Qarindosh-urug‘chilik aloqalarini uzuvchi kimsa jannatga kirmaydi» (Mutaffaqun alayh).

-«Rahm (qarindoshlik) Arshda muallaq turadi va: «Meni bog‘laganni Alloh bog‘lasin, meni uzganni Alloh uzsin», deydi»(Muttafaqun alayh).

-«Alloh gunohkorga oxirat uchun hozirlab qo‘ygan uqubatdan tashqari bu dunyoda ham tezda jazo berishiga zo‘ravonlik va qarindoshlar bilan aloqani uzishdan ko‘ra munosibroq gunoh yo‘q» (Termiziy rivoyati).

Biron-bir kishi: “Men qarindoshlarimga silai rahm qilaman, lekin ular mendan uzilib ketadilar, qanchalik ularga yaxshilik qilsam, menga yomonlikni ravo ko‘radilar, ularga yaxshi muomalada bo‘lsam, buni aslo e’tiborga olmaydilar”, degan o‘yda silai rahmni uzib qo‘ymasin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ba’zi sahobalar shunday shikoyat qilishgan vaqtda ularni yomonlikka yomonlik bilan javob berishdan qaytarganlar. Ularga chiroyli muomalada bo‘lishga, qarindoshlik rishtalarini aslo uzmaslikka chorlab, shunday deganlar:

“Qarindoshlariga oqibat qilmaydigan odam qarindosh emas, balki uzilib qolgan qarindoshlik aloqalarini tiklovchi odam qarindoshdir”.

Alloh taolo qarindoshlik aloqalarini ulashga buyurgani holda gumroh kimsalar xesh-aqrabolariga silai rahm qilmay, bu rishtalarni ham uzishadi. Oqibatda ular jannat yuzini ko‘rishmaydi. Mavzu yakunida ushbu hikoyani yakunlov sifatida keltirib o’tishni lozim deb ko’rdik, zora insonman degan zotlar o’zlarini isloh qilib dini islomga to’laligicha o’zlarini taslim etsalar!

“Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning mavlosi- ozod qilgan qul Sulaymon aytadi: “Payshanbadan jumaga o‘tar kechasi Abu Hurayra (r.a) keldilar. Shunda jamoatga qarab aytdilarki: “Ey birodarlar, sizlarga bir narsadan xabar beraymi? Mana shu jamoat orasida bir otadan, bir onadan tug‘ilib, jigarchilikni uzgan kishi bo‘lsa, silai rahmni to‘xtatgan odam bo‘lsa, bugun bu majlisdan tursin, men bilan o‘tirishga noloyiq”, dedilar. Buni ikkinchi marotaba ham takror aytdilar.

Uchinchi marta aytganlarida bir yigit o‘rinlaridan turib, majlisdan uzoq vaqtga uzoqlashdilar. Keyin u kishi haqda bilsalar, yigit ammasi bilan ixtilofda yurgan ekan. Yigit ammasining huzuriga borganida, qarindoshi unga qarab: “Ha, akamning o‘g‘li. Seni nima boshlab keldi? Ey jiyan, shuncha paytdan buyon meni unutgan eding. Bugun qadamingni bosib kelishingga, bu xonadonga kirib kelishingga nima sabab bo‘ldi?”, deb so‘rabdi. Yigit javob berdi: “Abu Hurayraning so‘zlari sabab bo‘ldi. Qarindosh-urug‘chilikni uzganlarning holi nima bo‘lishini aytaymi, deganlarini eshitib, huzuringizga keldim”. Yigit ammasi bilan yarashib, o‘rtadagi xusumatni yo‘qotdi.

Shunda yigitning ammasi aytdi: “Sen Abu Hurayradan so‘ragin. Nega endi payshanbadan jumaga o‘tar kechasi bu gapni ta’kid qildi?”. Yigit borib so‘raganida Abu Hurayra (r.a) marhamat qilib, shunday javob qaytargan ekanlar: “Men Nabiy (s.a.v)dan shunday gap eshitganman: “Har hafta, payshanbadan jumaga o‘tar kechasi bandaning bir haftalik qilgan amallari Yaratgan dargohiga ko‘tariladi”. Agar qarindosh-urug‘chilik rishtalarini uzgan bo‘lsak, qolgan amallarimiz ham Alloh tomonidan qabul qilinmas ekan””.

 

«(Bu oyatlardan) faqat Allohga bergan ahdlariga vafo qiladigan va miysoq-va’dalarini buzmaydigan aql egalariga eslatma olurlar. Ular Alloh bog‘lanishga buyurgan narsalarni (ya’ni, qarindosh-urug‘lar bilan aloqani) bog‘laydilar. Parvardigorlaridan qo‘rqadilar va og‘ir hisob-kitobga duchor bo‘lishdan qo‘rqib, (doim chiroyli amallar qilishga intiladilar)» (Rad surasi, 20-21)

Xulosa o’laroq nima ham derdik, qarindoshlik rishtalarini uzish eng katta gunohlardan va yomon ishlardan bo‘lib, bemehrlik, toshbag‘irlik va hissiyotsizlik deb bilinadi. Bunday kimsadan biron bir yaxshilik kutilmaydi, undan rahm-shafqat umid qilinmaydi. Zero, odam o‘z yaqinlariga yaxshilik qilmasa, begonalardan butunlay chetda bo‘ladi. Uning qalbi o‘z tug‘ishganlariga nisbatan toshbag‘ir bo‘lsa, ulardan boshqalarga esa yanada qattiq va bemehr bo‘ladi. Islom ta’limoti bunday ishlardan qat’iy ogoh etadi. Chunki buning oqibati ayanchli xorlik va Robbil a’lamiyn tomonidan tushgan la’natdir. Alloh taolo qarindoshlik aloqalarini ulashga buyurgani holda gumroh kimsalar xesh-aqrabolariga silai rahm qilmay, bu rishtalarni ham uzishadi. Oqibatda ular jannat yuzini ham ko‘rishmaydi.

Allohim! Osmonlaru Yerning Robbisi! Ey, bandalariga mushfiq bo’lgan Zot! Sendan biz bandalaringni silayi rahmni komil ravishda ulaguvchilardan qilishingchi va silayi rahmni ulaguvchilar bilan bir safda qilishingni so’raymiz! Bizlarni also gumrohligi sabab Sening la’natingga uchrab song do’zaxi aziymga giriftor bo’lganlardan qilmasligingni va biz bandalaringni shundaylarning sharridan saqlashingni so’raymiz! Ya Arhamar Rohimiyn, Ya Xoyrul Nasiriyn!..

 

Manbalar asosida tayyorladi:

“Sayyid Muhyiddin maxdum”

o`rta maxsus islom bilim yurti

3-kurs talabasi, Husayn Sharif

Load More In МАҚОЛАЛАР