Uncategorized Sunani Dorimiy 3 октября, 2024 0 278 Imom Dorimiyning eng mashhur kitobi “Sunani Dorimiy” bo‘lib, uni Dorimiy asarlarining durdonasi, javohiri deb atashadi. Abu Fazl Muhammad ibn Tohir Maqdisiy (1056-1114) “Atroful kutubis sitta” kitobida Imom ibn Mojaning “Sunan”idagi hadislar besh “Sahih”dagilardan 1339 taga ziyodaligini hisobga olib, uni oltinchi o‘ringa qo‘ygan. Keyingi ba’zi ulamolar ham shunga qo‘shilgan. Lekin Shayx Salohiddin A’loiy aytadi: “Imom Dorimiyning “Musnad”ini Ibn Mojaning “Sunani” o‘rniga qo‘yilsa, eng ma’qul ish bo‘lur edi”. Shayx Abulhaq Dehlaviy (1551-1642) shu fikrni hujjat bilan isbotlab: “Ba’zi ulamolar fikr yuritib, Imom Dorimiyning “Sunani” oltinchi sahih kitob bo‘lishi afzalroqdir, negaki, bundagi rivoyatlar isnodida zaif kishilar ozligi, inkor qilingan so‘zlar kamyobligi, isnodlarning yuqoriligi va hatto sulosiy (sanadi uch roviyli) hadislari Imom Buxoriyning “Sahihi”dagilardan ko‘proq ekanini aytadi”, deb ta’kidlaydi. Imom Dorimiyning to‘plami musulmon kishining shaxsiy va ijtimoiy hayotida uchraydigan ko‘plab masalalarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli asardir. Kitob fiqhiy boblarga bo‘lib yozilganini, turli daraja-maqomdagi (marfu’, mavquf, maqtu’) hadislarni jamlaganini e’tiborga olib, ulamolar uni “Sunan” deb atashga xayrixoh bo‘lgan. Shunday esada, asarga berilgan barcha nomlar uning mazmunmohiyatidan kelib chiqqani bois ularning har biri haqli ravishda o‘rinli va to‘g‘ri ekanini ta’kid lash kerak. Imom Dorimiyning “Sunan”ida Qur’oni karimning 51 surasidagi ba’zi oyatlar hadislar orqali sharhlangani allomaning yetuk mufassir ham bo‘lganidan dalolat beradi. Bu “Sunan” boblarga nom berish, bahs-munozarali hadislarga izoh yozish va fikr bildirish usuli, shuningdek, boshqa sahih to‘plamlarda uchramay digan hadislar rivoyat qilingani, roviylar silsilasining qisqaligi bilan alohida ajralib turadi. E’tiborga molik yana bir jihati shuki, unda o‘n beshga yaqin sulosiy (sanadi uch roviyli) hadis mavjuddir. “Sunani Dorimiy” ikki jilddan iborat bo‘lib, birinchisida arablarning islomdan avvalgi ba’zi odatlari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlari, hadislarning yozilish davri va ilm fazilati haqida so‘z yuritilgan muqaddima, keyin ibodat, tahorat, namoz, zakot kitoblari keltirilgan. Ikkinchi jildi ro‘za, ibodat, qurbonlik, ov, yeguliklar, ichimliklar, tushlar, nikoh, taloq, jazolar, va’dalar va qasamlar, savdo, izn so‘rash, nozik masalalar, meros huquqi, vasiyatlar, Qur’on fazilatlari kabi kitoblarga bo‘lingan. Asar 3465 hadisni o‘z ichiga olgan bo‘lib, jami 23 kitob, 1403 bobdan iborat. «Sayyid Muhyiddin maxdum» o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi O‘quv ishlari bo‘yicha mudir o’rinbosari Q.Isroilov