Yaxshi xulq — mo‘minning eng katta boyligi

0
84

#YaxshiXulq
#Muloyimlik
Yaxshi xulq — mo‘minning eng katta boyligi
Islom insonni avvalo uning xulqi bilan ulug‘laydi. Ibadat — banda bilan Alloh orasidagi aloqani mustahkamlasa, yaxshi xulq — banda bilan banda orasidagi ko‘prikdir. Payg‘ambarimiz ﷺ esa shu ikki ko‘prikni birlashtirgan eng go‘zal namuna.

Rasululloh ﷺ aytganlar:
“Mo‘minning tarozisida yaxshi xulqdan og‘irroq hech narsa bo‘lmaydi.”
Bu — qiyomat kunida eng yuksak mukofotlar ham xulq bilan bog‘liq bo‘lishini bildiradi. Mo‘minning ibodatdan tashqari eng katta kapitali — uning odobi.

Yana bir hadislarda aytiladi:
“Muloyimlik qaysi narsaga qo‘shilsa go‘zal qiladi…”
Demak, insonning so‘zi, muomalasi, oilaviy hayoti, hatto hatosi ham muloyimlik bilan yumshaydi, chiroy topadi. Qattiqqo‘llik esa odamlarni uzoq qiladi, qalblarni sindiradi.

Bugungi jamiyatda odamlarning eng ko‘p muhtoj bo‘lib turgan jihati ham aynan shu — yaxshi xulq, yumshoqlik, odamgarchilik. Dunyo bilim bilan rivojlanar, lekin jamiyat odob bilan tiklanadi.

Shu sababli ulug‘larimiz:
“Yaxshi xulq — kishining haqiqiy nasl-nasabi,” deganlar.

Mo‘minning har kuni oldidagi vazifa shunchaki ibodat emas, balki:
— odamlarga yaxshilik bilan muomala qilish,
— so‘zni muloyim aytish,
— qalbni og‘ritmaslik,
— ko‘ngilni ko‘tarishdir.

Chunki xulq — imonning mevasidir. Meva bo‘lmasa, daraxtning go‘zalligi bilinmaydi.

Alloh barchamizga qalb yumshoqligi, odob, sabr va muloyimlik fazilatlarini ato etsin.
Bilim yurti mudarrisi Abdullayev Abdulhamid

Load More In МАҚОЛАЛАР