VATAN HIMOYASI – BARCHAMIZ UCHUN SHARAFDIR!

0
17

Ona Vatanimiz Yaratgan tomonidan bizlarga in’om etilgan ilohiy ne’matdir. Vatan insonning kindik qoni to‘kilgan xonadon tuprog‘idan boshlanadi. Shu bois inson ilk bor nafas olib, ulg‘ayib voyaga yetgan ona zaminga mehr-muhabbat va sadoqatda bo‘lishi, uning har bir hovuch muqaddas tuprog‘ini ko‘zlariga to‘tiyodek surtishi, unga nisbatan bir umr farzandlik hissi bilan yashashi uning uchun ham farz, ham qarzdir. Uni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash, himoya qilish nafaqat Vatan himoyachilarining, balki shu o‘lkada istiqomat qilayotgan har bir insonning burchidir. Inson bu dunyoga kelar ekan, o‘ziga berilgan ne’matlarning qadriga yetib, shukr qilib yashashi kerak. Jonajon diyorimizni ham asrab-avaylash bizga ajdodlarimizdan qolgan muqaddas va sharafli vazifadir. Tarixga nazar solsak, bobolarimiz ham Vatan uchun o‘z jonlarini fido qilganlar, uning hurligi, tinchligi yo‘lida kurashganlar. Jaloliddin Manguberdi, Temur Maliklar ona yurtini mo‘g‘ul bosqinchilaridan himoya qilish uchun o‘z hayotini qurbon qilgan bo‘lsalar, Sohibqiron Amir Temur Vatanning farovonligi, obodligi, tinchligi yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Abdulla Avloniy, Munavvarqori singari bobolarimiz millatning ertasi, Vatanning ozodligi, tarqqiyoti yo‘lida shahid bo‘lganlar. Biz ona yurtimizni himoya qilishni, uni asrashni shu insonlarning faoliyatlaridan o‘rganishimiz lozim. Bu ulug‘ zotlarning ibratli hayoti bugungi kun yoshlari uchun o‘rnakdir.

Darhaqiqat, azizlar. Mamlakatimizda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni milliy bayram sifatida nishonlanadi. Bugungi tinch, osoyishta hayotimizni asrab-avaylashda qurolli kuchlarimizning o‘rni beqiyosdir. Ana shunday mas’uliyatli burchni sidqidildan ado etayotgan hamyurtlarimiz sha’niga har qancha tasannolar aytsak arziydi.

Salmoni Forsiy roziyallohu anhu Shurahbil ibn Samitning yonidan o‘tdilar. U Fors yeridagi qal’ani qo‘riqlab turgan edi. Shunda «Sizga Payg‘ambardan (sollallohu alayhi vasallam) eshitgan hodisamni aytib beraymi? Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilish kishining bir oylik (nafl) ro‘zasidan va kechasidagi qiyomidan yaxshidir. Kim posbonlikda o‘lsa, qabr fitnasidan mudofaa qilinadi, uning har bir amali qiyomatgacha yaxshi amal qilgani kabi o‘sib boradi”, – deganlar, dedilar.

Vatanni qo‘riqlash va uning ostonasini g‘animlardan himoya qilish bu – insonning o‘z uyi, oilasi, qarindosh-urug‘i hamda dinini himoya qilishidir. Vatan tinch bo‘lsa, kelajak avlod osoyishta yashaydi, yurt obod bo‘ladi, o‘zi va oilasi baxtli-saodatli hayot kechiradi va toat-ibodatlari o‘z vaqtida ado etiladi.

Tinchlikni mustahkamlash yo‘lida har bir kishi o‘z burchini sidqidildan, ixlos va e’tiqod ila bajarmog‘i lozim. Ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodga vatanparvarlik ruhida tarbiya berish bilan, vatanga tosh otuvchilar va ig‘vogarlarga qarshi kurash, ogohlik va  hushyorlikni oshirishga da’vat qilish yo‘llari bilan inson o‘z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi zarur! Bu ham iymoniy burchga, musulmon kishining mas’uliyatiga kiradi.

 

Nuriddin Xamraqulov,

Andijon “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta

maxsus islom bilim yurti 3-bosqich talabasi

  • ISLOM – ILM DINI

    Islom – ilm dini. Uning barcha ahkomlari ulkan ilm-u hikmatni o’zida mujassam etadi. Qur’o…
  • ВАТАН ҲИМОЯСИ – БАРЧАМИЗ УЧУН ШАРАФДИР!

    Она Ватанимиз Яратган томонидан бизларга инъом этилган илоҳий неъматдир. Ватан инсоннинг к…
  • RIYOZAT NIMA?

    “Riyozat” so‘zi arabchadan olingan bo‘lib, “qiynalish, zaxmat chekish” ma’nolarini anglata…
Load More In МАҚОЛАЛАР