МАҚОЛАЛАР QURʼONI KARIMDAGI BESH ILM 17 ноября, 2022 0 136 Qurʼoni Karim Alloh taoloning oxirgi kitobi oʻlaroq insonlarni toʻgʻri yoʻlga boshlab, ularni ikki dunyoda saodatga yetkazadi. “هَٰذَا بَيَانٌ لِّلنَّاسِ وَهُدًى وَمَوْعِظَةٌ لِّلْمُتَّقِينَ” “Bu (Qurʼon) odamlar uchun toʻgʻri yoʻlni bayon qiluvchi va taqvo egalari uchun hidoyat va pand-nasihatdir.” (Oli Imron 138) Tabiiyki, inson oʻziga toʻgʻri yoʻl koʻrsatadigan kitobni chuqurroq oʻrganishi va amal qilishi lozim. Allohning kitobini oʻrganish va amalga tatbiq etish borasida sahobalar va salaf ulamolar goʻzal oʻrnak boʻlishgan. عبد الله بن مسعود رضي الله عنه قال وَالَّذِي لا إلَهَ غَيْرُهُ ما مِن كِتَابِ اللهِ سُورَةٌ إلَّا أَنَا أَعْلَمُ حَيْثُ نَزَلَتْ، وَما مِن آيَةٍ إلَّا أَنَا أَعْلَمُ فِيما أُنْزِلَتْ، ولو أَعْلَمُ أَحَدًا هو أَعْلَمُ بكِتَابِ اللهِ مِنِّي، تَبْلُغُهُ الإبِلُ، لَرَكِبْتُ إلَيْهِ. Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu: “Oʻzidan oʻzga iloh yoʻq boʻlgan zotga qasamki, Qurʼondan biror sura yoʻqki, men uni qayerda va nima borasida nozil boʻlganini bilmasam. Allohga qasam, agar Allohning kitobini mendan yaxshiroq biladigan, tuya uni oldiga yetkazib olib bora oladigan biror kishini bilganimda, albatta, tuya minib uni oldiga borgan boʻlardim” dedilar. (Imom Muslim rivoyati) Oʻsha davrlarda yetib borsa boʻladigan eng uzoq masofa odatda tuyada bosib oʻtilgan. Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu bu gaplari bilan Qurʼoni Karimni oʻrganish borasida qoʻlimdan kelganini qilaman demoqchilar. Boshqa sahoba va salaf ulamolarimizdan ham shunga oʻxshash rivoyatlar koʻplab yetib kelgan. U zotlar Rosulimiz sollallohu alayhi va sallamning عن عثمان بن عفان رضي الله عنه خَيْرُكُمْ مَنْ تَعَلَّمَ الْقُرْآنَ وَعَلَّمَهُ -رواه البخاري، Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Sizlarning eng yaxshilaringiz Qurʼonni oʻrganib uni oʻrgatganlaringizdir”. (Imom Buxoriy rivoyati) degan soʻzlarini mahkam tutib ummatning eng yaxshisi boʻlishga harakat qilganlar. Keling, biz ham ularga ergashib Qurʼon Karimni oz-ozdan boʻlsa ham oʻrganib boramiz. Qurʼoni Karim oyatlari asosan beshta ilm borasida soʻzlaydi. Ahkom ilmi boshqacha qilib aytganda fiqh ilmi. Bu ilmda farz, vojib, sunnat, mandub yaʼni mustahab, muboh, makruh va harom hukmlar borasida soʻz boradi. Ushbu hukmlar gohida ibodatga gohida nikoh, taloq, savdo-sotiq, sherikchilik kabi muomalaga tegishli boʻlish mumkin. Ahkom ilmini batafsil faqih ulamolarimiz yozib qoldirgan fiqh kitoblaridan oʻrganish imkoni mavjud. Jadal ilmi — kalom ilmi boʻlib, bu ilmning vazifasi adashgan toʻrt firqa — yahudiy, nasroniy, mushrik va munofiqlar bilan bahs olib borib, ularga Islom dini haq din ekanligini isbotlab berishdan iborat. Bu ilmni mutakallimlar yaʼni aqoid ulamolari