МАҚОЛАЛАР RAMAZONDAGI ULKAN AJR 25 марта, 2024 0 170 RAMAZONDAGI ULKAN AJR Ro‘zadorga iftorlik qilib berish xayrli amallar sirasiga kiradi. Bu haqida hadisi shariflarda shunday deyilgan: Zayd ibn Xolid Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ro’zadorga iftorlik qilib bersa, unga ham ro’zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan xolda, uning ajri mislicha beriladi», dedilar. (Imom Termiziy rivoyati) Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sha’bon oyining oxirgi kuni bizga xutba qilib: «Ey insonlar ulug‘ oy, muborak oy, ming oydan yaxshi kechasi bor oy sizlarga yaqin kelib turibdi. Alloh uning ro’zasini farz, tungi bedorligini nafl qildi. Kim bu oyda yaxshi amal bilan qurbat xosil qilsa, boshqa (oy)da bir farzni ado qilgan kabi bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado qilsa, boshqa (oy)da yetmishta farzni ado qilgan kabi bo‘ladi. U sabr oyidir. Sabrning ajri jannatdir. U ko‘ngil surash va mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir. Kim unda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, gunohlari mag‘firat bo‘lib, do‘zaxdan gardani ozod qilinadi. Ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmay, shu ajr mislicha unga (iftorlik qilib beruvchiga) bo‘ladi». Ular: «Ey, Allohning rasuli! Xammamiz ham ro‘zadorni iftorlantiradigan narsa topa olmaydi», dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh ushbu savobni suv qo‘shilgan sut yoki xurmo yoki bir qultum suv bilan ro‘zadorni iftorlantirgan kishiga ham beradi. Kim ro‘zadorni to‘ydirsa, Alloh uni mening havzimdan bir qultum suv bilan sug‘oradi va u jannatga kirguncha chanqamaydi. U avvali raxmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod qilish oyidir. Kim u oyda quli (qo’l ostidagilari)ning ishlarini yengillatsa, Alloh uni magfirat qiladi va do‘zaxdan ozod qiladi», dedilar». (Bayxaqiy rivoyati) Demak, mana shunday muborak ramazon kunlarida, qo’ni-qo’shni, yo’qsinlar va beva-bechoralar holidan xabar olib ularga iftorlik taomini ulashish, ulkan ajrlarli amallardan hisoblanadi. Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi: Nodirbek domla Jamolov tayyorladi.