Rizq

0
105

Bir kishi quduqqa tushib ketdi. Najot so‘rab qichqirdi. Xaloyiq uning qichqirig‘ini eshitib, qutqarishga keldilar. Uni chiqarib oldilar. Bir kishi kelib unga qo‘rquvi, hayajoni ketishi uchun idishda sut berdi. So‘ng:
— Quduqqa qanday qilib tushib ketding? — deb so‘rashdi.
U kishi yiqilishining sababini batafsil tushuntirmoqchi bo‘lib, quduqning yuziga keldi. Lekin, oyog‘i toyib, unga tushib ketdi. Bu safar esa, u halok bo‘ldi.

Shayx Mag‘omisiy bu qissani izohlab dedilar:
— Bu kishining shu birgina sut ichishidan bo‘lgan rizqi qolgan edi. U oxirgi rizqini ist’mol qilgandan so‘ng, unga yozilgan «rizq» nihoyasiga yetdi. Va ayni joyga yiqilib, vafot etdi!

Alloh taolo o‘z oyati karimida marhamat qiladi:
{وَمَا مِن دَآبَّةٍ فِي الْأَرْضِ إِلَّا عَلَى اللَّهِ رِزْقُهَا}

(Hud surasi, 6-oyat).
«Yer yuzidagi biron-bir jonivor yo‘qki, uning rizqi Alloh zimmasida bo‘lmasa.»
Bu oyat bizga shuni o‘rgatadi:
1. Yer yuzida mavjud bo‘lgan barcha jonivorlar — odamlar, hayvonlar, hatto eng kichik mavjudotlar ham — o‘z rizqini Allohdan oladi.
2. Hech kim, hatto eng kuchli va aqlli jon ham, o‘z mehnati bilan barcha rizqini topa olmaydi. Rizq Allohning ixtiyorida va taqdiridadir.
3. Bu oyat insonni tavakkulga, shukr qilishga va rizq haqida xavotirlanmaslikka chaqiradi.
Shu sababli mo‘min bandaning vazifasi — harakat qilish, sabrlilik, va Allohga suyanish. Rizq esa, qaysi yo‘l bilan kelishi Allohning irodasiga bog‘liqdir.

Rizqingizdan xavotir olmang! Unga olib boradigan sabablarni qoim qiling, yetadi. Alloh — Razzoq! Hech bir nafs, uning qadariga yozilgan rizqni tugatmasdan oldin, bu dunyoni tark etmaydi.

Ta’lim muassasasi Tafsir fani mudarrisi 

Akramxon Suyarov

Load More In МАҚОЛАЛАР