Sheriyat mulkining sultoni

0
874

Alisher Navoiy oʻzbek adabiyoti va madaniyati tarixidagi ulugʻ siymolardan biridir. Zamondoshlari uni “Nizomiddin Mir Alisher” deb ulugʻlaganlar. “Nizomiddin” — din nizomi deganidir. Koʻpincha, mansab egalariga nisbatan aytilgan “mir” — amir demakdir.

Nizomiddin Mir Alisher Navoiy- shoir, mutafakkir, jahon adabiyotining yetuk siymolaridan biri, davlat arbobi, faylasuf.

Hayot yoʻli

Alisher Navoiy 1441 yil 9 fevral kuni Xuroson davlatining poytaxti — hozirgi Afgʻoniston hududidagi Hirot shahrining Bogʻi Davlatxona mavzesida tugʻildi. Otasi Gʻiyosiddin Muhammad — Temuriylar saroyida xizmat qilgan, oʻz davrining nufuzli kishilaridan biri, oʻgʻlining tarbiyasi va taʼlimiga jiddiy eʼtibor bergan. Onasi (ismi nomaʼlum) Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi ekani aytiladi. Navoiyning ota-onasi haqida maʼlumotlar kam, u oʻz asarlarida ham qarindoshlari haqida batafsil maʼlumotlar berib oʻtmagan. Navoiyning Darvesh-ali ismli ukasi boʻlgani haqida maʼlumotlar bor.

XV asrning yetuk adabiyotshunos olimlaridan biri boʻlgan Davlatshoh Samarqandiy «Tazkirot un-shuaro» («Shoirlar tazkirasi»)da Navoiyning otasi haqida “Navoiyning otasi Abdulqosim Boburning ishonchli kishisi Chigʻatoy ulusi ulugʻlaridan edi” deya qisqacha maʼlumot berib oʻtgan. Shu bilan birgalikda u Gʻiyosiddin Muhammadning harbiy boʻlganini ham taʼkidlagan.

Boʻlajak shoirning sheʼriyatdagi birinchi ustozlari togʻasi Mir Sayyid Qobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylar boʻlgan. Navoiy ular haqida “Majolis-un nafois”da, xususan, Qobuliy haqida: “Yaxshi tabʼi bor erdi, turkchada mayli koʻproq erdi…” deya, Gʻaribiy haqida esa: “Xush muxovara (xushsuhbat) va xushxulq va dardmand yigit erdi. Koʻproq sozlarni yaxshi chalar erdi. Uni va usuli xoʻb erdi. Musiqiy ilmidin ham xabardor erdi…”deya qisqacha toʻxtalib oʻtgan.

1447 yilda Shohrux Mirzo vafot etadi. Temuriy shahzodalar oʻrtasida toj-taxt uchun urush ketib, yurtda talotoʻplar boshlanganda Alisher Navoiyning oilasi ham koʻp insonlar qatori yurtni tark etadi. Yoʻlda yosh Alisher buyuk tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyni uchratadi. Tarixchi Alisher bilan tanishadi, uning ilmi va farosatini olqishlaydi, duo qiladi. 1452 yili Shohruxning nabirasi Abulqosim Bobur Hirot taxtiga oʻtiradi. Gʻiyosiddin Muhammad Sabzavor shahriga hokim yetib saylanadi, biroq oradan koʻp oʻtmay vafot etadi. Bu vaqtda esa Alisher endigina 12 yoshga qadam qoʻyadi. Abulqosim Bobur Alisher va uning maktabdosh doʻsti Husayn Boyqaroni oʻz qaramogʻiga oladi. 1457-1463 yillarda Navoiy Mashhad madrasalarida taʼlim oladi.

1463 yilda esa Hirotga qaytadi. Xuroson poytaxtida Sulton Abu Said oʻz tartibini oʻrnatgan, muhim vazifalarga u bilan Movarounnahrdan kelgan kishilar tayinlangan, Alisher Navoiy ga yaqin kishilar quvgʻin qilingan, Husayn Boyqaro bilan birga ketgan togʻalari — Mirsaid va Muhammad Ali urushda halok boʻlgan, yashash uchun biron joy topish muammo edi. Alisher Navoiyning oʻsha kunlardagi ahvoli uning keyinchalik ustozi Sayyid Hasan Ardasherga Samarqanddan yozgan maktubidagi sheʼriy satrlarda nihoyatda taʼsirli va haqqoniy ifodalab berilgan.

Bu vaqtda mamlakatda taniqli shoir boʻlib qolgan Alisher Navoiyni Abu Said taʼqib qilib, Hirotdan chiqarib yuboradi. Shoir Samarqandga ketishga majbur boʻladi. Alisher Navoiy Samarqandda 1465 yildan 1469 yilning bahorigacha yashadi, Fazlulloh Abu Lays madrasasida oʻqib, turli fanlarga oid bilimlarini yanada chuqurlashtirdi.

