Ramazon taqvo oyidir

0
370

Ramazon mo‘min kishiga taqvo malakasini baxsh etuvchi oydir. Chunki bu oyning asosiy xossasi hisoblangan ro‘za ibodatining eng katta natijasi – bu ro‘zadorda taqvo sifatini hosil qilishidir. Alloh taolo Baqara surasida Ramazon ro‘zasini farz qilgan oyatida: «Ey iymon keltirganlar! Sizlarga sizlardan oldingilarga ro‘za farz qilgani kabi ro‘za farz qilindi, shoyadki taqvodor bo‘lsangiz», deb, ro‘zaning asosiy fazilatini, xususiyatini bayon qilgan.
Ulamolar taqvoni barcha yaxshiliklarni jamlovchi go‘zal fazilat dedilar. Hamma yaxshiliklar, barcha insoniy go‘zal fazilatlar ana shu taqvoning ortidan keladi.
Taqvoning mohiyatini qisqacha tushuntiradigan bo‘lsak, u Alloh taolodan qo‘rqishdir. Bundan tashqari Allohning buyruqlarini qilish, U qaytargan ishlardan qaytish ham taqvodir. Abdulloh ibn Mas’ud (r.a) aytadilarki: “Taqvo bu Alloh taologa itoat qilish, unga isyon qilmaslik. Uni doim eslab yurishlik, uni yoddan chiqarmaslik hamda bergan ne’matlariga shukr qilishlik va noshukrchilik qilmaslikdir”.
Ramazon oyining ro‘zasida mo‘min-musulmon odam aynan mana shu malakaning egasiga aylanadi. Kuni bilan yemoq-ichmoqlikka imkoniyatimiz bor, ammo yemoq-ichmoqlikni tark qilamiz. Bunda bizlarni ushlab turgan narsa nima? Xuddi ana shu narsa taqvo deyiladi. Banda ro‘za ibodatini qilayotgan paytda, Alloh taolo meni ko‘rib turibdi, degan tushunchaga keladi. Qani endi bugungi insoniyat ana shu tushuncha bilan yashaganida edi… Ana unda mana shu tushuncha bo‘lsa, u yolg‘iz qolganida ham, nazoratsiz bo‘lganida ham hech qachon gunohga qo‘l urmaydi. Ana shu fazilat, ana shu tushunchaga bugun insoniyat muhtoj.
Ramazon ro‘zasini tutib, banda ana shunday go‘zal fazilat sohibiga aylanadi. Taqvoli inson Alloh taoloning valiysi, do‘sti bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ogoh bo‘ling, Allohning valiylariga xavf-xatar yo‘q, ularga mahzun, g‘amgin bo‘lish yo‘q”, deb marhamat qiladi. Allohga taqvo qilgan bandalariga oxiratda g‘am-g‘ussa yo‘q, mahzunlik yo‘q. Taqvo ana shunday fazilat.

Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi: Akramxon domla Suyarov tayyorladi.

Load More In МАҚОЛАЛАР