Vaqting ketti –Naqding ketti

0
305

 

Islomda vaqt eng qimmatbaho ne’matlardan biri sifatida e’tirof etiladi, chunki u inson hayotini tartibga soluvchi muhim omildir. Har bir musulmon vaqtdan unumli foydalanib, hayotini mazmunli, foydali va Allohga yaqinlashishga intiluvchi tarzda o‘tkazishi kerak. Alloh Taolo Qur’oni Karimda vaqtdan qanchalik samarali foydalanish zarurligini ta’kidlagan. Masalan, Asr surasida shunday deyiladi:«Asrga qasamki, albatta inson ziyon-zarardadir. Magar iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga haqiqatni va sabr-toqatni tavsiya qilgan zotlar mustasno.» (Asr, 103:1-3)  Bu oyatda Alloh vaqtni qasamyod bilan tilga olib, vaqtning qadriga yetish zarurligini uqtiradi. Vaqtdan to‘g‘ri foydalanish insonni halokatdan saqlaydi.Nabiyimiz  Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham vaqtdan to‘g‘ri foydalanish haqida ko‘p marotaba ta’kidlaganlar. Rasululloh aytadilar: «Besh narsadan avval, besh narsani g‘animat biling: qarib qolishingizdan avval yoshlikni, kasal bo‘lishingizdan avval sog‘lig‘ingizni, kambag‘al bo‘lishingizdan avval boyligingizni, band bo‘lishingizdan avval bo‘sh vaqtingizni va o‘lishingizdan avval hayotingizni.» (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati) Ushbu hadis vaqtdan unumli foydalanish, sog‘lik va boylik kabi ne’matlar qadriga yetishni ta’kidlaydi.

Hasan al-Basriy rohimahullohning bir go‘zal hikoyasida aytiladi: Bir kuni u kishidan, «Vaqtni qanday to‘g‘ri o‘tkazishni o‘rgatib bering», deb so‘rashgan. Hasan al-Basriy shunday degan ekanlar: «Inson vaqt — nafaslar sanog‘idir. Har bir nafas o‘tganda, bir qisming ketgan bo‘ladi. Shuning uchun vaqtni Alloh yo‘lida foydali ishlarga sarflashdan o‘zingizni to‘xtatmang.» Bu hikoya bizga vaqtning o‘tkinchiligi va uni behuda sarflamaslik kerakligini eslatadi.

Xulosa shuki, dinimiz  vaqtdan to‘g‘ri foydalanishga katta ahamiyat beradi va har bir musulmonni vaqtni yaxshi ishlatishga undaydi. Shu sababli har birimiz vaqtdan unumli foydalanib, Allohga yaqinlashish yo‘lida harakat qilishimiz zarur.

Manbalar asosida bilim yurti mudarrisi

Muslimjon Yo’lchiboev tayyorladi

Load More In MAQOLALAR