Qiyomat kuni Allohning soyasiga muyassar bo‘ladigan yetti toifa inson

0
70

عن أَبِي هُرَيْرَةَ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : » سَبْعَةٌ يُظِلُّهُمُ اللَّهُ فِي ظِلِّهِ يَوْمَ لَا ظِلَّ إِلَّا ظِلُّهُ : الْإِمَامُ الْعَادِلُ، وَشَابٌّ نَشَأَ فِي عِبَادَةِ رَبِّهِ، وَرَجُلٌ قَلْبُهُ مُعَلَّقٌ فِي الْمَسَاجِدِ، وَرَجُلَانِ تَحَابَّا فِي اللَّهِ ؛ اجْتَمَعَا عَلَيْهِ وَتَفَرَّقَا عَلَيْهِ، وَرَجُلٌ طَلَبَتْهُ امْرَأَةٌ ذَاتُ مَنْصِبٍ وَجَمَالٍ فَقَالَ : إِنِّي أَخَافُ اللَّهَ، وَرَجُلٌ تَصَدَّقَ أَخْفَى حَتَّى لَا تَعْلَمَ شِمَالُهُ مَا تُنْفِقُ يَمِينُهُ، وَرَجُلٌ ذَكَرَ اللَّهَ خَالِيًا فَفَاضَتْ عَيْنَاهُ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi,Rasululloh ﷺ dedilar:

«Alloh taoloning yetti toifa bandasi bor, qiyomat kuni – unda Allohning soyasidan boshqa hech qanday soya bo‘lmaydigan kunda – U zot ularni O‘z soyasida soyasiga oladi:

Adolatli rahbar ,yigitki, u yoshligidan boshlab Robbisining ibodatida ulg‘aygan, qalbi masjidlarga bog‘langan kishi, Alloh yo‘lida bir-birini sevgan ikki kishi – ular Alloh uchun uchrashganlar va Alloh yo‘lida ajralganlar, mansab va go‘zallik sohibasi bo‘lgan bir ayol uni (zinoga) chaqirganida: “Men Allohdan qo‘rqaman”, degan kishi, o‘ng qo‘li bilan sadaqa berib, chap qo‘li nima ehson qilganini bilmaydigan darajada uni yashirin qilgan kishi, yolg‘iz holatda Allohni eslab, ko‘z yosh to‘kkan kishi».

Bu hadis — Rasululloh sollallohu ‘alayhi va sallamning mashhur hadislaridan biri bo‘lib, yetti toifa insonlar haqida gapiradi. Ular Qiyomat kuni hech qanday soya bo‘lmaydigan bir holatda, Allohning Arshining soyasida bo‘lish sharafiga muyassar bo‘ladilar.

  1. Adolatli rahbar

Ya’ni, xalqqa bosh bo‘lgan, amalda bo‘lgan, lekin adolat bilan hukm qiladigan rahbar. Bu yerda «imom» so‘zi keng ma’noda ishlatilgan: u faqat davlat rahbari emas, balki har qanday rahbar — oilaning boshlig‘i, jamoaning yetakchisi, mahalla raisi, hatto bir sinfning sardori ham bo‘lishi mumkin. Muhimi — adolatli bo‘lish. Ya’ni, qarorlarida xolislik qilish, hech kimga zulm qilmaslik, qarindoshlik, boylik, lavozimga qarab emas, haq bilan hukm chiqarish.

  1. Yoshlik chog‘ida ibodatda ulg‘aygan yigit

Bunday yigit bolaligidan boshlab to balog‘atga yetib, yoshligida ham Allohga ibodatda, din yo‘lida sobit bo‘ladi. Chunki bu yoshda ibodat qilish nafsga og‘ir, shuning uchun bunday yigitning martabasi juda yuqori bo‘ladi.

  1. Masjidlarga qalbi bog‘langan kishi

Bu inson faqat juma yoki hayitda emas, doimiy ravishda masjidga oshiq bo‘ladi, jamoat bilan namoz o‘qishga intiladi. Hattoki masjiddan chiqqanida ham yuragi u yerda qoladi. Allohni eslash, Qur’on tilovati, zikr majlislari kabi amallar orqali u Allohning uyi bo‘lmish masjid bilan bog‘lanadi.

  1. Alloh yo‘lida bir-birini do‘st tutgan ikki kishi

Ular dunyo manfaati uchun emas, faqat Alloh uchun do‘st bo‘ladilar.

Ular bir-birini tushunchalari, din yo‘lidagi yurishlari, yaxshi xulqlari uchun qadrlaydilar. Ular uchrashganda Allohni eslaydi, ajralganda duo qiladi. Alloh yo‘lida do‘stlashgan insonlar o‘zaro dushmanlik qilmaydi, hasad qilmaydi, bir-birini yomon ko‘rmaydi. Bu do‘stlik faqat Alloh uchun bo‘lganligi uchun Qiyomatda soyaga muyassar bo‘ladi.

  1. Go‘zal va mansabdor ayol chaqirganida: «Men Allohdan qo‘rqaman», degan kishi

Ya’ni, faxsh ish qilishga imkon bo‘lsa ham, Allohdan qo‘rqqani uchun bu gunohdan tiyilgan kishi.

Bu holat nafs uchun juda og‘ir sinov. Ayniqsa, ayol chiroyli va obro‘li bo‘lsa, uni rad etish oson emas. Biroq bu kishi nafsini yengadi, o‘zini tutadi va gunohdan saqlanadi. «Men Allohdan qo‘rqaman» deb aytgan odamning bu sabrli ishi Qiyomatda mukofotlanadi.

  1. O‘ng qo‘li bergan sadaqani chap qo‘li bilmaydigan darajada sir saqlagan kishi

Bu inson riyodan (ko‘z-ko‘z qilishdan) yiroq bo‘ladi. Sadaqasini shunchalik pinhona qiladi — hattoki o‘ziga ham ma’lum bo‘lmaydi, maqtanmaydi. U faqat Allohning roziligi uchun beradi. Insonlar uni ko‘rmasa ham, u xursand bo‘ladi.

  1. Yolg‘iz holatda Allohni eslab, ko‘z yoshlari to‘kilgan kishi

Bu inson ko‘z yoshlarini riyo uchun emas, balki chin dildan — Allohni sevganidan, gunohlarini eslab, tavba qilib yig‘laydi. Allohning ulug‘ligini, o‘zining ojizligini chuqur his qilganidan bu holat yuz beradi. Bu sadoqat va halollik belgisidir.

Xulosa

Bu yetti toifa insonlar Qiyomat kuni, quyosh boshdan bir qarich keladigan, yuraklar og‘zi bilan chiqib ketadigan dahshatli kunida faqat Allohning soyasida bo‘ladi. Bu — katta sharaf va najotdir. Har bir mo‘min bu yettilikdan biriga kirishga harakat qilishi lozim.

Ta’lim muassasasi 4-kurs 84-guruh talabasi Rahimov Nurzod

Load More In МАҚОЛАЛАР