Qur’onning mo’jizaligi

0
203

O’zining kalomida toki ularga uning (Qur’onning) haq ekani aniq ma’lum bo’lguncha, Biz ularga atrofdagi va vujudlaridagi alomatlarimizni ko’rsatamiz deya marhamat qilgan zotga hamd sanolar bo’lsin.

Bu Qur’on Allohning arqoni. Uning ajoibotlari tugamaydi degan Nabiyyimizga salavotu salomlar, U zotning oilalari va as’hoblariga Allohning rahmatlari doimo bo’lsin.

Qur’oni karimni nozil qilib, hozirgacha unga gard yuqtirmagan Alloh taolo nomi bilan boshlayman. Qur’oni karimni Alloh taolo bundan 14 asr oldin nozil qilgan, to’g’ri yo’lni ko’rsatuvchi, insonga qiyomatgacha dasturul amal bo’lgan Alloh taoloning insonlarni ojiz qoldiruvchi kalomidir.

Qur’on Payg`nbarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga berilgan eng buyuk mo’’jizadir. U har bir inson tushuna oladigan qulay va tushunarli bir uslubga egadir. Qur’on adabiy tilining mukammalligi, uslubiy beqiyos xususiyatlar va undagi buyuk donolik uning Alloh taoloning so’zi ekaniga dalildir.

Darhaqiqat, Qur’oni karim oyatlarida shunday bir hikmatli usulda berilgan ba’zi haqiqatlar faqatgina XX asr texnologiyasi yordamida kashf etildi. Qur’on nozil qilingan davrda ya’ni, o’n to’rt asr avval bu haqiqatlarni umuman bilish mumkin emasligi Qur’oni karimni Alloh taoloning so’zi ekaniga yana bir isbot va dalildir.

Albatta, biz Qur’onga faqat ilmiy bir kitob sifatida nazar tashlamasligimiz kerak, chunki u, birinchi navbatda, ma’naviy va diniy yo’riqnoma hisoblanadi. Ammo, Qur’on o’qishga kirishgan har bir kishi Uning haqiqiy Allohning kalomi ekanligini to’liq his qilishi uchun Qur’onni xaqiqiy sirlarini bilishi zarur. Qur’on tushirilgan VII asrda arab qabilalari boshqa xalqlar qatori ilmiy mavzular haqida xurofot va botil tushunchaga ega edilar. Olamni va tabiatni o’rganadigan texnologiyaga ega bo’lmagan arablar avloddan avlodga o’tadigan afsonalarga ishonishardi. Masalan, osmonni tog’lar tepasida deb faraz qilinardi. Bu ishonchga ko’ra, dunyo tekis edi va ikki tarafdagi yuksak tog’lar ustun kabi bu moviy osmonni ko’tarib turardi. Arablarning bu botil ishonchlarini Qur’on yolg’onga chiqardi:               

اللَّهُ الَّذِي رَفَعَ السَّمَاوَاتِ بِغَيْرِ عَمَدٍ تَرَوْنَهَا

Ya’ni: «Alloh osmonlarni ko’rib turganingizdek ustunsiz ko’tarib qo’ygan», mazmunidagi oyati karimada osmonlarni tog’lar soyasida, tepada turgani haqidagi ishonchni bekor qildi. Yana shu kabi ko’pgina ma’lumotlarning xabari Qur’oni karimda berildi. Qur’on arab tilida bo’lib, uning haqiqiy mo’’jizasini to’liq anglash uchun ana shu tilni bilish kerak. Inson aqlini lol qoldiradigan darajada ba’zi bir xabarlar mavjud, shu oyatlar tushirilgan paytda eshitgan kishilar lol qolishardi.

Qur’onda oldin yuborilgan Payg’ambarlar va ularning ummatlari haqida ko’pgina qissalar bor. Ma’lumki, Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam o’qish-yozishni bilmaganlar, umrlarida biror kishidan dars olmaganlar. Shunday bo’lsa-da, Qur’ondagi qissalar eng to’g’ri va ishonchli tarzda, hatto «Injil» va «Tavrot»dagi voqealarning ham xatolarini tuzatgan tarzda bayon qilingan. Mazkur qissalarning ayrimlariga taalluqli ashyoviy dalillarni sinchiklab o’rgangan asrimizning musulmon bo’lmagan olimlari ham Qur’oni karimning chindan ham ilohiy kitob ekaniga imon keltirishgan. Bu hol hozirgacha davom etmoqda.

Davomi bor…

Manbalar asosida:

Andijon «Sayyid Muhyiddin maxdum»

o’rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Muhammadali Xaitboyev tayyorladi

Load More In МАҚОЛАЛАР