QO’SHNIGA YAXSHILIK QILISH

0
736

Xalqimiz azal-azaldan qoni-qo’shnichilik aloqalariga qattiq e’tibor qaratib kelgan. Bir mahallada istiqomat qiladigan qo’shnilar go’yoki bir oiladek hayot kechirishgan. Yaxshi kunda ham, yomon kunda ham birga bo’lishgan. “Qo’shning tinch – sen tinch”, “Yon qo’shni – jon qo’shni” kabi maqollarning kelib chiqishi ham xalqimizning qo’shnichilik masalasiga qanday munosabatda bo’lganidan dalolat beradi.

Qo’shnilar uch xil boladi: musulmon qarindosh qo’shni, qarindosh bo’lmagan musulmon qo’shni va musulmon ham, qarindosh ham bo’lmagan qo’shni. Shunga ko’ra ularning haqlari ham o’ziga xos bo’ladi. Musulmon qarindosh qo’shnining musulmonlik, qarindoshlik va qo’shnilik haqlari bo’ladi. Qarindosh bo’lmagan musulmon qo’shnining musulmonlik va qo’shnilik haqlari bo’ladi. Musulmon ham, qarindoshligi ham bo’lmagan qo’shnining esa faqatgina qo’shnichilik haqqi bo’ladi. Bundan qo’shnichilik munosabatlarida qo’shnining musulmon bo’lish-bo’lmasligi ahamiyatli emasligi kelib chiqadi. Shuning uchun qo’shni qaysi din vakili ekanligi bizni chalg’itmasligi kerak. Qo’shni qanday dinga e’tiqod qilishidan qat’iy nazar uning qo’shnilik haqqi bor. Bizning vazifamiz ana shu haqqa rioya qilishdir.

Qo’shnilar bilan doim yaxshi muomalada bo’linadi, holidan xabar olinadi, qo’lidan kelgancha yaxshilik qilinadi, imkoni boricha ulardan yomonlikni ketkaziladi. Qo’shnilarga yaxshilik qilishda avval eshigi yaqinidan boshlanadi. So’ng undan keyingisiga, so’ng undan keyingisiga va hokazo.

Qur’oni karim va hadisi shariflarda ham qo’shnilarga yaxshilik qilishga buyuriladi. Alhamdulillah, biz o’zbeklar mo’min-musulmon, qo’shnichilikka rioya qiladigan xalqmiz. Shu bois musulmonligimiz isboti o’laroq qo’shnilarga yaxshilik qilishimiz, ular bilan yaxshi muomalada bo’lishimiz lozim bo’ladi.

O’rta Osiyo xalqlarini boshqa xalqlardan ajratib turadigan omillardan biri ham qo’shnichilik aloqalarining mustahkam ekanligidir. Shunday ekan shu va shunga o’xshash masalalarda boshqa xalqlardan “o’rnak” olmaylik. Aksincha, ularga o’rnak bo’laylik. Ajdodlarimizdan qolgan yaxshi urf-odatlarimizni davom ettiraylik, ularning yo’qolib ketishiga yo’l qo’ymaylik. Eng muhimi, musulmonligimizni, o’zligimizni, “o’zbek”ligimizni yo’qotmaylik.

 

 Ahmadulloh G’ofurjonov

‘’Sayyid Muhyiddin maxdum’’ o’rta

maxsus islom bilim yurti 4-kurs talabasi

Load More In МАҚОЛАЛАР