МАҚОЛАЛАР Qarzning yuki ogʻirdir 16 ноября, 2024 0 54 Muqaddas dinimiz insonni ezgulikka chorlar ekan, eng avvalo halol va pokiza boʻlishga buyuradi. Ulamolar: “Islomdagi barcha buyruqlarning oʻndan toʻqqizi insonni halol yeyishga, halol yashashga daʼvat qiladi”, deb aytadilar. Xususan “Niso surasi”da Alloh taolo quyidagicha marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizni mollaringizni botil yol bilan yemang”. Demak, oʻzganing molini har qanday noshariy yol bilan oʻzlashtirish dinimizda katta gunoh hisoblanadi. Shu bilan birga bandaning qilayotgan ibodatlari qabul boʻlishi, dunyo va oxiratda foyda berishi uchun ham, uning rizqi haloldan boʻlishi shartdir. Bu haqida Soʻfi Ollohyor bobomiz shunday deydilar: Libosida harom ogʻushta boʻlsa, Oʻshal ogʻushtasi, bir rishta boʻlsa, Oʻshal toʻn birla oʻtkazgan namozi Qabul boʻlmas, dedi ul bahri rozi. Siyom ila agarchi oʻtsa kunlar, Qiyom ila kechursa barcha tunlar, Riyozat birla oʻtkazsang bo har kayf, Arigʻ boʻlmasa luqmang, mehnatin hayf. Yaʼni, Soʻfi Ollohyor bobomiz, Paygʻambarimiz alayhissalomdan naql qilib, kishining kiyimida bir qatla xaromdan kelgan ip aralashsa, shu toʻnni kiyib tuni bilan ibodat qilsada, bu toati Allohning huzurida qabul boʻlmasligini, hattoki, inson harom luqma yegani holda, kunduzlari roʻzador, kechalari ibodat bilan oʻtkazib har qancha riyozat cheksada, uning mehnati hayf demoqdalar. Oʻzganing haqqidan hazar qilish hatto bandaning duosi ijobat boʻlishiga ham taʼsir qiladi. Bu borada Anas roziyollahu anhu quyidagilarni aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamga:- “Ey Allohning rosuli, meni duosi qabul boʻladiganlar qilib qoʻying”,- dedim. Uzot:- “Ey Anas, kasbingni pok qilgin, duoying qabul boʻlur. Chunki bir odam bir luqma haromni ogʻziga solsa, qirq kungacha duosi ijobat boʻlmaydi”,- dedilar”. Demak, musulmon inson oʻzganing haqqiga judayam eʼtiborli boʻlishi kerak. Xususan, hozirgi kunda koʻpchilik beeʼtibor boʻlib borayotgan qarz oldi-berdisida. Aslini olganda, insonlar bir jamiyatda yashar ekanlar, bir birlari bilan qarz oldi-berdi qilishga majbur boʻladilar. Muqaddas dinimizda qarz soʻragan kishini hojatini chiqarishga undaydi. Hatto zoʻriqib turgan insonga qarz berish, sadaqa qilgandan ham ajri ulugʻ hisoblanadi. Shu bilan birga, qarzni oʻz vaqtida ado qilishga buyurib, qarzni olayotgan vaqtda, tezda ado qilishni niyyat qilsa, Alloh taolo bu bandaga yordamchi boʻlishini, bordiyu, qarz olayotganda niyyati qaytarmaslik boʻlsa, uni oʻz holiga tashlab qoʻyishini hadislar orqali eslatadi. Shu bilan birga imkoniyati boʻla turib, qarzini uzmay yurish, dinimizda harom sanaladi. Abu Hurayra roziyollahu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rosulolloh sollallohu alayhi vasallam: “Imkoniyati boʻla turib qarzini ado qilmaslik, birodariga zulm”, deganlar. Ulamolar, “Qarzdor odamning oilasida goʻsht yeyishi makruhdur. Hatto, yemoq–ichmogʻidan kamaytirib boʻlsada, qarzini tezroq ado qilsin, aks holda uning guvohligi qabul qilinmaydi”, deb buyuradilar. Eng yomoni, qarzdor inson qarzini uzmay turib dunyodan vafot etishidir. Bu haqida Rosulolloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning nazdida Alloh nahiy qilgan kabiyra gunohlardan keying eng ogʻir gunoh, biz kishining zimmasidagi qarzini uzishga narsa qoldirmay oʻlib, Allohga roʻbaro boʻlishidir”, dedilar Boshqa hadisi sharifda esa Rosulolloh sollallohu alayhi vasallam “Uning zimmasida qarzi boʻla turib, oʻlgan odamga janoza namozini oʻqimas edilar”, deb rivoyat qilinadi. Banda har qancha koʻplab, solih amallar qilgan taqdirda ham, odamlardan boʻlgan qarzini ado qilmay dunyodan oʻtsa, qiyomat kuni uning ajridan, haqdorlarning barchasiga olib beriladi. Natijada, oʻzi solih amalsiz qolib, doʻzaxiy boʻladi, Bu insonni hadisda Rosulolloh sollallohu alayhi vasallam “haqiqiy muflis” yaʼni kasotga uchragan deb ataganlar. Dinimizda boshqaning moliga botil yol bilan qoʻl uzatish harom boʻlganidek, barcha fuqarolarning unda haqqi boʻlgan davlatning moliga xiyonat qilish ham katta gunohdir. Shular jumlasidan, elektr, suv, gaz kabi davlat tasarrufidagi maishiy ehtiyojlarni turli yollar orqali oʻzlashtirish, oʻgʻirlash yoki oʻz vaqtida qarzdorlikni toʻlamaslik shu jamiyatda yashayotgan barcha insonlar haqqiga xiyonat hisoblanadi. Isteʼmol qilingan komunal xarajatlarning toʻlovi ham kishining zimmasiga qarz va omonat hisoblanadi. Bu qarzni kechiktirish yoki turli yollar bilan undan boʻyin tovlash dinimizda qoralanadi. Bu borada Rosulolloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim aldasa mening jamoamdan emas” deganlar. Xulosa qiladigan boʻlsak, boshqaning haqqini javobgarligi qattiq boʻladi. Xususan, bu haq omma insonlarga tegishli boʻlsa. Shuning uchun, musulmon inson oʻzi bilan boshqalar va davlat oʻrtasidagi qarzlarga judayam eʼtiborli boʻlishi kerak. «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudarrisi Nodirbek domla Jamolov