XX ASR MUHADDISI ANVARSHOH KASHMIRIYNING HAYOTI VA ILMIY FAOLIYATI

0
688

Muhammad Anvarshoh Kashmiriy 1875-yil 26-noyabrda Hindistonning Kashmir viloyatida tugʻilgan. Toʻliq ismi Muhammad Anvar ibn Muazzam shoh ibn Shoh Abdulkabir ibn Shoh Abdulxoliq ibn Shoh Muhammad Akbar ibn Shoh Muhammad Orif ibn Shoh Haydar ibn Shoh Haydar ibn Shoh Ali ibn Shoh Shayx Abdulloh ibn Shayx Masʼud Bazuriy Kashmiriydir

U olimlar tomonidan “shayxul mashoyix” sifatida eʼtirof etiladi. Uning ajdodlari Iroqning Bagʻdod shahridan boʻlib, katta bobosi Shayx Masʼud Bazuriy Hindistondagi Moʻlton hududiga koʻchib kelgan.

Anvarshoh Kashmiriyning ajdodlari din ulamolari sanalgani sababli, u dastlabki diniy ilmni otasi hamda mahalliy olimlardan olgan. Bir nechta kitoblarni oʻrganib tugatgach, 1890-yili ilm olish maqsadida Kashmir hududidagi “Hazora” bilim yurtida taʼlimni davom ettiradi. Keyinchalik “Devband” jomeasida tahsil olib, u yerdagi taʼlimni 1895-yilda tamomladi.

Taʼlimni tamomlagach bir muddat Dehlida yashab, u yerda ilm tarqatdilar. Anvarshoh Kashmiriy dars bergan “Amiyniya” madrasasi hozirda ham ilm ahli orasida juda mashhurdir.

Bir necha yildan soʻng ona Vatani Kashmirga qaytib, bu yerda katta ilmiy dargohga, yaʼni “al-Fayzul om”ga asos soldi.

1906-yili haj uchun yoʻlga chiqib, bir necha oy davomida Makkada qoladi. Shundan soʻng, Madina shahriga safar qilib, u yerda ham bir muddat qoladi. Madinada turgan vaqtda “ar-Risolatul hamidiya” va “al-Husunul hamidiyya” asarlarining muallifi shayx Husayn Jassir Taroblusiy bilan uchrashib, undan hadis ilmini oʻrganadi hamda “ijoza” oladi. Shuningdek, boshqa ulamolar bilan ham uchrashib, muhim masalalar borasida ilmiy suhbat, munozaralar qildi.

Anvarshoh Kashmiriy Madinada mavjud boʻlgan kutubxonalardan foydalanishga ham ahamiyat qaratgan. Xususan, asosiy vaqtini “Shayxul islom Orif Hikmat Husayniy” va “Mahmudiya” kutubxonalaridagi tafsir va hadisga doir nodir kitoblarni mutolaa qilishga sarflagan.

Hijozga kilingan safardan Anvarshoh tafsir va hadisga oid ilmlarini kamolotga yetkazgan holda qaytadi. Olimning Devbanddagi ustozlari uni hadisdan mudarris sifatida tayinlashadi. U yerda “Sunani Termiziy”, ”Sahihi Buxoriy” toʻplamlaridan dars berdi. Shu bilan birga, 13 yil davomida ushbu ilm dargohida “shayxul hadis”, yaʼni rahbar vazifasini ham bajargan. Koʻp oʻtmay bu zot Devbandda ham, Hind oʻlkasida ham hadis ilmining eng katta ustoziga aylandi.

Mazkur taʼlim dargohidan istefoga chiqqach, Hindistonning oʻsha vaqtdagi poytaxti Bombey shahridan 381 kilometr uzoqlikdagi “Surat” bilim yurtida talabalarga taʼlim berish va kitob yozish ishlari bilan mashgʻul boʻldi.

Shogirdlarga taʼlim berish bilan birga, oʻz bilimlarini yanada boyitib borgan olim mazhab qavllarini naql qilish, ularning dalillarini keltirish, sunnat devonlari, hadis sharhlari va oldin oʻtgan ulamolarning asarlarini mukammal egallagani sababli zamonasining eng ilgʻor olimiga aylandi.

Anvarshoh Kashmiriy hadis va fiqhni bir-biriga moslashga, muvofiqlashtirishga ahamiyat berib, butun ilmiy faoliyatini hanafiy mazhabi himoyasi, uning ustunligini dalillashga qaratdi. Bu haqda toʻxtalgan Abdulhay Laknaviy uning darslari koʻpchilikka manfaat yetkazgani, olimning qoʻl ostida koʻplab fozil insonlar yetishib chiqib hadisdan dars berish va ilmni yoyish bilan shugʻullanganini qayd etadi.

Abdurahmon Kundu, muhaddis Anvarshoh Kashmiriyning hijriy 1932-yili safar oyida vafot etgani, janozasida juda koʻp ilm ahllari va talabalar qatnashganinini qayd qilgan.

Allomaning 3 nafar farzandlari: Muhammad Azharshoh, Muhammad Akbarshoh, Muhammad Anzarshoh islom ilmlarida yetuk shaxslar hisoblanishadi.

Zamondosh olimlar va shogirdlar tomonidan allomaning fazilatlari haqida koʻplab qaydlar mavjud. Jumladan, Muhammad Badr Olim Mirtohiy “Hoshiyatus Soriy ila Fayzil Boriy” asari muqaddimasida Anvarshoh Kashmiriyning “Men 137000 kitob oʻqidim. Farazan, agar Devband kutubxonasini kimdir yoqib, kul qilib yuborsa ham zarracha parvo qilmayman. Chunki u yerdagi kitoblarning hammasini yodlab olganman”, deganini qayd qilgan.

Anvarshoh Kashmiriyning xotirasi ham juda kuchli boʻlgan. Bu haqda olimning hajga borganda bir kishida “Nurul izoh” kitobiga yozilgan “Maroqul faloh” hoshiyasining muallif dastxati bilan yozilgan nodir nusxani koʻrib, egasidan “Shu kitobni menga bir yilga bersangiz. Keyingi yil Hajgacha men bu kitobni Devbandda bostirib sizga qaytaraman”, deb soʻragani, kitob egasi koʻnmagach, bir kechaga foydalanishga ruxsat soʻragani hamda 500 sahifalik ushbu kitobni oʻqib, yodlab olgani ham manbalarda zikr qilingan.

Bilim yurti Kadrlar bo’yicha inspektor

Olimov Zuhrobiddin

Bilim yurti matbuot xizmati.

Load More In МАҚОЛАЛАР