МАҚОЛАЛАР SADAQA 15 июня, 2026 0 117 Sadaqa va ilm ahliga xizmat — ba’zan inson taqdirini butunlay o‘zgartirib yuboradigan, ko‘zga arzimasdek tuyulgan amallardandir. Alloh taolo bandalarning amallariga miqdori bilan emas, balki ixlosi va qalbidagi samimiyat bilan nazar soladi. Bir dona xurmoning yarmi, bir necha dirham yordam yoki ilm ahliga ko‘rsatilgan ehtirom sababli inson do‘zaxdan najot topishi, hatto hidoyat ne’matiga erishishi mumkin. Oisha roziyallohu anho bir joriya sotib oldilar. Shunda Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: — Ey Muhammad, bu joriyani uyingizdan chiqaring. Chunki u do‘zax ahlidan, — dedilar. Shundan so‘ng Oisha roziyallohu anho uni uylaridan chiqarib yubordilar va yo‘lga ketayotganda ozgina xurmo ham berdilar. Joriya yo‘lda bir muhtoj faqirni uchratdi. Qo‘lidagi xurmoning yarmini o‘zi yedi, qolgan yarmini esa o‘sha faqirga sadaqa qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Jabroil alayhissalom yana kelib: — Ey Muhammad, Alloh taolo sizga bu joriyani qaytarib olishingizni amr qilmoqda. Chunki u yarim dona xurmoni sadaqa qilgani sababli Alloh taolo uni do‘zaxdan ozod etdi, — dedilar. Bu voqea bizga ixlos bilan qilingan kichik amal ham Alloh huzurida ulkan darajaga ega bo‘lishini anglatadi. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Do‘zaxdan, hatto yarim dona xurmo bilan bo‘lsa ham, saqlaninglar», deb marhamat qilganlar. Xuddi shuningdek, ilm yo‘lida xizmat qilish va ilm talab qiluvchilarga ko‘mak berish ham eng ulug‘ ehsonlardan biridir. Muhammad ibn Jarir rahimahulloh hikoya qiladilar: “Bir guruh bo‘lib ilm talabida safarga chiqdik. Bir shaharga tushib, ilm bilan shu qadar mashg‘ul bo‘ldikki, yo‘l xarajatimiz tugab qoldi. Oxiri ortga qaytishga majbur bo‘ldik. Shunda bir yahudiy kishi har birimizga uch dirhamdan bera boshladi. Bu hol qirq marta takrorlandi. Hayratlanib undan: — Nega bizga bunday saxovat ko‘rsatyapsiz? — deb so‘radik. U shunday javob berdi: — Tavrotni mutolaa qilar ekanman, unda Alloh yo‘lida qilinadigan eng afzal ehson ilm talab qilayotgan kishilarga sarflanadigan nafaqa ekanini o‘qidim. Yahudiylar orasida sizlar izlayotgan narsani izlayotgan biror kishini topolmadim. Shu sababli sizlarga yordam berishni lozim bildim. So‘ng biz u bilan xayrlashdik va haj safariga yo‘l oldik. Oradan vaqt o‘tib, bir kuni uni Ka’ba atrofida tavof qilayotgan holda ko‘rib qoldim. Uni tanib: — Islomni qabul qilishingizga nima sabab bo‘ldi? — deb so‘radim. U ko‘zlariga yosh olib dedi: — Bir kuni tushimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim. U zot menga: “Ilm ahliga qilgan ehsoning sababli Alloh taolo seni Islom sharafi bilan ikrom etdi”, — dedilar. Men uyg‘ongach, qalbim Islom nuri bilan yorishdi va musulmon bo‘ldim. Uyimda o‘n yetti kishi bor edi. Qiziq tomoni shundaki, ularning har biri ham xuddi men ko‘rgan tushni ko‘rgan ekan. Natijada barchamiz birgalikda Islomni qabul qildik.” Bu ikki voqea bizni bir haqiqat ustida chuqur tafakkur qilishga chorlaydi: hech bir yaxshilikni kichik sanamaslik kerak. Chunki bir yarim dona xurmo insonni do‘zaxdan qutqarishi, bir necha dirhamlik yordam esa qalblarga hidoyat eshiklarini ochishi mumkin. Kim biladi, bugun ixlos bilan qilgan bir sadaqamiz, ilm ahliga ko‘rsatgan bir xizmatimiz yoki muhtojning ko‘nglini ko‘targan bir so‘zimiz ertaga najotimizga sabab bo‘lar. Shunday ekan, yaxshilik qilishni ortga surmaylik, ehsonni oz deb kamsitmaylik va ilm ahliga xizmatni g‘animat bilaylik. Chunki Alloh taolo huzurida eng qadrli amal — ixlos bilan, faqat Uning roziligi uchun qilingan amaldir. Ta’lim muassasi 2-kurs talabasi Muxtarov Adhamjon tayyorladi