USTOZLARGA EHTIROM

0
68

Gar USTOZ e’zozdadir,

So’ngra ilm meva berar!

1 oktyabr — O’qituvchilar va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu bayram, avvalo, o’zining bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, insoniy fazilatlarini, ko’z nuri va qalb qo’ri, butun borlig’ini ayamasdan, ma’rifat yo’lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasidir.

Muallim bo’lmasa olamda agar,

Go’zal ham bo’lmasdi hayot bu qadar.

Darhaqiqat, “Ustoz va shogird taraqqiyotning mezonidir, bu rishta hargiz uzilmaydigan , buzulmaydigan oltin zanjirdir”, deb ta’rif beriladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda qariyb bir million ta’lim sohasi xodimlari o‘zining ko‘z nuri va qalb qo‘ri, bilim va iste’dodini bag‘ishlab, 7 milliondan ziyod o‘g‘il-qizlarga ta’lim-tarbiya berayotganini ta’kidlash lozim. Shu ma’noda, mamlakatimizda 1-oktyabr sanasini O‘qituvchilar va murabbiylar kuni – mana shunday go‘zal va mo‘tabar bayram sifatida belgilab, uni dam olish kuni deb e’lon qilinganligi dunyoda kamdan-kam uchraydigan jarayonlardan biridir.

Ilm – bebaho boylik, uni egallash oson ish emas. Ulamolar ilm olishni igna bilan quduq qazishga o‘xshatishgan. Inson shunday bebaho xazinaning sohibi bo‘lishida ustozning o‘rni beqiyos.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam  bir hadisi sharifda o‘zidagi bilim va hunarni boshqalarga o‘rgatuvchi insonlar haqida: «Albatta, Alloh taolo, uning farishtalari, samovot ahli, hattoki, kavakdagi chumoli, dengizdagi baliqqacha barchalari insonlarga yaxshilik o‘rgatuvchi kishi haqiga salovat-duo aytib turadilar”, deb marhamat qilganlar.

Xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘” — degan hikmat bejiz aytilmaydi.

Aslida Ota va Ustoz  farzandning kamolatiga sababchilardir. Bu ikki ulug’ zotlarni taqqoslash mushkul. Qadimdan ajdodlarimiz ustozlarga hurmat va ta’zimda bo’lganlar, chunki ota farzandni yorug’ olamga kelishida sababchi bo’lganidek, ustoz esa shu olamda o’z o’rnini topishi va insonlar ichida izzat-hurmat topishida ta’lim-tarbiya berishda zahmat chekkan zotlardir.

Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning shunday deganlari rivoyat qilinadi: «Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u ustozim, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimgadir nimadir o‘rgatgan bo‘lsam, albatta, o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman».

Shunday ekan o‘quvchi yoshlar, talabalar va barchamiz ustozlarni qadrlab, doimo ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatishimiz lozim. Talabalik odoblariga rioya qilgan shogird haqiqiy ma’noda ustozlarini hurmat qilgan bo‘ladi va olayotgan ilm-u hunari samarali bo‘lib, vujudiga singadi va kelajakda manfaatli bo‘ladi.

Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, e’zoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi o‘qituvchisiga bo‘lgan hurmat abadiy muhrlanadi. Hayot bor ekan, o‘qituvchilik kasbi o‘zining ma’no-mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yo‘qotmaydi.

Mashaqqatli, ammo sharafli kasblarida barcha ustoz-murabbiylarga salomatlik, shogird va farzandlar e’zozi va baxtli hayot nasib etsin. Shijoat va matonat hech qachon ularni tark etmasin. Hamisha shogirdlar ardog‘ida yurishni, bosib o‘tgan hayot yo‘llarining har bir lahzasi asrlarga tatigulik bo‘lishini Yaratgandan tilayman . Baxtimizga sog’ bo’ling, Aziz ustozlar!

 

Nuriddin Xamraqulov,

bilim yurti 3-bosqich 74-guruh talabasi

Load More In МАҚОЛАЛАР