Ramazon duo oyi

0
130


Ramazon — bu faqat ro‘za oyi emas. Bu oy — osmon eshiklari ochiladigan, rahmat yog‘iladigan, duolar ijobat bo‘ladigan muborak fursatdir. Ramazon — bandaning Robbiga eng yaqin bo‘ladigan onlari jamlangan oy.
Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qiladi:
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ
(Baqara, 186-oyat)
Ma’nosi:
“Bandalarim sendan Men haqimda so‘rasalar, albatta Men yaqinman. Duo qiluvchi Menga duo qilgan paytda uning duosini ijobat qilaman.”
E’tibor bering: bu oyat ro‘za oyatlaridan so’ng kelgan. Bu — bejiz emas. Bunda Alloh taoloning ajib hikmati yashiringan. Go‘yo Alloh: “Ro‘za tutgan bandam, Men senga juda yaqinman. Duo qil!” — deb turgandek.

Rasululloh ﷺ aytdilar:
ثَلَاثَةٌ لَا تُرَدُّ دَعْوَتُهُمْ: الصَّائِمُ حَتَّى يُفْطِرَ، وَالإِمَامُ الْعَادِلُ، وَدَعْوَةُ الْمَظْلُومِ
(Tirmiziy rivoyati)
“Uch kishining duosi rad etilmaydi: ro‘zadorning iftorigacha bo‘lgan duosi, adolatli rahbarning duosi va mazlumning duosi.”
Demak, ro‘zador insonning ayniqsa iftor oldidagi duosi -ijobati yaqin bo’lgan bir fursatdir.
Ramazonning eng buyuk kechasi — Laylatul Qadr. Bu kecha haqida Alloh Qur’onda shunday deydi:
لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ
“Qadr kechasi ming oydan yaxshiroq.”
Ming oy ! Demak, bir kechadagi duo — bir umr ibodatdan ham afzal bo‘lishi mumkin.
Rasululloh ﷺ bu kechada quyidagi duoni ko‘p o‘qishni tavsiya qilganlar:
اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي
“Ey Alloh, Sen afv etuvchisan, afv etishni yaxshi ko‘rasan. Meni afv etgin.”

Rivoyat qilinadiki, bir solih kishi Ramazon oyida har kuni iftor oldidan uzoq duo qilar edi. Undan: “Nega har kuni bir xil so‘rayverasan?” deb so‘rashdi.
U dedi:
“Men Allohdan jannatni so‘rayman. Bilaman, Alloh va’dasiga xilof qilmaydi. Balki bugun qabul bo‘lar, balki ertaga. Lekin bir kun albatta qabul bo‘ladi.”
Ramazon o‘tib ketdi. Oradan yillar o‘tdi. O‘sha kishi vafot etgach, uni tushida ko‘rishdi. U dedi:
“Ramazondagi bir iftor oldidagi duom sabab Alloh meni mag‘firat qildi.”
Bu hikoya bizga nimani o‘rgatadi? Duo — darhol ijobat bo‘lmasa ham, yo‘qolmaydi. Alloh huzurida saqlanadi.
Shuning uchun Ramazonda faqat taomdan emas, g‘aflatdan ham ro‘za tutaylik. Qo‘llarimizni ko‘proq ko‘taraylik.
Alloh duolarimizni qabul qilsin. Ramazonni biz uchun najot, mag‘firat va jannatga sabab qilsin. Omin. Ta’lim muassasasi mudarrisi A. Suyarov

Load More In МАҚОЛАЛАР