1500 yillarda shoirning hayot sharoiti qiyinlashadi. Salomatligi yomonlashadi, biroq u ijoddan toʻxtamaydi. 1501 yil 3 yanvarda Navoiy kasallikdan vafot etadi. Butun Hirot xalqi buyuk shoiri uchun 7 kun davomida motam tutadi.

Shoir ijodiyoti

Alisher Navoiy ikki tilda mukammal ijod qilgan. Turkiy tilda “Navoiy”, forsiy tilda esa “Foniy” taxalluslarini qoʻllagan.

Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini 4 faslga boʻlish mumkin: 1. Devonlari. 2. Dostonlari. 3. Forsiy tildagi sheʼriy merosi. 4. Ilmiy-filologik, nasriy va tarixiy asarlari.

Alisher Navoiyning oʻzbek tilida yaratgan sheʼriy merosi asosan «Xazoyin ul-maoniy» devoniga jamlangan. Asar 4 qismdan iborat. Devonning birinchi qismiga «Gʻaroyib us-sigʻar» («Bolalik gʻaroyibotlari»), ikkinchi qismiga «Navodir ush-shabob» («Yigitlik nodirotlari»), uchinchi qismiga «Badoyeʼ ul-vasat» («Oʻrta yosh badialari») va nihoyat, toʻrtinchi qismiga «Favoyid ul-kibar» («Keksalik foydalari») degan nomlar berildi. «Xazoyin ul-maoniy» inson bolasining murakkab va yuksak tafakkuri hamda behisob his-tuygʻulari bilan bogʻliq minglarcha sheʼr va oʻnlarcha sheʼr turlarini oʻz ichiga olgan majmua boʻlib, Sharq adabiyoti tarixida noyob hodisadir. Bu xil majmua Alisher Navoiyga qadar Amir Xisrav Dehlaviy tomonidangina tuzilgan. Ushbu devonga kirgan minglarcha sheʼrlarni Alisher Navoiy butun umri davomida turli sharoitlarda, har xil sabablar bilan yozgan boʻlib, ular shoir hayoti va u yashagan davr bilan sonsiz-sanoqsiz iplar orqali bogʻlangan. Alisher Navoiy «Xazoyin ul-maoniy» ga qadar «Ilk devon», «Badoyeʼ ul-bidoya», «Navodir un-nihoya» devonlarini tuzgan. «Xazoyin ul-maoniy» ana shu 3 devonga kirgan hamda «Navodir ul-nihoya» tuzilgandan keyin yozilgan sheʼrlar asosida yuzaga kelgan.

«Xazoyin ul-maoniy»dagi 4 devonning har birida 650 tadan 2600 gʻazal, umuman 4 devonda 210 qitʼa, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo, 13 tuyuq, 10 muxammas, 10 chiston, 5 musaddas, 4 tarjeʼband, 4 mustazod, 1 musamman, 1 tarkibband, 1 qasida, 1 masnaviy, 1 soqiynoma mavjud boʻlib, Sharq sheʼriyatining 16 turi namoyondir.

1472-1476-yillarda birinchi devoni “Badoyeʼ ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”) devonini shoh amri va istagi bilan oʻzi kitob qiladi. Mazkur devon 777 gʻazal, 85 ruboiy, 52 muammo, 46 qitʼa, 53 fard, 10 tuyuq, 10 lugʻz, 3 mustazod, 5 muxammas, 3 tarjeʼband, 2 musaddasdan tarkib topgan.

Alisher Navoiy butun ijodi davomida turli janr va yoʻnalishlarda salmoqli ijod qilgan. Nasrda ham, nazmda ham yetuk asarlar yaratgan. Nasrda Navoiy asosan ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-taʼlimiy va ilmiy-falsafiy, iqtisodiy yoʻnalishlarda qalam tebratgan.

Ushbu asarlar mutafakkirning yirik asarlaridir. Ular turli yillarda, turli yoʻnalishlarda yozilgan. Navoiyning bu qadar keng qamrovda qalam tebratganidan shuni bilish mumkinki, u nafaqat shoir, balki olim, yaʼni tilshunos, adabiyotshunos, tarixchi va faylasuf sifatida jahon maʼnaviyatiga ulkan hissa qoʻshgan.

Alisher Navoiy fors tilida ham 12 ming misradan ortiq sheʼr, muammo janri haqida «Mufradot» risolasi, «Sittayi zaruriya», «Fusuli arbaa» turkum qissalarini yaratgan, “Devoni Foniy” devonini tuzgan. Bu asarlar shoirning Hoqoniy, Saʼdiy, Abdurahmon Jomiy kabi fors adabiyotining yetuk namoyondalari bilan kechgan ijodiy bahslarida tugʻilgan. Mazmunda, badiiy ifodada Navoiyning asarlari ustozlarinikidan qolishmaydi. Jumladan, Navoiy Abdurahmon Jomiyni oʻzining ustozi, hammaslagi sifatida chuqur hurmat qilgan. Jomiy “Bahoriston” asarida shogirdi Navoiy haqida jumladan shunday deydi: “…turkiy tilda hech kim Navoiydek koʻp va xoʻp sheʼr aytmagan hamda nazm gavharlarini sochmagan edi”.

