МАҚОЛАЛАР QURBONLIK — ALLOHGA QURBATDIR! 30 июля, 2020 0 274 Qurbonlik qilish dinimizda ulug’ ajrlarga sabab bo’ladigan, fazilatlari bisyor bo’lgan moliyaviy ibodat sirasidandir. Bu amal vojib bo’lgan kishilar uchun Qurbonlik qilish Kavsar surasining 3-oyati bilan sobit bo’lgan: «Bas, Robbinga namoz o’qi va jonliq so’y». Ammo, Alloh taolo uchun so’yilgan qurbonlikning go’shti ham, qoni ham e’tiborli emas. Ammo, undagi taqvo, ixlos va bo’ysunish Allohning nazdida qadr-qimmatga egadir. Qurbonlik qilish banda uchun Robbisiga qurbat hosil qilish va Uning roziligi yo’lida qilingan ibodat sifatida joriy qilingan. Bu haqida Alloh taolo Haj surasining 37-oyatida shunday marhamat qiladi: «Ularning go’shtlari ham qonlari ham zinhor Allohga yetmas. Lekin Unga sizdan taqvo yetadir». Qurbonlik qilish bilan Alloh taologa xuddi Ibrohim alayhissalom va Ismoil alayhissalom kabi bo’ysunish aks etadi. Mazkur buyuk payg’ambarlar bilan bo’lib o’tgan ma’lum va mashhur qissa to’g’risida Soffat surasining 103-105-oyatlarida shunday zikr qilinadi: «Ikkovlari taslim bo’lib, uni (Ismoilni) peshonasi bilan (yerga) yotqizganda, Biz unga nido qildik: Ey Ibrohim, batahqiq sen tushni tasdiq qilding. Albatta, Biz go’zal ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz». Ko’plab hadisi shariflarda qurbonlik qilish fazilatlari haqida marhamat qilingan. Shulardan biri Abu Sa’id Al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlari Fotima roziyallohu anho onamizga aytdilar: «Qurbonligingiz oldida turib, guvoh bo’ling. Chunki, qurbonlik qonining birinchi qatrasi tomishi bilan o’tgan gunohlaringiz mag’firat qilinadi». Imkoni borlar tarafidan qurbonlik qilinishi sharofati bilan kambag’al, beva-bechoralar, yetimlar xonadonida ham bayram shukuhi ziyoda bo’ladi, taomlariga go’shtning mazasi qo’shiladi, zaiflarga quvvat bo’ladi, bemorlarga shifo bo’ladi. Hayit bayrami faqat boylarning xonadonida emas, balki faqirlarning xonadonida ham ko’tarinki ruhda o’tishiga sabab bo’ladi. Zotan bu ulug’ bayram barcha musulmonlar uchun barobar tantana bilan o’tishi lozimdir. Ayniqsa, bugungi og’ir kunlarimizda xalqning holidan xabar olish, atrofimizdagi qiynalgan oilalarga yordam berish eng zarur ishlardan biri bo’lib turibdi. Diniy va dunyoviy rahbarlarimizning ham ayni paytdagi aksar chaqiriqlari shu narsaga bo’lyapdi. Mol-dunyosi bor musulmonlarimiz mana shunday qiyin lahzalarda qurbonliklar so’yib, xalqqa tarqatishi har taraflama eng afzal amallardandir. Bu ibodatlarning sharofati bilan, keksa va zaiflarimizning duolari bilan hayotimiz yana iziga tushib ketishini yakkayu yagona Xojatbaror bo’lgan zotdan so’rab qolamiz! Alloh taolo barcha musulmonlarga kirib kelayotgan Qurbon hayiti bayramini muborak qilsin! Unda qilinajak ibodat va duolarni qabul qilsin! Yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, sog’lik va baraka bersin! Rustamjon domla Mahmudov «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom bilim yurti mudiri vazifasini bajaruvchi