oʻrganadilar. Alloh taoloning neʼmatlarini eslatish ilmi boʻlib, unda yer va osmonning yaralishi, bandalarning Alloh taologa qanchalar muhtoj ekanliklari va Alloh taoloning kamolat sifatlarini bayon qilinadi. Allohning kunlarini eslatish ilmi — tarix ilmi boʻlib, voqea-hodisalar, anbiyolar qissalari, itoatkor bandalarga berilgan neʼmatlar hamda gunohkorlar duchor boʻlgan azoblar haqida soʻz yuritiladi. Oʻlim va undan keyin boʻladigan ishlar haqidagi ilm boʻlib, qiyomat kuni, mahsharga yegʻilish, hisob-kitob, tarozi, jannat va jahannam borasida soʻz ketadi. Oxirgi uchta ilmni odamlarga vaʼz-nasihat qiladigan xatiblarga bogʻliq boʻlgan ilmdir. Bu ilmlarni maʼruzalar eshitib yoki shu mavzudagi kitoblarni mustaqil oʻqish bilan oʻrganib, amalga tatbiq qilish mumkin. Ammo avvalgi ikki ilmni chuqur ilmga ega ustoz huzurida dars qilib oʻrganish zarur. Bugungi kunda bu ilmlarning orasini ajratib olmaslik natijasida turli xil tushunmovchiliklar kelib chiqyapti. Bunga bir necha sabablar bor. Ulardan baʼzilarini aytib oʻtsak. Aqoid va fiqh ilmi juda chuqur tafakkur hamda hassos yondashuvni talab qiladi. Kerak boʻlsa, bir masalaga javob topish uchun bir necha kitoblarga murojaat qilish kerak boʻladi. Shunday ekan oʻn besh daqiqalik maʼruzadan masalaning mohiyatiga yetib borish amri mahol ish hisoblanadi. Har bir ilmning oʻz istilohlari bor. Har qanday ilmning biror bir masalasini oʻrganishdan avval oʻsha ilm istilohlarini yaxshilab bilish talab qilinadi. Bunga hayotimda uchratgan bir voqeani misol keltirishim mumkin. Kunlarning birida taksida bir birodarim bilan ketayotgan edik. Taksi sherigimga “Siz moʻminmisiz” deb savol berib qoldi. “Ha alhamdulillah moʻminman” deb javob qaytargan edi. “Yoʻq siz qayerdan bilasiz” deb moʻmin unday boʻladi bunday boʻladi deya bir necha sifatlarni ayta ketdi. Biz yaxshi gumon qilib, biror bir maʼruzada eshitgan narsasini aytyapti shekilli dedik. Sababi vaʼz-nasihat qilinganda voizlar “Moʻmin musulmondan bir daraja balandda boʻladi” deb ikkalasini orasini ajratishadi, lekin aqoid ilmida moʻmin va musulmon soʻzlarining maʼnodosh ekanligi borasida alohida mavzular bor. Taksi haydovchisi oʻzi bilmagan va mutaxassisi boʻlmagan masala borasida gap ochib, iymoniga putur yetkazishi yoki sherigim bilan janjallashib ketishiga sal qoldi. Xulosa qilib aytganda bugun ijtimoiy tarmoqlarda aslida hech qanday ixtilof yoʻq baʼzi masalalar ustida tortishilayotganining asosiy sababi masalalarni oʻz mutaxassislariga topshirilmayotgani va ilmlarni bir biridan ajratib olinmayotganidir. Maqolda aytilganidek, “Chumchuq soʻysa ham qassob soʻysin”. Gap masalaning kichikligida emas uni kim gapirishida. “Sayyid Muhyiddin maxdum” oʻrta maxsus bilim yurti 4-bosqich talabasi Xoja Aliy Abdusalim oʻgʻli.