“Xamsa” haqida qisqacha

Shubhasiz, Navoiy ijodining yuksak choʻqqisi „Xamsa“ asaridir. Uning yaratilishi turkiy xalqlar adabiyotida muhim voqelik boʻlgan. Shoir birinchilardan boʻlib, turkiy tilda toʻliq „Xamsa“ yaratdi va shu bilan turkiy tilda koʻlamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. “Xamsa” yaʼni “Besh doston” asarini yaratish — mumtoz sharq adabiyotining eng mukammal anʼanalaridan biri boʻlgan. Shu sabab ham tarixda “Xamsa” asarini yaratgan shoirlar barmoq bilan sanarli. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining muqaddima qismida bu masalaga maxsus toʻxtalib, “Xamsa” ning har bir dostoni yozilishini kunning maʼlum vaqtlarida oʻqiladigan sahar, peshin, asr, shom va xufton namozlariga oʻxshatadi.

Navoiy yoshligidanoq turkiy tilda besh doston yaratishni maqsad qilgan. Va u boshqa “Hamsa” yaratgan shoirlarga nisbatan juda qisqa muddatda, yaʼni 1483-1485 yillarda yozib tugatgan. Bu davr mobaynida shoir boshqa traktatlarni ham yaratadi.

Navoiyning “Xamsa” asari “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabaiʼ sayyor” va “Saddi Iskandariy” kabi yirik dostonlardan iborat.

52 ming misradan iborat bu beshlik 15-asr islom tafakkurining borliq va tabiat, inson va jamiyat, axloq va kamolot haqidagi oʻziga xos qomusi edi. Shoir voqealarni qadim Sharq tarixining Xusrav, Bahrom, Iskandar kabi nomlari afsonalar bilan chulgʻangan shaxslar, Layli va Majnun kabi oshiqlar hayotidan olgan. Davrning dardli masalalarini, avlodlarning orzu va armonlarini koʻtarib chiqdi. «Xamsa» zamondoshlariga nihoyatda zoʻr taʼsir koʻrsatgan. Uning ustozi Abdurahmon Jomiy uni hayajon bilan olqishladi. Sulton Husayn esa shoirni oʻzining oq otiga mindirib, jilovdorlik qildi.

Davlat va jamoat arbobi

Navoiy 1469-1472-yillarda muhrdor, 1472-1476-yillarda vazir boʻlib ishlaydi. 1487-1488-yillarda Astrobod shahriga hokimlik qiladi.

Alisher Navoiy Husayn Boyqaro saroyida yuksak vakolatli kishilardan boʻlgan. Boyqaro bolalikdagi doʻstini oʻziga bosh vazir etib tayinlaydi. Podshoh Boyqaro doimo Navoiyning maslahatlariga amal qilgan, shu sababli, u boshqargan yillar, nisbatan tinchlikda, shaharsozlik, sanʼat rivoj topgan davrlar boʻlgan. Navoiy vazir boʻlgan yillarida Hirotda obodonlik avj olgan, madaniyat rivojlangan. Shoir oʻzi bosh boʻlib, suvsiz yerlarga suv chiqargan, eski ariqlarni tozalattirgan, yangi kanallar qazdirgan. Eski binolarni taʼmirlatib, yangilarini qurdirgan. Qanchadan-qancha madrasalar, xonahoqlar soldirgan.

Jumladan “Vaqfiya” asarida Navoiy vaqf yerlari, mulklari, miqdori, foydalanish, vaqf mulki va mablagʻi evaziga quriladigan bino va inshootlar, bu yoʻnalishda madrasa va xonaqohlarda oʻrnatilgan tartiblar haqida fikr yuritgan va oʻz mablagʻlari evaziga qurdirgan xayriya muassalari, ilmiy-madaniy binolar va bogʻlarni sanab oʻtgan. Asar Navoiyning davlab arbobi sifatida va Husayn Boyqaro bilan munosabatlarini oʻrganish uchun muhim manba hisoblanadi.

Xondamirning qayd qilishicha, 80-yillar davomida Alisher Navoiy oʻz mablagʻlari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 koʻprik, 20 ga yaqin hovuz qurgan yoki taʼmirlattirgan. Ular orasida Hirotdagi «Ixlosiya», «Nizomiya» madrasalari, «Xalosiya» xonaqohi, «Shifoiya» tibgohi, Qurʼon tilovat qiluvchilarga moʻljallangan «Dorul-huffoz» binosi, Marvdagi «Xusraviya» madrasasi, Mashhaddagi «Dorul-huffoz» xayriya binosi va boshqa noyob meʼmorlik yodgorliklari bor.

«Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi Ilmiy tadqiqot ishlari muhandisi Z.Olimov

 

Load More In МАҚОЛАЛАР