МАҚОЛАЛАР Ulamolarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatlari 10 июня, 2026 0 91 Hazrat Ganguhiy rahimahulloh «Dorul Ulum» hovlisida dars berar edilar. Bir kuni kuchli yomg‘ir yog‘ib, barcha talabalar pana joyga qochishdi. Hazrat Ganguhiy o‘z shollarini yerga yozib, talabalarning oyoq kiyimlarini unga o‘rab oldilar va boshlariga qo‘yib ichkariga olib kirdilar. Talabalar bundan juda xijolat bo‘lib, bunday ulug‘ zotning bu ishni qilishi munosib emasligini aytishdi. Shunda Hazrat Ganguhiy: “Allohning Kalomi va Rasulining sunnatini o‘rganayotgan kishilarning oyoq kiyimlarini ko‘tarishdan boshqa Rashid Ahmad nima qilsin?”, — deb javob berdilar. Masjiddan chiqishda chap oyoq bilan chiqish sunnatdir. Shu bilan birga oyoq kiyimini avval o‘ng oyoqqa kiyish ham sunnatdir. Hazrat Gangohiy masjiddan chiqayotganlarida chap oyoqlarini chap tuflining ustiga qo‘yar, keyin o‘ng oyoqlariga o‘ng tuflini kiyar edilar. Shu tariqa ikkala sunnatga ham amal qilardilar. U zot salomning noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan shaklda berilishidan norozi bo‘lar edilar. Vafotlaridan oldingi vasiyatlarida oila a’zolariga sunnatdan aslo uzoqlashmaslikni va hatto eng kichik sunnatga xilof ishni ham dushman deb bilishni tavsiya qilganlar. Hazrat Shayxul Hind Mavlono Mahmud Hasan rahimahulloh Shayxul Hind Mavlono Mahmud Hasan rahimahulloh tun namozlarining oxirgi ikki rak’atini o‘tirgan holda o‘qirdilar. Bir shogirdlari o‘tirib namoz o‘qish tik turib o‘qishning yarim savobiga teng ekanini eslatdi. Shayx buni tasdiqladilar, ammo qo‘shimcha qilib: “Bu oxirgi ikki rak’atni o‘tirib o‘qish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida sobit bo‘lgan amaldir”, — dedilar. So‘ng bunday dedilar: “Bizning maqsadimiz qullik qilishdir. Savob va jazoni hisoblash bizning ishimiz emas. Muhabbat ahllari amallarning savobini hisoblab yurmaydilar.” Shayxning uzoq yillar xizmat qilgan sodiq xizmatchilari ham u zotning hayotlarida sunnatga zid bo‘lgan birorta ishni ko‘rsatib bera olmaganlar. Kechasi ham, kunduzi ham, sog‘likda ham, kasallikda ham, uyda ham, safarda ham Shayx sunnatga qattiq rioya qilar va boshqalarni ham unga e’tiborli bo‘lishga undar edilar. Shayxning alohida odatlari shundan iborat ediki, sunnatlarning har birini izlab topishga va ularga mahkam yopishishga harakat qilardilar. Talabalarni koyish u zotning tabiatlarida yo‘q edi. Kimdir meva hadya qilsa, uni avval ko‘zlariga surtib, keyin biror bolaga sovg‘a qilib berar edilar. Shayx Malta orolida qamoqda bo‘lgan vaqtlarida ham Qurbon hayiti uchun echki sotib olishni so‘radilar. Uni qurbon qilayotganda baland ovozda: “Allohu Akbar!” — deb takbir aytdilar. Keyin buni shunday izohladilar: “Inson hatto qamoqdek og‘ir sharoitda ham qo‘lidan kelgan barcha diniy amallarni ado etishi kerak.” Bu ulug‘ zotlarning hayotlari sunnatga muhabbat va unga mukammal ergashishning yorqin namunasi hisoblanadi. Qisqa hikoya Imom Molik rohimahulloh Rosululloh Sollallohu alayhi vasallamning hadislarini nihoyatda ulug‘lar edilar. U zot hadis darsini berishdan oldin tahorat olib, chiroyli kiyimlarini kiyib, xushbo‘y atir surtar, so‘ng katta hurmat bilan hadis rivoyat qilar edilar. Bir kuni hadis darsi vaqtida chayon chaqib oldi. Shunga qaramay, Imom Molik darsni to‘xtatmadilar. Dars tugagach, tanalarida chayon chaqqan joylarning izlari ko‘rindi. Sababi so‘ralganda, Rosululloh Sollallohu alayhi vasallamning hadislarini bayon etayotgan paytda darsni bo‘lishni odobga xilof deb bilganlarini aytdilar. Xulosa Ulamolar Rosululloh Sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlarini sunnatga mahkam amal qilish, hadislarni ulug‘lash va u zotning ko‘rsatmalariga ergashish orqali namoyon etganlar. Biz ham ularga ergashib, sunnatni hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishga harakat qilishimiz lozim. Ta’lim muassasasi 2-kurs 91-guruh talabasi Siddiqov Abdulatif tayyorladi