МАҚОЛАЛАР Ramazon istig‘for oyidir. 20 марта, 2024 0 165 Bu oyda farishtalar ro‘zadorlar uchun Allohdan mag‘firat talab qilishadi. Imom Ahmad va Bayhaqiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ummatimga Ramazonda besh xislat berildi, ular oldingi biror ummatga berilmagan: ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkdan xushbo‘ydir; ularga farishtalar mag‘firat talab qilishadi; Alloh har kuni jannatni bezab, «Solih bandalarim ustilaridan mehnat va aziyatlar uloqtirilib, sening oldingga kelishlariga oz qoldi», deydi; unda bebosh shaytonlar kishanlanadi, natijada ular undan boshqa paytlarda erishadigan narsalariga erisha olmay qolishadi; oxirgi kechada ro‘zadorlar mag‘firat qilinadi», dedilar». Ramazon do‘zaxdan ozod bo‘lish oyidir. Uning oxirgi o‘n kunligi «do‘zaxdan ozod bo‘lish» kunlari sanaladi. Shu bilan birga, Ramazonda har kecha son-sanoqsiz kishilar do‘zaxdan ozod qilinadi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramzonda har kecha Allohning do‘zaxdan ozod qilinadiganlari bo‘ladi», deganlar. Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Abdulaziz domla Furzulov tayyorladi.