МАҚОЛАЛАР Tavoze sohiblari Qur’oni Karimda ham maqtalgandir! 30 апреля, 2024 0 190 Tavoze sohiblari Qur’oni Karimda ham maqtalgandir! وَعِبَادُ الرَّحْمَٰنِ الَّذِينَ يَمْشُونَ عَلَى الْأَرْضِ هَوْنًا وَإِذَا خَاطَبَهُمُ الْجَاهِلُونَ قَالُوا سَلَامًا (Furqon surasi 63-oyat) Rohmanning bandalari yer yuzida tavozu’ ila yuradigan va johillar xitob qilganida, «salom», dеydiganlardir. Rohmanning suyukli bandasi bo‘lish sharafiga erishgan inson yer yuzida kamtarlik, sodda va muloyimlik bilan yuradi. Unda takabburlik, manmanlik, vahshatu dahshat, turli soxta ko‘rinishlardan asar ham bo‘lmaydi. Shu bilan birga, bo‘shanglik, irodasizlik, bеhuda qisilib-qimtinish, o‘zini pastga urishlik ham bo‘lmaydi. Shu bilan birgalikda agar ularga johillar xitob qilsa ularga johilliklarida teng kelmasdan salomat bo’linglar deyish bilan cheklanishadi. Albatta tavozelik fazilatlarning eng ulug’laridandur. Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadi: “Tavoze’ nimaligini bilasizlarmi? Uydan tashqariga chiqqaningizda, yo‘lda biron musulmon kishini uchratib qolib, uni o‘zingizdan fazilatliroq, deb bilishingiz!» Tavozening ziddi esa o’ziga bino qo’yish, boshqalarni o’zidan past deb bilishdir. Bu dinimizda qoralangan ishlardandir. Abu Ali Juzjoniy aytadi: “Nafs kibr, hirs va hasad bilan qorishgandir. Alloh qaysi bandani halok qilishni xohlasa, undan tavoze’, nasihat va qanoatni olib qo‘yadi. Alloh kimga yaxshilikni iroda qilgan bo‘lsa, o‘sha bandaga lutf ko‘rsatadi: agar uning nafsida kibr olovi alanga olsa, Allohning nusrati bilan unga tavoze’ beriladi. Agar uning nafsida hasad olovi yonsa, Allohning tavfiqi bilan unga nasihat yetkaziladi. Agar banda nafsida hirs otashi alangalansa, Alloh azza va jallaning yordami bilan unga qanoat beriladi” Shunday ekan ikki dunyo fazilatiga erishishni istasak o’zimizdagi kibr-havoni yo’qotishga harakat qilib o’zgalar borasidagi fikrlarimizni yaxshilashimiz lozimdir. Manbalar asosida Bilim yurti mudarrisi Akramxon domla Suyarov tayyorladi.