Ramazon Rayyon eshigining kalitidir

0
200

Jannatga kirishning o‘zi katta bir saodat. Ammo o‘sha jannatga Parvardigori olamning alohida e’tiboriga sazovor bo‘lib, maxsus tayyorlab qo‘yilgan eshikdan kirish yana bir o‘zgacha baxt va sharafdir.
Imom Buxoriy va Muslim Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Jannatda bir eshik bor, uni «Rayyon» deb ataladi. Qiyomat kuni undan ro‘zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. «Ro‘zadorlar qani?» deyiladi. Shunda ular turishadi. Ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ular kirishgach, u berkitiladi. Keyin hech kim undan kirmaydi», dedilar».
Ramazon bilan xushxabar beriladi, tabriklanadi, unga oshiqiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyini intiqlik bilan kutar, uning yaqinlashganini kishilarga eslatib turar va sahobai kiromlarni u bilan tabriklab, munosib tayyorgarlik ko‘rishga chorlar edilar.
Imom Bayhaqiy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rajab oyi kirganda: «Allohim, bizga Rajab va Sha’bonda baraka bergin hamda Ramazonga yetkazgin», der ekanlar.
Imom Nasoiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga Ramazon kirib keldi, muborak oy. Alloh sizlarga uning ro‘zasini farz qildi», dedilar».
Abu Fazl o‘z     «Musnadida» Salmon roziyallohu anhudan quyidagicha rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sha’bonning oxirgi kuni bizga xutba qilib bunday dedilar: «Ey odamlar! Darhaqiqat, sizlarga buyuk bir oy soya solmoqda. Muborak oy. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Alloh uning ro‘zasini farz qildi, kechasini ibodat bilan o‘tkazishni ixtiyoriy – nafl qildi. Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek bo‘ladi. U sabr oyidir, sabrning savobi esa jannatdir. U ko‘ngil ovlash oyidir. U mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir. Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, bu uning uchun bir qul ozod qilish va gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli, hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz-ku?», deyildi. U zot: «Bu savobni Alloh ro‘zadorga bir tatim sut yo xurmo yoki bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ato etadi. Ammo kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi va Alloh unga mening Havzimdan ichimlik ichiradi, u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Unga ro‘zadorning ajricha ajr bo‘ladi, u(ro‘zador)ning ajridan hech narsani kamaytirilmaydi.
U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod bo‘lish fursati bo‘lgan oydir. Kim unda o‘z mamlukiga (qul va cho‘risiga) yengillik yaratsa, Alloh uni do‘zaxdan ozod qiladi».
Muallo ibn Fazl aytadi: «Salaflar olti oy Ramazonga yetkazishini so‘rab Allohga duo qilishar, keyin olti oy bu oydagi ibodatlarining qabul qilinishini so‘rab iltijo etishar edi».
Yahyo ibn Kasir: «Allohim, meni Ramazonga salomat yetkazgin, Ramazonni men uchun omon qilgin. Uni mendan maqbul holida qabul qilib olgin», deb duo qilar ekan.

Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi: Fazliddin domla Nizomov tayyorladi.

Load More In МАҚОЛАЛАР